“Sifatli ta’lim – kuchli jamiyat” shiori ostidagi II ustozlar milliy forumi yakunlandi, ilg‘or pedagoglar taqdirlandi
Forumda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi muassasalar direktorlari, xalq ta’limi a’lochilari, ilg‘or va tajribali pedagoglar qatnashdi.
Ta’kidlash joizki, har yili an’anaviy tarzda nishonlanadigan avgust kengashlari endi Ustozlar milliy forumiga aylangan. Forumning ochilish marosimida so‘zga chiqqan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov barcha pedagoglarni davlatimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan chtabrikladi.
- Xabaringiz bor, biz ikkinchi marta ustozlar milliy forumini o‘tkazyapmiz. Bundan ko‘zlangan maqsad shuki, har bir rejamiz, harakatimiz pirovardida ta’lim sifatining oshishiga, uning natijadorligini ta’minlashga qaratilsin, - dedi viloyat hokimi. - Forumda ana shu boradagi vazifalarni aniqlash, belgilash hamda ijrosini ta’minlash chorasini ko‘rish uchun, aniqrog‘i, yuzma-yuz, samimiy, xolisona muloqot qilish uchun sizlarni ushbu anjumanga taklif etdik.
Ochig‘ini aytsam, sizlarning nurli chehralaringizni ko‘rib, ehtiros bilan gapirgim kelyapti. Negaki, ustoz, murabbiy qalbi ohanrabodek, kishi e’tiborini o‘ziga doimo tortib turadi. Ana shu mehrdan o‘z vaqtida bahramand bo‘lganligim uchun ham uning qadriga yetaman. Va sizlardek fidoyi, bilimdon, zukko, mehribon ustozlar oldida doimo ta’zimdaman.
Davlat yangi maktablar qurish, eskilarini ta’mirlash, ularni zamonaviy texnologiya bilan jihozlash, o‘qituvchi manfaatdorligini oshirishga alohida e’tibor bermoqda. Buni sizlar ham ko‘rib, bilib turibsizlar. Ayniqsa, iqtidorli, tashabbuskor o‘qituvchini rag‘batlantirish yaxshi samara beryapti. Bugungi kunda viloyat bo‘yicha 162 nafar o‘qituvchi har oyda oylik maoshidan tashqari 5 yarim million so‘mdan ustama olyapti. Chunki ular shogirdlarining aksariyati oliy o‘quv yurtlariga talabalikka qabul qilingan, olimpiadalar, hatto xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib yoki sovrindor bo‘lgan. Quvonchimiz shuki, bunday o‘quvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
Shuningdek, forumda so‘zga chiqqan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Shokir Sultonov o‘tgan o‘quv yilida erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar, ta’lim tizimidagi islohotlar, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik borasida to‘xtalib o‘tdi. Tadbirda sohadagi eng muhim vazifalar muhokama qilindi.
Joriy yilda 9-sinf bitiruvchilarning 3 845 nafari a’lo darajali shahodatnomaga ega bo‘ldi. Shuningdek, 11-sinf bitiruvchining 1601 nafariga oltin va 172 nafariga kumush medallar topshirildi.
2022-2023 o‘quv yilida maktab bitiruvchilarning 1238 nafari muddatidan oldin talabalar safiga qabul qilindi. 472 nafar o‘quvchi TOP-1000 talikka kirgan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi.
Forum doirasida yangi o‘quv yilida maktabgacha va maktab ta’limi tizimida ta’lim-tarbiya sifatini yangi bosqichga olib chiqish, sohada ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish, Prezident maktablarining ilg‘or tajribasini keng joriy etish, xalqaro talablar asosida ishlab chiqilgan o‘quv reja, dastur va o‘quv-metodik majmualarni samarali joriy qilish bo‘yicha yangi rejalar belgilab olindi. Bir guruh ilg‘or pedagoglar taqdirlandi.