Siddiqiy-Ajziy 120 yil avval Jomboyda maktab ochgan
Jomboy tumanida ma’rifatparvar alloma Saidahmad Siddiqiy-Ajziy tavalludining 160 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Tadbir tumandagi muqaddas qadamjo - Imom Shamsulayimma Abdullaziz ibn Ahmad - Halvoyi ota maqbarasini ziyorat qilish bilan boshlandi.
’’Saidahmad Siddiqiy-Ajziy va uning adabiy merosi’’ mavzusidagi ilmiy-amaliy anjumanda qatnashgan adabiyotshunos olimlar, taniqli shoir va yozuvchilar buyuk alloma, jadid namoyandasi Ajziy hayoti va ijodi haqida so‘z yuritdi.
- Siddiqiy o‘qituvchilik qilgan hamda vaqtli matbuot nashrlarida faol ishtirok etgan, - deydi SamDU professori Mahkamoy Tursunova. - Vatan, ilm-ma’rifatga bag‘ishlangan maqolalari bilan Qozon, Orenburg va Kavkazdagi nashrlarda ham faollik ko‘rsatgan. Alloma 1917 yil fevral inqilobidan keyin ijtimoiy harakatda bevosita ishtirok etgan. 1918-1921 yillarda viloyat adliya komissari lavozimida ishlagan. 1922 yildan yana o‘qituvchilikka qaytgan. Samarqandda o‘zbek va tojik tillaridagi «Mashrab», «Mulla Mushfiqiy» kabi hajviy jurnallarni, «Zarafshon» gazetasini chiqarishda faol ishtirok etgan. «Mayna», «Ginagina», «Shashpar», «Tir», «Gumnom», «Olmos» imzolari bilan hajviy asarlar yozgan. Ularda sho‘ro tuzumida yuz berayotgan o‘zgarishlarni xushlamaslik, kelajakdan xavotirlanish kayfiyatlari seziladi. 1903 yilda Halvoyi qishlog‘ida shoir qurdirgan maktab bugun ham bor.
Tadbir ishtirokchilari ushbu maktab binosi va maskanda tashkil etilgan muzey hamda shu hududdagi 19-maktab faoliyati bilan tanishdi.
Qatnashchilar mahalladagi 1250 yillik chinor soyasida ma’rifat, ijod haqida suhbatlashdi.