Sherzod Shermatov tarqatilgan fotosuratlar bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda maktabda o‘quvchilarning soch uzunligi o‘lchanayotganiga oid fotosuratlar tarqatilgan edi.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ushbu fotosuratlarga o‘z munosabatini bildirdi.
«Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarish… Afsuski, shu maqolning ma’nosi bugungi ijtimoiy tarmoqlarda bolalarni sochini chizg‘ichda o‘lchashga bog‘liq holatni yaxshi tasvirlasa kerak. Hech qaysi topshiriqda «bolalarning sochini chizg‘ichda o‘lchab, rasmga olib, telegramda tarqatish kerak», deb yozilmagan. Kimdir qayerdadir juda qattiq ishlayotganini ko‘rsatish uchun shunday qilgan, shekilli…
Qani endi, ta’lim sifatini yaxshilash va o‘z malakasini oshirish bo‘yicha qarorlarni shunchalik jon kuydirib ijro etishsa joylarda…», deb yozadi vazir.
Bungacha, O‘zbekiston Xalq ta’lim vazirligi o‘quvchilarning sochini o‘lchash yoki ularning tashqi ko‘rinishini tekshirish bo‘yicha hududiy xalq ta’limi boshqarmalariga hech qanday topshiriq bermaganligini ma’lum qilgan edi.