Shveysariya kompaniyasi Nurobodda ishlab chiqarish korxonasini tashkil etadi

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Shveysariyaning kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish kompaniyasi rahbarini qabul qildi.
Muloqotda Shveysariya kompaniyasi rahbari ishlab chiqarish faoliyati haqida ma’lumot berib o‘tdi. Unga ko‘ra, ular sanoatning turli sohalari uchun yuqori sifatli kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib keladi. Korxonaning maishiy foydalanish uchun yuvish va dezinfeksiyalash vositalari uchun xaridorlar - Eron, Xitoy, Gruziya, Tojikiston, Afg‘oniston davlatlari hisoblanadi.
Kompaniya rahbari V.Saliyev viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyevga o‘zining istiqbolli loyihalarini O‘zbekistonda, xususan, Samarqandda ham davom ettirib, Nurobod tumani hududida kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish zavodini barpo etmoqchi ekanligini bildirdi.
Dastlabki bosqichda 100 nafar ish o‘rni yaratilib, kompaniya tomonidan ular olti oylik kursda kimyo sohasida ishlash uchun o‘qitiladi. Shundan keyingina ishga qabul qilinib, korxona sexlarida faoliyat ko‘rsatadi.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev investor loyihasini ko‘rib chiqib, qonun doirasida ko‘mak ko‘rsatishini bildirdi.