Sifatsiz bir dars – kelajakka xiyonat

Bilamiz, yoshlar teatr-kinolarga tushishni xush ko‘rmaydi. Sababi nimada? Bilamiz! Unda nega “Muham­mad toqqa bormasa, tog‘ Muhammadga kelmaydi?”. Qiziq-da, butunlay sinib, yo‘q bo‘lishini kutib turishimiz shart bo‘lmasa kerak (https://zarnews.uz/post/sifatsiz-otilgan-har-bir-dars-kelajakka-qilingan-xiyonat).

O‘tgan yili Seul shahriga borganda muzeyga tashrif buyurdik. Tanishtiruv kulminatsiyasida 8 daqiqalik teatrlashgan sahna ko‘rinishini xohlab-xohlamay tomosha qilishga o‘tirdik. Katta asardan bir parcha, xolos. Lekin ko‘z uzmay, ko‘zda yosh bilan ko‘rdik. Ular asarning bosh g‘oyasi ko‘rinishini suyakkacha singib boradigan darajada namoyish qilishadi. Xulosa o‘zingizdan.

Bugun teatr, kino, yozuvchilar, shoirlar, ma’naviyatchilar, ilmiy-tadqiqot institutlari, yoshlar bilan faoliyati bog‘liq hamma jamoat va davlat tashkilotlari bir yoqadan bosh chiqarib, bosiqlik bilan, ilmiy asoslangan yondashuvni tashkil qilishi har qachongidan zarur.

Ilmiy yondashuv mavzularni muvofiqlashtirib boshqaruvga qaratilgan bo‘lishi lozim. Birinchidan, nega bu hodisalar, aniqrog‘i, xatolar ming bor takrorlanyapti? Ikkinchidan, “insident”ning ildizi qayerda? Uchinchidan, bu kabi hollarni tahlil qilib, yechim, uslub ishlab chiqadigan mas’ullar nima bilan band? Nega ular butunlay boshqa vazifa: hokimlikning faqat boshqaruv sohasiga oid, aksar hollarda umuman sohaga daxlsiz masalalar bilan shug‘ullanib, ishlaganday ko‘rsatib o‘zimizni o‘zimiz tinchlantirib yuribmiz. E’tiroz bo‘lsa, nizomingizni ochib o‘qing, Yangi O‘zbekiston strategiyasini varaqlang, hozirgi kunda o‘qitilish jarayonida qo‘l-oyog‘imizni kishanlab turgan muammoning kelib chiqish ildizini tahlil qilib, uning uyasi sizning vazifangiz ko‘lamining qon markazida ekanligining shohidi bo‘ling, hammasi oydinlashadi. To‘rtinchidan, rahbarlarimiz yechim uchun mas’ulligini his qilib, ya’ni aybini tan olib, muammoni chig‘iriqdan o‘tkazishi, zarurat bo‘lsa, hamkor sohalarni yordamga chaqirishi, jamoatchilikning fikrini o‘rganishi, asosiysi, holat takrorlanishining oldini olish uslubini quyiga taqdim etishi, hat­to qonunchilikka o‘zgartirish kiritish tashabbusi bilan chiqishi shart. Mana bu sohaning “ichiga kirish”, ishga ijodiy yondashish, deyiladi.

Bu jarayonda eng katta muammo hamkorlikni tashkil qilish hisoblanadi. Muammoning o‘zagi bugungi kunda hamkorning nizomida asosiy maqsad ta’lim-tarbiya bo‘lganda ham, hamkorlik uchun unga hokimlikdan topshiriq tushishi kerak. Bo‘lmasa, yonib ketsa ham hat­to “qiyo boqmaydi”. Yongan kuni hamma o‘chirib, “ochko” olish bilan mashg‘ul bo‘ladi.

- Turli idoralarga murojaat qilish haqida gapirganingizda ularning maktabni nazoratda saqlashga intilishlari, muallimning ishiga noo‘rin aralashishlari xayoldan o‘tdi. O‘qituvchini kim nazorat qilishi kerak?

