Shaxmat JCh-2023: Bosh hakam "otlar raqsi" uchun berilgan ochkoni bekor qildi
Samarqandda o‘tkazilayotgan jahon chempionatida rossiyalik ikki shaxmatchi Yan Nepomnyashiy va Daniil Dubov o‘zaro kelishgan holda durang qayd etdi.
Blits bahslarining 11-turida rossiyalik ikki sportchi — Daniil Dubov va Yan Nepomnyashchiy o‘zaro to‘qnash kelishdi.
Tomonlar 13-yurishda durangga kelishdi (shaxmatda, agar tomonlar vaziyatni teng deya hisoblashsa, o‘zaro kelishgan holda durang qayd etilishi mumkin).
Ammo hakamlar vaziyatni tahlil qilishdi. Musobaqa bosh hakami Ivan Siroviy esa har ikki sportchiga mag‘lubiyat yozish haqida qaror chiqardi (durang uchun ularga berilgan 0,5 ochko bekor qilindi).
Shundan so‘ng shaxmatchilar appellyasiya berishdi. Appellyasiya komissiyasining uchala a’zosi ham bosh hakamning qarorini o‘z kuchida qoldirish haqida qaror chiqardi.
Shaxmatchilar faqat ikkita ot bilan bir xil o‘ynashgan. Otlar maydonga chiqarildi va taxta bo‘ylab aylantirib, yana o‘z o‘rniga joylab qo‘yildi. 13-yurishdan keyin durangga kelishishdi.
Shaxmat qoidalarining 1-modda 11-qoidasida "Sportchilar shaxmat o‘yinining reputatsiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan hech qanday xatti-harakatlarni qilishi kerak emas", deb yozib qo‘yilgan.
Daniil Dubov o‘zining bu ishini musobaqa tashkilotchilari va hakamlariga norozilik ramzi ekani bilan izohlagan.