Shayx Sulaymonning Turkiyadagi Buxoro O‘zbek takyasining nufuzi oshishida o‘rni qanday bo‘lgan?

Shayx Sulaymon Afandi hayoti va faoliyatining muhim qismi usmoniylar saltanatida 1839-1876 yillarda amalga oshirilgan, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy adabiyotlarda tanzimat deb ataluvchi modernistik islohotlar davriga to‘g‘ri keladi.
Bu davrda usmoniylarning birinchi konstitutsiyasi qabul qilingan. Tanzimat davrida avvalgi islohotlardan farqli o‘laroq, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar birinchi o‘ringa chiqqan. Chunki ko‘pgina ichki va tashqi sabablar tufayli turk jamiyati inqiroz sari borayotgan, davlatning ayrim tuzilmalarida tanazzul boshlangan edi. Islohotdan maqsad markaziy hokimiyatni mustahkamlash orqali ko‘p asrlik usmoniylar saltanatini muqarrar parokandalik va parchalanishdan saqlab qolishdan iborat edi. Chunki davlat boshqaruvini isloh qilishga qaratilgan barcha avvalgi urinishlar turk jamiyatining taraqqiyotiga yetarlicha yordam bermadi. Qolaversa, bir necha omadsiz urushlar tufayli usmoniylar o‘z qo‘l ostidagi bir qancha hududlardan mahrum bo‘ldilar. Iqtisodiy hayot izdan chiqa boshlagandi.
1839 yilning oxirida Sulton Abdulmajid tarixda Gulxona xatt-i-sharifi (“muqaddas farmon”) deb ataluvchi farmonni e’lon qiladi. 1856 yilning fevralida tashqi kuchlar ta’siri ostida ushbu farmon qoidalarini to‘ldiruvchi yana bir muhim hujjat – xatt-i humoyun e’lon qilindi. Ushbu hujjatlar xalqaro miqyosda usmoniylarning mavqeini pasaytirgan bo‘lsa-da, tanzimat davrida qabul qilingan qonunlar davlat boshqaruvini takomillashtirishga yordam berdi. Dastlabki temir yo‘llarga asos solindi.
Birinchi banknotalar chiqarildi, Moliya vazirligi, banklar, xayriya tashkilotlari, paychilik jamiyatlari, fond birjasi ta’sis etildi, telegraf tarmoqlari barpo etildi. Tanzimat davrida boshqa sohalarda ham bir qancha muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Birinchi universitetlar, Fanlar akademiyasi, pedagogika maktablari va boshqa turdagi har xil ta’lim muassasalari faoliyat boshladi. Jurnalistika kodeksi (Matbuat Nizamnamesi, 1864) va noshirlik faoliyati to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Bularning hammasi o‘rta asrchilik an’analari juda barqaror bo‘lgan yurtning vakili bo‘lmish Shayx Sulaymon Afandining ko‘z o‘ngida yuz berardi. Albatta, bu jarayonlarning qanday natija berganligidan qat’i nazar, ular Shayx Sulaymon Afandida katta taassurot uyg‘otmasdan qolmas edi. Chunki amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar Yevropaning asosiy mamlakatlari uchun bosib o‘tilgan bosqich bo‘lsa-da, Turkiya uchun ko‘p jihatdan butunlay yangilik, Markaziy Osiyodagi vaziyatni oladigan bo‘lsak, aqlbovar qilmas hodisa edi. Ushbu islohotlar Shayx Sulaymon Afandining qaynoq va samarali ijtimoiy-siyosiy, badiiy-ijodiy, diplomatik, ilmiy-noshirlik faoliyati uchun imkoniyatlar ochib berdi, turk jamiyati hayotida to‘laqonli ishtirok etishga huquqiy asoslar yaratdi.