- To‘g‘ri, xudbinligimiz bois, har birimiz nazoratga muhtojmiz. Aslida nazorat o‘qituvchi mehnatining mahsuli, iste’molchisi tomonidan, ya’ni ota-onalar tomonidan amalga oshirilishi kerak va bu hamkorlik yo‘lga qo‘yilsa, u tez samara beradi. Amaliyotimizda bo‘lgan, har o‘quv choragi oxirida o‘tkaziladigan “Ochiq hisobot darslari” tizimlashtirilsa, o‘quvchi, o‘qituvchi, ota-ona birday mas’uliyat sohibiga aylanadi. Bu tadbir padagogik kengashda atroflicha muhokama qilinib, chorak boshida jadvalni tasdiqlab, qatnashchilarga rasman yetkazib, hamkorlik qilish so‘ralishi maqsadga muvofiq. Talab shundaki, har bir o‘quvchining chorak davomida ta’lim standarti talabi asosida egallashi kerak bo‘lgan bilimni ochiq darsda, ota-onalariga namo­yish qilishi shartligi belgilanishi kerak. Bu yangilik emas, lekin e’tibordan chet­da qolayotgan uslub. Shu uslub o‘quvchi, uning ota-onasi va eng asosiysi, o‘qituvchining tinimsiz o‘z ustida ishlashi, dars ta’sirchan bo‘lishi uchun ijodiy izlanishini ta’minlaydi. Biz shuni kutyapmiz xolos, qolganini tizim o‘zi tabaqalashtirib qo‘yadi, pistirmada kuzatuvchilik bilan shug‘ullanayotganlarga maktabda o‘rin qolmaydi.

Negaki, xalqimiz oriyatli xalq. Uyatli bo‘lishni xohlamaydi va shu kuch uni boshqarib turadi.

Haqiqatan, ta’lim boshqaruvi organlari hokimliklarning konstitutsion bo‘limlari hisoblanadi. Ammo ta’lim boshqaruvi organlarining nizomida bosh masala “Davlat ta’lim standartlarining, ta’limga qo‘yiladigan talablarning bajarilishini ta’minlash, o‘quvchilarga milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslan­gan yuqori darajadagi ma’naviy-ma’rifiy tarbiya berish”, degan maqsad va vazifa yuklatilgan. Mana eng asosiy vazifa. Nimasi tushunarsiz? Qo‘polroq eshitiladi, kechirasiz, “Echkini ham, qo‘yni ham hamisha o‘zining oyog‘idan osishgan”. Demak, oxir-oqibat boshqaruvchilardan xalqning bolasiga berilgan bilimni so‘rashadi. Boshqasining egasi bor.

- Fikrlaringizni eshityapman-u ijti­moiy tarmoqlarda “trend” bo‘layotgan voqealar ko‘z oldimga kelyapti. Bevosita sinfxonaga kirib, darslar mazmuni haqida so‘rash, o‘quvchilarning qay da­rajada o‘zlashtirayotganiga e’tibor qaratishning o‘rniga maktab qurilishi-yu ta’mirlashga ruju qo‘yayotgandekmiz.

- Maktab qurilishi, ta’mirlash, zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash muhim, albatta. Bu borada katta ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin bir masala “Avval yangi maktab qurilsin, keyin mazmunli dars o‘taman”, deyish noto‘g‘ri. Yuqorida ta’kidlaganimdek, 10-15 yil oldin ta’lim muassasalarida oddiy parta, doska ham muammo edi. Binoning tomida shifer yo‘q edi. Tomchidan qutulish muammo edi. 2002 yillarda Samarqandda hokim kimligini hamma biladi. O‘sha og‘ir yillarda yuragimizni hovuchlab uxlar edik. Negaki, kechasi falon maktab qulabdi, falon maktabni tomi bosib qolibdi va boshqa xunuk xabarlar xavotirida yurardik. Maktablarning aksari poydevorsiz, shifersiz, avariya holatida deb tan olingan, yumshoq qoplamada tom bitumlangan bo‘lib, O‘zbekiston issig‘i ta’sirida umri tugagan, gaz asosan shahar maktablariga ulangan bo‘lib, ularning ham bosimi yo‘q. Bu holatni joyiga chiqib ko‘rgan rahbarimiz ming bir azob bilan Samarqand viloyatining maktablarini shiferlatib berdi. Achinarlisi, davlat byudjetida mablag‘ taqchil, qolaversa, maktab ta’miri uchun degan qatorda “0” turardi. Lekin har hokimlik soatida shiferdan tashqari dars sifatiga bog‘liq talab va takliflarga ko‘mib tashlardi. Viloyatning hamma ijtimoiy sohalari maktabning xizmatiga jalb qilingan, rasmiy tarzda “Maktablar kuni”da shaxsan viloyat hokimi rahbarligida har oyda bir tuman (shahar)da sayyor seminar o‘tkazilar, kun davomida aniq savolnoma asosida har bir ta’lim muassasasi o‘rganilib, tahliliy ma’lumot tanqidiy muhokama qilinardi. Esimda, reytingda 14-o‘rindaligimizni eshitib, ifodalab bo‘lmas darajada xafa bo‘lganlar va u kishining qattiqqo‘lliklari, ta’lim tizimiga alohida e’tibori evaziga ikki yilda 1-o‘ringa ko‘tarilganmiz. Xulosa bitta, maktabda sharoit qanday bo‘lishidan qat’i nazar, dars sifatli o‘tishini ta’minlash burchimizdir. Qurilish, ta’mirlashning egasi hokimlik.

