Shirkatni tushunmagan fuqarolar yoxud loyish qo‘rg‘onidagi abgor uy xususida
Chunki shaharchaga kiraverishda yo‘lning o‘ng tomonida qurilgan shinam arzon uy-joylarni, o‘nlab oilalarning baxtiyor yashayotganini ko‘rganimiz uchun bu yerdagi manzara ko‘zimizga boshqacha ko‘rindi. Birov aytsa, ishonmasligimiz mumkin edi, lekin o‘zimiz ko‘rdik, shu uylarda yashovchilarning dardlarini eshitdik va ko‘rganlarimizni fotosuratga muhrladik.
Ushbu ikki qavatli uylar o‘tgan asrning saksoninchi yillarida qurilgan. Tashqi ko‘rinishi va har bir xonadon derazasi yoki devoridan mo‘ri, turli xil quvurlar chiqarib qo‘yilgani, hovlining tartibsizligi ichkaridagi sharoit qay darajada ekanligini ko‘rsatib turibdi.
– 9 "A" uyga ko‘chib kelganimizga o‘ttiz yildan oshdi, – deydi Z.Qodirova. – Avvallari markazlashgan ichimlik suvi ham, oqava tarmog‘i ham bor edi. Bolalarimni hech bir qiyinchiliksiz katta qilganman. Afsuski, bugun xonadonlarimizdagi sharoit havas qilgulik emas. Uylarni gaz pechi, plita orqali isitamiz. Shuning uchun tashqariga mo‘ri chiqarganmiz. Oqava tizimi ishlamasligi sababli har bir xonadon uy yonida o‘zi uchun chuqur qazigan va oqavani shu yerga chiqarishga majburmiz. Ichimlik suvi uchun ham o‘zimiz hovlida qo‘lbola nasoslar o‘rnatib olganmiz. Hovlidagi umumiy hojatxonaga kirib bo‘lmay qolgandan keyin uni ham har kim o‘ziga qura boshladi.
Ikki-uch yil oldin ushbu ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi tomonidan hovlida qurilgan noqonuniy bino va inshootlar buzilgach, bu yer ham butunlay qarovsiz holatda qolgan. Eng yomoni, ariqlar ko‘milib ketgach, uylarning tomidan tushadigan suv hovli va yo‘laklarda to‘planib qoladigan bo‘lgan. Bu muammoning yechimi sifatida, hech bir me’yorga to‘g‘ri kelmasa-da, uy yonida katta handaq qazilgan. Hamma tarafi ochiq va ayni paytda chiqindixonaga aylanayotgan bu chuqurlik shu yerda yashovchi aholi, ayniqsa, bolalar salomatligi va hayotiga xavf tug‘dirishi hisobga olinmagan.
Uy egalari ushbu masalalar yuzasidan bir necha bor tuman hokimligi va boshqa idoralarga murojaat qilganliklari, lekin natija yo‘qligini aytishdi. Bevosita shu ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyatidan esa aholining aksariyati bexabar. Oylik to‘lovlar haqidagi savolimizga ham ular ajablanib, yelka qisib qo‘yishdi.
– To‘lovlarda muammo borligi rost, – deydi 8-uyda yashovchi M.Pardayeva. – Bunga asosiy sabab shirkat faoliyatidan bexabarmiz. Yillar davomida odamlar xonadonidagi muammolarni o‘zi hal etishga majbur bo‘lib qolgan. Aholi o‘z uyi, turmushi obodligi uchun hamma narsaga tayyor, faqat ularning boshini biriktirish, muammolarga birgalikda yechim topish lozim.
Haqiqatan ham har bir inson qulay sharoitda, obod joyda yashashni istaydi. O‘z uyi bo‘lishini xohlaydi. Bugun Prezidentimiz tomonidan aholini, ayniqsa, uy-joyga ehtiyojmand kishilarni zamonaviy, barcha qulayliklarga ega turarjoy bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda Oqdaryodagi bu uylarda va ular atrofida yurtimizdagi obodlik, bunyodkorlikka mos bo‘lmagan manzara yuzaga kelishini qanday izohlash mumkin?