ShHTning Samarqand sammitiga kimlar keladi?

Tashqi ishlar vazirligida 26 avgust kuni ShHT ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

R.Nurimbetovning ta’kidlashicha, bu galgi sammit an’anaviy shaklda o‘tadi, barcha a’zo davlatlar rahbarlari, shuningdek, ShHT tarkibidagi kuzatuvchi davlatlardan Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston yetakchilari ham tadbirda ishtirok etishini tasdiqlagan.

Raislik qiluvchi davlat tashabbusi bilan muhim sherik davlatlar rahbarlari ham eng yuqori darajadagi yig‘ilishga taklif etilishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, Turkiya va Turkmaniston Prezidentlari ham Samarqandga kelishini tasdiqlagan. Umuman, boshqa qator davlatlar rahbarlari tomonidan ham ushbu sammitga katta qiziqish bildirilmoqda.

O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 15 ga yaqin hujjat Samarqand sammitida taqdim qilinishi kutilmoqda.

A’zo davlatlar bilan kelishilgan holda tayyorlangan yana 30 ga yaqin hujjat anjuman ishtirokchilari muhokamasiga qo‘yiladi. 

O‘zbekiston tashabbusi bilan ko‘tarilayotgan masalalar xususida to‘xtalarkan, Rahmatulla Nurimbetov Prezidentimiz alohida e’tibor qaratib, ilgari surgan uch asosiy yo‘nalish – transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish va turizm sohasini rivojlantirishga urg‘u berdi.