Shovonalik yoshlar DXX kubogi uchun maydonga tushadi

Mahalla yoshlari o‘rtasida futbol va mini futbol bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi DXX kubogi” musobaqalari an’anaviy tus oldi.

Joriy yilda ham shu paytgacha mamlakatimizning barcha hududlarida musobaqalarning quyi bosqichlari o‘tkazildi. 

Jumladan, Samarqandda aprel oyining dastlabki kunlaridan mazkur bellashuvlarga start berilgandi. Musobaqalar uchun viloyatdagi 1126 mahallada 3378 jamoa shakllantirilib, 41 mingga yaqin yoshlar qamrab olindi.

Bu yil musobaqalarda ishtirok etish va g‘oliblik uchun yoshlarda shijoat kuchli bo‘ldi. Ularning o‘zlari jamoa shakllantirdi, mashg‘ulotlarda qatnashdi. Shuning uchun bellashuvlar eng quyi bosqichdan qizg‘in kechdi. Tuman, shahar va viloyat miqyosidagi bellashuvlar esa professional sportchilarning o‘yinlari singari shiddatli bo‘ldi.

Yana bir e’tiborli tomoni, bu yil ilk bor mini futbol bo‘yicha bahslar qizlar jamoalari o‘rtasida ham o‘tkazildi. Bu bellashuvlarda ham mahoratli sportsevar qizlar kashf etildi. 

Qariyib uch oy davom etgan musobaqalarda mini futbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda Toyloq tumani Tepa qishloq mahallasi jamoasi g‘olib bo‘lib, respublika final bosqichida qatnashadigan bo‘ldi. Keyingi o‘rinlar Paxtachi tumani Gulobod mahallasi  va Samarqand tumani Arabxona mahallasi jamoalariga nasib etdi. 

Musobaqaning qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarida Jomboy tumani No‘sh mahallasi jamoasi respublika bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qiladigan bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Ishtixon tumani Toy tuyoq mahallasi, uchinchi o‘rinni Past Darg‘om tumani Go‘zalkent mahallasi  jamoalari qo‘lga kiritdi.

Futbol bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda Bulung‘ur tumani Kichik Kildon mahallasi jamoasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. 

Kecha Samarqand shahridagi “Dinamo” o‘yingohida mazkur musobaqaning viloyat bosqichi g‘olibligi uchun kechgan final uchrashuvida Payariq tumani Qumchuq mahallasi va Qo‘shrabot tumani Shavona mahallasi yoshlari maydonga tushdi.

Qiziqarli kechgan bellashuvda shovonalik yigitlar 1-0 hisobida g‘alaba qozonib, “O‘zbekiston Respublikasi DXX kubogi” musobaqasining finaliga yo‘llanma oldi. 

Shu yerda musobaqaning viloyat bosqichi g‘oliblarni taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. Unda davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi va viloyat sektor rahbarlari ishtirok etib, sovrindorlarga kubok va medallarni tantanali ravishda topshirdi. 

Shuningdek, tadbir doirasida konsert dasturi va sportchi yoshlarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.