Shoygu Putinga safarbarlik tugagani haqida hisobot berdi

Rossiyada e’lon qilingan "qisman safarbarlik" doirasida rezervchilarning rejalashtirilgan soni - 300 ming kishi chaqirildi. Bu haqda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deya xabar beradi “Interfaks”.

Bugun safarbarlikka chaqirilgan fuqarolarni jo‘natish, xabarnoma yuborish to‘xtatildi, qo‘shimcha vazifalar belgilanmagan. Siz qo‘ygan vazifa – 300 ming kishi chaqirildi. Hech qanday qo‘shimcha vazifalar rejalashtirilmagan.

Bundan keyin harbiy komissarliklar faqat ko‘ngilli va pudratchilarni qabul qilish yo‘li bilan qo‘shinlarni yollashda davom etadi, dedi Shoygu.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, “maxsus harbiy operatsiya” (Rossiya rasmiylari urushni shunday ataydi) zonasiga safarbar qilingan 82 ming kishi jo‘natilgan. Yana 218 ming safarbarlik o‘quv markazlari va poligonlarda o‘qitilmoqda.

Qisman safarbarlik jarayonida turli darajadagi ijro hokimiyati organlarining 1300 dan ortiq vakillari, 27 mingdan ortiq tadbirkorlar chaqirilib, qo‘shinlarga jo‘natildi. 13 ming fuqaro chaqiruvni kutmasdan, o‘z burchlarini bajarish istagini bildirdi va ko‘ngillilar sifatida qo‘shinlarga yuborildi.

Putin, o‘z navbatida, safarbarlik uzoq vaqt davomida amalga oshirilmagani uchun qiyinchiliklar muqarrar ekanini ta’kidladi.

Rossiyada safarbarlik 21 sentyabr kuni e’lon qilingan edi. Rasmiy ravishda safarbarlik Vladimir Putin tegishli farmonni imzolaganidan keyin tugaydi. Hujjat hali imzolanmagan.