Shavkat Mirziyoyev: Maktablarda o‘qitish metodikasi mutlaqo eskirgan
Maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha yil boshida belgilangan topshiriqlar ijrosi, yil yakuniga qadar ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan Prezident ishtirokidagi yig‘ilish boshlandi.
Yig‘ilishda respublika bo‘yicha 1 ming 526 ta maktab bolalar tarbiyasi, davomat, ma’naviy muhit bo‘yicha “qizil” toifaga kiritilganligi ta’kidlandi.
Ayniqsa, Toshkent shahridagi 69 ta maktab, Surxondaryoda 169 ta va Qoraqalpog‘istonda 128 ta, Sirdaryoda 54 ta, Farg‘onada 162 ta, Toshkent viloyatidagi 147 ta maktablarda muhit qoniqarsiz deb topilgan.
“Bu tuman va shahar hokimlari maktab masalalari ichiga umuman kirmaganligidan dalolat. Yanvarda o‘tgan selektordan keyin ham ular o‘ziga xulosa qilmagan.
Ushbu viloyat, tuman va shahar hokimlarini oxirgi marta ogohlantiraman. Agar uch oyda o‘zgarish bo‘lmasa, jiddiy chora ko‘riladi.
Bugungi kunda maktabning eng katta muammosi – o‘qitish metodikasining mutlaqo eskirganligi. Afsuski, maktab ta’limi eski qolipdan chiqa olmayapti”, dedi davlatimiz rahbari.