Sherni jilovlagan qariya
... Keksa zohiddan so‘rashdi:
- Yolg‘izlikdan charchab ketmaysizmi?
U javob berdi:
- Mening qiladigan yumushlarim ko‘p: Ikki qirg‘iy va ikkita burgutni o‘rgatishim, ikkita quyonni tinchlantirishim, ilonni itoatgo‘y qilishim, eshakni qo‘llab-quvvatlashim va sherni jilovlab olishim kerak.
- Lekin yoningizda biror bir hayvonni ko‘rmayapmiz. Ular qayerda?
Zohid javob berdi:
- Biz u hayvonlarni o‘z ichimizda olib yuramiz.
Ikki qirg‘iy ularning yaxshi yoki yomon, foydali yoki zararli ekanligini farq qilmasdan o‘zlari ko‘rgan barcha narsaga tashlanadi. Men ularni farqlashni o‘rgatishim kerak. Qirg‘iylar - mening ko‘zlarim.
Ikki burgut tirnoqlari bilan tekkan narsalariga zarar yetkazadi va yo‘q qilib yuboradi. Men ularga zarar bermasdan xizmat qilishni va boshqalarga yordam berishni o‘rgatishim kerak. Burgutlar - mening qo‘llarim.
Quyonlar har doim u yoqdan bu yoqqa sakraydi, qo‘rqishadi va yashirinishadi. Men ularni tinchlantirib, muammolardan qochishni emas, balki qiyin vaziyatlarni yengishga o‘rgatishim kerak. Quyonlar – mening oyoqlarim.
Eng qiyini – ilonni nazorat qilish. U zich qafas ortida mahkam yopilgan bo‘lsa-da, har doim yonida bo‘lganlarga hujum qilishga, nish urib, ularni zaharlashga tayyor turadi. Shuning uchun men uni tiyib turishim kerak. Bu - mening tilim.
Eshak hamma bilganidek juda o‘jar, u har doim horg‘in yuradi va o‘z vazifalarini bajarishni istamaydi. Bu - mening tanam.
Va nihoyat men podshoh vazifasida barcha ustidan hukmron bo‘lishni hohlaydigan sherni jilovlashim kerak. U mag‘rur, shuhratparast va butun dunyo unga bo‘ysunishi kerak, deb o‘ylaydi. Bu - mening xudbinligim.
Ko‘rib turganingizdek, mening ishim juda ko‘p...
Bahora tayyorladi.