Shimoliy Koreya "radioaktiv sunami"ni qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan suv osti dronini sinovdan o‘tkazdi
21-23-mart kunlari Shimoliy Koreya yadro qurolini olib yurishga qodir, portlashdan keyin “o‘ta kuchli radioaktiv sunami”ni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan yangi suvosti dronini sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda “Koreya ovozi” davlat radiosi xabar berdi.
"Ushbu maxfiy qurol boshqaruvchisiz yadroviy suv osti kema hujumchisidir. Uning vazifasi suv ostida yashirincha suzish, dushman kema guruhlari va portini yo‘q qilish uchun suv osti portlatish orqali o‘ta kuchli radioaktiv sunami hosil qilishdir", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 21 mart kuni KXDR sharqiy sohilidagi Xamgyon-Namdo provinsiyasidagi mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan hududga yo‘naltirilgan dron 59 soat davomida suv ostida bo‘lib, 80-150 metr chuqurlikda doimiy yo‘nalishni o‘zgartirgan holda harakat qilgan. 23 mart kuni tushdan keyin qurilma sinov kallagi suv ostida portlatilgan.
“Sinovlar natijasida yadroviy uchuvchisiz suv osti hujum apparatining barcha taktik va texnik xususiyatlari aniq baholandi, ishonchliligi tasdiqlandi, halokatli zarba berishdagi benuqsonligi isbotlandi”, — deyiladi radio xabarida.
Sinovlarni KXDR yetakchisi Kim Chen In nazorat qilgan. Qayd etilishicha, u “AQSh va Janubiy Koreyani KXDR hududida o‘ylamasdan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarni to‘xtatish zarurligi haqida qattiq ogohlantirgan”. KXDRda yadroviy zaryadni olib yurishga qodir suv osti dronini yaratish ishlari 2012 yildan buyon olib borilgan. Qurilma "hail" (do‘l) deb nomlangan.