Endi Mavlono Rumiyning “Maktab foydasi” masalasiga qaytib, ayrim umumiy ko‘rinishlariga to‘xtalsak. Albatta, kelishganimizdek hamkorlar yordamida, asosan hurmatli ma’naviyat xodimlari boshchiligida, jamiyatda maktabga, ilmga, o‘qituvchiga hurmat muhitini shakllantirishni yo‘lga qo‘ygandan keyingi vazifalar haqida fikr yuritmoqdamiz. Uning birinchi ko‘rinishi har bir mavzuni hayotiy misollar bilan mustahkamlash, desam xato bo‘lmaydi. E’tibor bering, misollar deyildi. Busiz o‘zlashtirish foizi pastlashadi. Qolaversa, fan birlashmasi mahalliy misollarni qo‘shimcha tavsiya qilishi maqsadga muvofiq. Aminman, bunday bilim haqiqatdan toshga o‘yib yozilgan bitik singari butun umr yoddan chiqmaydi.

E’tibor bering, “maktab” so‘zi bolani hayotga tayyorlash, “pedagog” so‘zi bo­lani yetaklash ma’nosini beradi. Bog‘liqlikni qarang, yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Darslarda akademik til, chet so‘zlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish bolaning bilim olishida bir qancha muammo keltirib chiqaradi. Bunday so‘zlarni oddiy so‘zlar bilan izohlab berishdan erinmasligimiz zarur.

Ikkinchi ko‘rinish: hech kimga sir emas, bolalar har sohada bir-biridan o‘zishni, birinchi bo‘lishni xohlaydi. Ta’lim sifati ham raqobatni talab qiladi, ustunlik raqobatda aniqlanadi. Nega biz undan unumli foydalanmasligimiz kerak ekan? Sinflar va yonma-yon (yaqin) joylashgan maktablar bilan rasmiy hujjatga asosan musobaqadoshlik qilish tizimlashtirilsa, muhit ijobiy tomonga o‘zgarishiga kafolat bor. Albatta, alohida tartib ishlab chiqilishi, yakuni haqida mahallaning hamma ko‘radigan joyiga ilib qo‘yilishi mas’uliyatni o‘n chandon oshiradi. E’ti­bor bering, muhimi, chiqimdorlik yo‘q! Oriyat vaziyatni boshqarmoqda.

Darsliklar masalasi nozik masala. Aksariyat o‘qituvchilar uchun ular o‘quv dasturining haqiqatan ham ekvivalentiga aylangan. Umummaqbul pedagogik tamoyillarga va oddiy tilda ifodalashga asoslanib ishlab chiqilgan darslik qo‘lma-qo‘l foydalanishdagi darslikdir. Buning uchun erkin tanlov muhitini yaratish maqsadida yana shu demokratiyaga murojaat qilish shart. Ya’ni, nashriyotlar mahsulot namunalarini pedagoglar tanishib, o‘z tanlovlarini qilishlari uchun taqdimotlari bilan maktab darajasigacha tushirishlari maqsadga muvofiq. Xulosani maktab rahbari uslubiy birlashmalar bilan bamaslahat qabul qilsin.

Yana bir ko‘rinish. Kimdir buni foydasiz deb hisoblashi mumkin. O‘quvchilarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimiga e’tibor o‘qituvchining yumushini ancha-muncha yengillatadi. Yaxshi tanlanib, sinf yig‘ilishida saylangan sardor - beminnat muvaffaqiyat kaliti. Quvonarlisi, sardorda ham liderlik fazilatlari shakllanib boradi. Esimda, Samarqand shahar XTB tomonidan tashkil qilingan “Sardorlar slyoti” respublikaga ommalashtirishga tavsiya qilingan edi. Fikrimizning isboti, ular 100 foiz bugun u yoki bu bo‘g‘inda rahbar lavozimida faoliyat yuritishmoqda.

- Sizningcha, ta’lim jarayoniga kimlar yoki nimalar to‘sqinlik qilyapti?

