Shri-Lanka ekologik falokat yoqasida

Shri-Lanka tarixidagi eng katta ekologik falokatni boshdan kechirmoqda: 25 tonna nitrat kislota, natriy gidroksidi va boshqa xavfli kimyoviy moddalar, shuningdek, polietilen paketlar ishlab chiqarish uchun xomashyoga to‘la 28 ta konteyner ortilgan MV X-Press Pearl yuk kemasida yong‘in sodir bo‘ldi.
Oqibatda mashhur kurortlarning xushmanzara plyajlari mikroplastika bilan to‘lib toshdi. Ular dengiz hayvonlarini nobud qilmoqda.

Halokat sodir bo‘lgach, mahalliy aholidan qirg‘oqqa yaqinlashish, chiqindiga teginishdan saqlanish so‘raldi, chunki u o‘ta zaharlidir. 50 mil radiusda baliq ovlash taqiqlanadi. Tozalash ishlarida himoya vositalari kiygan minglab askarlar ishtirok etmoqda.

Oldin xabar berganimizdek, Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan kema Hindistonning Gujarat shtatidan Kolombo tomon yo‘l olgan edi. Unda 20 may kuni Shri-Lanka qirg‘oqlarida yong‘in chiqdi va hozir Kolombo poytaxtidan 9 mil uzoqlikda langarda turibdi. Yong‘inni hali to‘liq o‘chirishning imkoni bo‘lmadi. Musson shamoli o‘t o‘chiruvchilar ishini qiyinlashtirmoqda.

Kema kapitani va bosh muhandisi ruslar, kapitan yordamchisi hindistonlikdir. Uchalasi ham tergov qilinmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kapitan nitrat kislota oqayotganini kema Shri-Lanka hududiy suvlariga kirishidan ancha oldin bilgan. Taxminlarga ko‘ra, yong‘inga aynan azot oqishi sabab bo‘lgan.

Hukumat konteyner tashish kemasi egalari va uning ekipajini sudga berib, zararni qoplashni talab qilmoqda.