Shveysariya hukumatiga Portugaliyani xavfli mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarish talab qilindi

Shveysariya kelasi dushanba kunidan boshlab yuqori darajadagi koronavirus infeksiyasiga chalingan mamlakatlardan o‘z-o‘zini izolyasiyalashni joriy qiladi. Portugaliya koronavirus bo‘yicha xavfli mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgani portugallarning g‘azabini qo‘zg‘atdi. Chunki ushbu chora ko‘pchilikning Rojdestvo ta’tilida uyiga borishini deyarli imkonsiz qoldirmoqda.

- Biz buni kutmagan edik, - deya noroziligini izhor etdi Jeneva fuqarosi Tereza Dinish. - Endi biz ushbu davrda uyga borolmaymiz. Bu barcha portugallarni, butun portugal jamoatchiligini bezovta qilmoqda.

G‘azablangan portugaliyaliklar qisqa vaqt ichida Shveysariya hukumatiga Portugaliyani xavfli mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarish so‘ralgan murojaat asosida deyarli 10 ming imzo to‘pladi.

Murojaat tashabbuskori Semuyel Soareshning so‘zlariga ko‘ra, portugaliyaliklarni cheklash mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Chunki ularning mamlakatidagi epidemiologik vaziyat, har holda Shveysariyadan yomon emas. «Ayni paytda kasallikni yuqtirish Shveysariyaga qaraganda ancha kamaymoqda. Shuning uchun, agar dushanbagacha vaziyat o‘zgarmasa, Portugaliyada yuqtirish xavfi Shveysariyaga qaraganda past bo‘ladi".