Shu yil kuz va kelgusi yil ko‘klamda Samarqandda 17 million tupdan ziyod daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 noyabrdagi farmoyishi va shunga asosan Samarqand viloyati hokimining 6 noyabrdagi «Viloyat hududida joriy yil kuz va 2021 yil bahor mavsumlarida ko‘kalamzorlashtirish, manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlarini tizimli va uyushqoqlik bilan tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoyishi qabul qilindi.

Ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan Samarqand viloyatida kuz va bahorda 17 million 14,5 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish belgilandi.

Kuz va bahor mavsumlarida ekilishi rejalashtirilgan manzarali daraxt va buta ko‘chatlarining asosiy qismi Samarqand viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi, ko‘chatchilik fermer xo‘jaliklari, akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand hududiy filiali tomonidan yetkazib beriladi.

Qishki uyqu davridan oldin ekilgan ko‘chatlar bexato rivojlanishi hisobga olinib, 2020 yil kuz mavsumida shahar va tuman markazlarida arxitektura-dizayn talablari asosida shaharga ko‘rk beruvchi manzarali ko‘chatlar, mahalla, qishloq, aholi punktlari, ko‘p qavatli uy-joylar, hovlilar atrofi, xiyobonlar, ziyoratgohlarda esa  kashtan, qrim qarag‘ayi, lola daraxti, eman, virgin archasi, sharq tuyasi, yapon saforasi, katalpa, shumtol, qayrag‘och, tut, zarang, terak va boshqa turdagi manzarali daraxt va buta ko‘chatlari, mevali daraxt ko‘chatlari, qalamchalar ekiladi.

Ayni kunlarda joylarda ko‘chatlarni o‘tqazish uchun yer tayyorlash ishlariga kirishildi.