- Bugun ham afsuski, to‘siqlar, mak­tabga past nazarda qarash mavjud. Albatta, oylik maosh kamligi, direktorning bir necha joyga hisobdorligi, ishchanlik muhitining shakllanmagani, maktabga, o‘qituvchiga jamiyatda hurmat muhitining kamligi, o‘qituvchi 45 daqiqa darsining egasi emasligi, direk­torning asosiy vazifalaridan boshqa ishga chalg‘itilishi kabi yana o‘nlab omillarni sanab o‘tish mumkin.

Bilasizmi, kechagacha paxta, makulatura, metallom, hashar, majburiy obuna yengib bo‘lmas to‘siq edi. Ularga barham berilishiga hech kim ishonmasdi. Kasaba uyushmalarining xizmatini hamma yaxshi biladi. Ko‘pirtirib o‘tirmayman, lekin mamlakat Prezidentining metindek irodasi, qat’iy talabi bo‘lmaganda qog‘oz-qog‘ozligicha qolaverardi - bu inqilob. Mana tizimga hurmatning yaq­qol namoyoni. Hammamiz muqaddas joylarning hurmatini qilishimiz ham qarz, ham farz. Maktab muqaddaslarning muqaddasi. Tizimni ham bejiz xalq ta’limi deb nomlashmagan.

Shu asnoda OAV xodimlariga alohida iltimosim bor. Kim nima deyishidan qat’i nazar, butun xalq bo‘lib bolaga maktabning foydasini tushuntirishga kirishish vaqti keldi. Uning minglab uslublari mavjud.

Keyingisi, muallimga hurmatsizlik qildikmi, uning darsida unum bo‘lmaydi. Bundan jamiyat ziyon ko‘radi. O‘qituvchidan fanini so‘rang, ustozdan o‘quvchilarimiz ilm so‘rasin. Ishonaman, o‘qituvchilar kasbini oqlay oladi.

Barchamiz maktabga, ta’limga ta’zimda va “labbay”da bo‘laylik. Yomonini yashirib, yaxshisini oshirib, boshimizga ko‘taraylik! Natija tez orada bo‘y ko‘rsatadi.

Yana bir masala. Maktab formasi mavzusining siyqasini chiqarib yubordik. Holbuki, maktab formasining yo‘qligi dars sifatiga kamida 70 foiz salbiy ta’sir qilmoqda. Aniqrog‘i, bir sinfdagi kami­da 70 foiz bolaning fikri chalg‘iyapti. Buni tushungan tushunadi, tushunmagan o‘qituvchi haqida ko‘p bo‘lmag‘ur gaplarni “bayroq” qilmoqda. Formaning “aybi” bilan yuqotilgan 70 foiz diqqat ilm olishga sarflanishi shart bo‘lgan kuch.

Ma’lumot uchun, rasmli xonada, jimjimali kiyimda namoz o‘qilmaydi. Sababi, bandaning diqqati ibodatdan chalg‘iydi. Ba’zi sinflarga kiring, butun boshli “modalar uyi” manzarasiga guvoh bo‘lasiz. Bu joyda qanaqa bilim haqida gap bo‘lishi mumkin? Bunday muhitda bilim oxirgi o‘rinda turadi. Avvalo, bashang kiyingan o‘quvchi o‘zidan boshqani ko‘rmaydi. O‘ziga mahliyolik uni yangi “qahramonliklar”ga chorlaydi. Ayni sharoitda shunday kiyinish, undan ham o‘zib ketish orzusi esa qolganlarining xayolini muntazam o‘g‘irlab turadi. Yozilmagan haqiqat, bashanglik bolaning o‘zini tutishi, muomalasini darrov o‘zgartiradi - bu bola psixologiyasi. Kattalarimiz xafa bo‘lishmasin, ular ham bu ta’sirdan xoli emas. Ongosti “moda”dan boshqasini qabul qilmaydi. Qani bunday sinfga bir dars berib ko‘ring-chi. Siz ham ilojsiz qo‘l siltagan bo‘lardingiz. U davlatda unday, bu davlatda bunday, deb o‘zimizni aldayapmiz. O‘zingizni shu bola o‘rnida bir his qilib ko‘ring, bo‘ldi. Farzandlarimizga hozir, eng muhimi, bilim beraylik. Bilim berish - burchimiz, bashanglik burchimizga kirmaydi.

Xalq ta’limiga tirgak faqat xalqning o‘zi bo‘lishi mumkin. Muallimga suyanchiq, yelkadosh bo‘lish bugun eng muhim ish. Yoshlarimizni ilm dargohiga, ustoz-murabbiylarga hurmat, muhabbat ruhida tarbiyalashni o‘z zimmamizga olishimiz shart! O‘qituvchi-ustozlar, ota-onalar uchun raqobatchilar emas, aksincha, oilangiz, vatanimiz kelajagini ta’minlovchilardir. O‘zaro hurmat muhiti hukmdor dargohda bosh maqsad so‘zsiz uddalanadi. Mavzuga qayta- qayta bejiz murojaat qilmayapman. Men uzoq yillar sohada ishlagan inson sifatida ishonch bilan ayta olaman, muallimlarga ishonaman. Siz ham ishoning!