Turkiyaning ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotida Buxoro O‘zbek takyasining nufuzli o‘ringa ega bo‘lishi ushbu dargohning mashhur shayxi Sulaymon Afandi al-Buxoriyning (1821-1890) shaxsi va uning zimmasidagi rasmiy vazifalar bilan ham chambarchas va uzviy bog‘liqdir. Aslida anchadan beri siyosiy va diplomatik faoliyat ichida bo‘lgan shayxga va uning takyasiga usmoniylar hukumati tomonidan alohida munosabat va ehtirom ko‘rsatilayotgandi. Shayx Sulaymon Afandi tomonidan Sulton Abdulaziz davridan beri islomparvarlik va turkparvarlik siyosat doirasida maxsus missiyalar amalga oshirilgan, u elchilik vazifasini bajargan, rasmiy vazifalarga tayinlangan.
Shayx Sulaymon Afandi Bobi Oliy tomonidan Usmoniylar elchisi sifatida 1868 yilda (ba’zi manbalarda 1869 yilda) Hindiston, O‘rta Osiyo, Afg‘oniston va Buxoroga yuboriladi. Shayx Sulaymon Afandining 1872 yilgacha davom etgan safaridan maqsad musulmonlarga Usmoniylarning kuchini eslatish, kutilayotgan rus va xitoy tahdididan ogoh etishdan iborat bo‘lgan. U o‘z ko‘rgan-kechirganlari asosida Buxoro elchisi Abdulxay Afandi bilan birga bir axborotnoma tayyorlagan. Sulaymon Afandi 1872 yil oktyabr oyida Buxoroda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan beshta islohot loyihasini ishlab chiqqan.
Ushbu qo‘shimcha hisobot shayxning fan va texnikaning ahamiyatini, ta’lim sohasida islohotlar o‘tkazish zarurligini tushunib etganligini ko‘rsatadi. Afsuski, ishlab chiqilgan ikki hujjatning ijrosiga amir Muzaffarxon tomonidan izn berilgan yoki berilmagani haqida aniq ma’lumotga ega emasmiz.
Shayx Sulaymon Afandining Buxoroga kelishdan maqsadi yuzaga kelgan tarixiy vaziyatda turk hukumatining nuqtai nazarini amirga shaxsan yetkazishdan iborat bo‘lganligi aniq. Chunki rus bosqini arafasida Buxoro amiri “turk hukumatidan harbiy yordam so‘ragan, qurol-aslaha tayyorlash bo‘yicha harbiy maslahatchilar va mutaxassislarni yuborishni taklif qilgan edi, ammo turk hukumati Rossiyadan xavfsirab, bu iltimosni rad qiladi”. Hatto Muzaffarxon turk fuqaroligini olish bo‘yicha taklif yuborgan edi. 1871 yil 8 fevral sanasi bilan usmoniylar bosh vaziriga yuborilgan memorandumda amirlikni Turkiya tasarrufiga olish so‘ralgan va unda yozilishicha: “Buxoro mamlakati va rai’yati hamma narsada usmoniylar saltanatiga bo‘ysunadi, uning istaklarini va barcha buyruqlarini so‘zsiz va darhol bajaradi. Mamlakatimiz hukumati usmoniylar panohi ostida bo‘lib, usmoniylar saltanatining maslahatlari va buyruqlari so‘zsiz bajarilishini ta’minlaydi”.
Afsuski, ushbu maktub kechikib yozilgandi, chunki salkam uch yil avval Buxoro amirligi chor Rossiyasining vassaliga aylanib, mustaqillikdan ayrilib bo‘lgan edi. Xullas, Amir Haydarning 1820 yildagi xuddi shu mazmundagi iltimosi masofa olisligi va ruslardan xavfsirash oqibatida qanoatlantirilmagani kabi uning bu harakati ham turklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Chunki bu davrda turk jamiyatidagi ahvol ham yaxshi emas edi, usmoniylarga nisbatan tashqi va ichki tazyiqlar haddan tashqari kuchayib borayotgan bir payt edi.
