Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi yangi ochilgan zargarlik korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Yaqinda poytaxtimizning Chilonzor tumanida ishga tushirilgan “Gold Moon Tashkent” mas’uliyati cheklangan jamiyat ana shu imkoniyatlar natijalaridan biri.

Davlatimiz rahbari bugun ushbu korxona faoliyati bilan tanishdi.

Qiymati qariyb 21 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha doirasida yiliga 6 tonna zargarlik buyumlari ishlab chiqarish quvvati tashkil etilgan. Italiya, Germaniya va Turkiyadan zamonaviy asbob-uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Ishga 400 dan ortiq mohir zargar jalb qilingan. Italiyalik dizayner va texnik xodimlar ularga o‘z mahorat va tajribalarini o‘rgatmoqda.

Sobiq «FONON» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi negizida ochilgan ushbu shirkat mahsulotlari zamonaviyligi, sifati va nafisligi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda ularning xaridori ko‘payib, import o‘rnini bosmoqda. Shuningdek, zavod binosida savdo do‘koni tashkil etilgan. Mahsulotlarning 15 foizini Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va boshqa davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

- Zargarlik xalqimizda azaldan bo‘lgan, bugun ham bor, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Bizning maqsadimiz - yoshlarni zamonaviy texnologiyalar va dizaynga o‘rgatib, kamida 10 ming nafar yigit-qizni ish bilan ta’minlash, O‘zbekiston milliy brendini jahon bozoriga chiqarish. Yurtimizda xomashyo, qo‘li gul hunarmandlar bor. Bu soha milliy an’analarni tiklash, o‘zligimizni anglash nuqtai nazaridan ham katta poydevor.

Korxona xomashyoni mamlakatimizning tog‘-kon sanoati kombinatlaridan birja savdolari orqali oladi. Bu mahalliy hunarmandlar uchun ham qulaylik yaratadi. Zavod ularga yarim tayyor mahsulotlar yetkazib beradi.

Ta’kidlash lozimki, zargarlik mahsulotlari butun dunyoda xaridorgir. Ushbu tarmoqda jahon bo‘ylab ishlab chiqarish hajmi yiliga 5-6 foizga o‘sayotgani, tovar aylanmasi 250 milliard dollardan oshayotgani bu sohada ulkan bozor borligini ko‘rsatadi.