Shuhrat Sirojiddinov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori: Bukrini go‘r tuzatadi

Ming afsuski, bugungi kunda ona tili taqdiri uchun qayg‘urish tuyg‘usi millatimizning har bir farzandida qalb amri darajasiga ko‘tarilgan, deya olmaymiz. Aks holda, «Vesti.uz» saytida olim, jurnalist, huquqshunos, san’atkor, bastakor va hokazodan iborat bir guruh «o‘zbek ziyolilari» O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish taklifini ilgari surmagan bo‘lar edi.

Murojaat nihoyatda puxta o‘ylangan reja asosida tayyorlanganligi ko‘rinib turibdi. Bizning «og‘riqli» nuqtalarimizga urg‘u berish orqali nochor qilib ko‘rsatishdan tap tortmaslik hanuz oramizda o‘zini «fidoyi vatanparvar» ko‘rsatgan milliy g‘oyamiz dushmanlari ko‘pligini ko‘rsatadi. Men bu o‘rinda ularning har bir mulohazasi ketida nima anqib turganini yaxshi tasavvur qilib turibman. «Aqlli tahlillar»dan ko‘zlangan maqsad meni dahshatga solmoqda. Qo‘ynimizdagi ilonlar chaqishga xezlandi. Bunga aslo yo‘l qo‘yish mumkin emas! Konstitutsiya va qonunlar orqali huquqiy mustahkamlab qo‘yilgan ona tilimizni himoya qilish o‘rniga bizning rus xalqi va uning tiliga bo‘lgan chuqur hurmatimizdan foydalanib o‘zlarining xufiya maqsadlarini amalga oshirishga kirishganligidan ularning millati o‘zbek ekanligiga shubha qilib qoldim. Bu jirkanch maqsad ostida jamiyatni parokanda qilish, yurtimizda tinch-totuv yashab kelayotgan millat va elatlar o‘rtasiga nifoq solish, ongi to‘liq shakllanmagan yoshlarni xayolini buzish rejalari yo‘q deysizmi? Rus tilini ikkinchi rasmiy til sifatida kiritish taklifi bir bahona, xolos! Bularga ko‘rsatilgan shuncha ehtirom, e’zoz – hayf! Bukrini go‘r tuzatadi, deganlari shu bo‘lsa kerak.