Aslini olganda Buxoro amiri nafaqat til yaqinligi uchun, balki usmoniylar saltanatining diniy maqomi tufayli ham shunday maktub yozishga haqli edi. Chunki turk sultoni usmoniylar saltanatiga kirmagan olis musulmon o‘lkalarida ham (hozirgi Indoneziya, Malayziya, Singapur, Qashg‘ar, Xitoydagi Panteya qirolligi) barcha musulmonlarning xalifasi hisoblanardi. Buning sababi esa musulmonlarning uch muqaddas shahri – Makka, Madina va Quddusning usmoniylar davlati tarkibida ekanligi, bu shaharlarning usmoniylar qo‘l ostida rivojlanayotganligi bilan bog‘liqdir. Qolaversa, hatto Qashg‘ar xonligida turk sultonlari Qashg‘ar davlatining boshlig‘i deb e’lon qilingan va uning nomi bilan tanga zarb etilgan. Buxorodagi Jome’ masjidlarida har haftadagi juma namozlarida turk sultonlarining nomi xalifa va musulmonlar rahnamosi sifatida xutbaga qo‘shib o‘qilgan. Ushbu holatlar va 1876 yilda qabul qilingan usmoniylar saltanati Konstitutsiyasining 4-moddasida turk sultonining xalifa hisoblanishi sababli musulmon dinining panohi, barcha usmoniylarning yetakchisi va podshohi ekanligi yozib qo‘yilganligi barcha musulmonlarni himoya qilishga turk hukmdorlariga ma’naviy huquq bergan.
Afsuski, ana shunday vaziyatda Shayx Sulaymon Afandining o‘z vataniga – Buxoroga kelishi sovet davrida taniqli o‘zbek tarixchisi tomonidan “ruslarga qarshi qo‘poruvchilik faoliyatini amalga oshirish” uchun sulton topshirig‘i bilan amalga oshirilgan ayg‘oqchilik safari sifatida talqin etilgan, Istanbuldagi Buxoro O‘zbeklar takyasi esa “ayg‘oqchi yollash makoni” deb baholangandi. Aslida esa insof bilan aytganda, qanday shaklda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z davlati, millati manfaatlari uchun xizmat qilish hech qachon qo‘poruvchilik faoliyati sifatida baholanmasligi kerak.
Safar yakunida o‘z vatani mustaqillikdan ayrilib, vassal tuzilmaga aylanib qolganiga shaxsan guvoh bo‘lgan Shayx Sulaymon Afandining butun iqtidorini, tajribasini Turkiya manfaatlari yo‘lida, turkparastlik, islomparastlik yo‘lida safarbar qilishdan o‘zga yo‘li yo‘q edi va boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas edi. Ammo u amir-u xonlari maishatdan ortmagan, bir-birining yeriga ko‘z olaytirishdan tiyilmagan, mulla-yu muftilari bunday noshar’iy ishlarga shar’iy hukmlar topib berishda peshqadam bo‘lgan yurtning yaqin kelajagidan umidvorlikni uzmagan edi.
Turkiya tarixi sahifalarida Shayx Sulaymon Afandining nomi Buxoro O‘zbeklar takyasining shayxi, usmoniylar saltanatining elchisi va diplomati deb atalishdan tashqari, u favqulodda darvesh deb ham tilga olinadi. Shayx Sulaymon Afandining Instanbuldagi Buyuk Britaniya elchixonasi mulozimlari bilan muayyan aloqalari bu fikrning tug‘ilishiga sabab bo‘lgan. Gap shundaki, ushbu iddaoni ilgari suruvchilar Shayx Sulaymon Afandi Buxoro O‘zbeklar takyasiga kelgan vatandoshlardan o‘zi olgan ma’lumotlarni va diplomatik safarlarda tug‘ilgan taassurotlarni, usmoniylarning O‘rta Osiyodagi faoliyatlari haqidagi xabarlarni inglizlarga yetkazib turganligi haqida arxiv hujjatlarida ma’lumotlar borligini ta’kidlaydilar.
Xullas, Shayx Sulaymon Afandi o‘zini “rasmiy va diniy musulmon doiralarda katta hurmatga sazovor”, “o‘ta epchil, ziyrak va juda bilimdon”, “buyuk olim”, millatparvar, dinparvar inson, ilm-ma’rifat homiysi, turk jamiyatining, ijtimoiy-siyosiy hayotining faol siymosi sifatida namoyon qila olgan.
Sa’dulla G‘aybullayev