Tezlik bilan o‘qituvchiga, maktabga nisbatan munosabatlarimizni ijobiy to­monga o‘zgartirmasak, unga nisbatan o‘gay ko‘z bilan qarash shakllanishi kuzatilmoqda. Holat afsuslanarli. Bu kabi salbiy munosabatlar ijtimoiy tarmoqlarda keyingi paytlarda ko‘plab kuzatilmoqda.

Kechagi tariximizda, mashhur mutafakkir Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oh, muncha qalam titraydur, qalb yig‘laydur. Bir bag‘ri yonuq derdi: “Oh, nodon muri shud, oh, nodonga o‘lat kelsun”, degan nolasi davr matbuotida muhrlangan. Jonkuyar jadid bobomiz bu gapini ulusni ilmsizlikka, beparvolikka, oxir-oqibat tanazzul botqog‘iga botirgan podsholar siyosatidan va taraqqiyot beshigi hisoblangan Osiyoning Yevropa mustamlakasiga aylanganligi tasvirlangan xaritaga qaragancha oh chekib aytganligi bizga ma’lum.

Bugun maktab davlat siyosati darajasida, lekin “Behbudiylar” uxlayap- ti. Mustabidlik siyosati bor kuchi bilan Behbudiylarni uxlatishga qaratilgan edi. Uxlatdi ham. Uni uyg‘otish bizning chekimizga tushgan. Ishonaman, uyg‘onamiz, uyg‘otamiz.

Jahon adabiyotining ulkan vakillaridan biri, faylasuf Gabriyel Garsia Markesning “Meni ishontiring - dunyoni o‘zgartirib yuboraman”, degan qanotli gapi bor. Ishonish uchun insonda unga moyillik tuyg‘usi e’tiqod darajasida shakllangan bo‘lmog‘i lozim. Bunday tuyg‘u odatda ko‘zi ochiq, tafakkuri tiyrak, mulohazaga oshno, shuningdek, mard, tanti odamlarda uyg‘oq bo‘ladi. Shunday odamlar qurshovidamiz. Faqat mushtni bir joyga urish qoldi xolos.

- Ustozlarga tilaklaringiz...

- Aziz ustozlar, yurtimiz rahbari davlatga bog‘liq vazifalarni bajarib beryapti va galdagi talablarimizni asoslasak, ikkilanmay ijro etishlariga shubha yo‘q. Ming shukur, davlatimiz oyog‘ida turib oldi.

Aziz ustozlar! Qiyinchiliklar vaqtincha. Ularga yengilsak ortimizdan shogirdlarimiz kimlarga yengilishini bilasiz! Yelkamizdagi yuk hisobsiz og‘ir, lekin salmog‘i buyuklik. O‘quvchilarimiz - farzandlarimiz. Kimdir unga kiyim tiksa, kimdir uy qursa, biz ularga ko‘rk berib, dunyoning havasini keltirib yashaydigan aqli raso, zukko, dono egalarni tarbiyalaymiz. Uyni berganni unutishi mumkin, lekin yashash ilmini bergan ustozini hech kim unutmaydi. Bu o‘zbekchada aytganda yaxshilik, yaxshilik esa ikkinchi umr ham deb ataladi.

Fursatdan foydalanib Finlandiya ta’limi haqida bir og‘iz so‘z. Dunyoda tan olingan ta’lim tizimi. Lekin, ta’lim ahli qobiliyat va qiziqishlarni qancha erta aniqlab rag‘batlantirsa, shuncha natijadorlik katta bo‘lishini ilmiy asoslab kelishadi. Negadir fin boshlang‘ich ta’limida bunday ajratish mumkin emas.

Lekin o‘z o‘quv jarayonini nazorat qilish ko‘nikmasini (metakognitiv ko‘nikma) shakllantirish isbotsiz foydadan xoli jarayon emas.

Chetdan keltirilgan hosildor meva ko‘chatini mahalliy sharoitimizga moslashgan, yashab qolish imkoniyati 100 foiz tashkil qiladigan daraxt tanasiga payvand qilishadi. Ovchi ham uchadigan qushning uchish tezligini hisobga olib, o‘qni uchib o‘tadigan yo‘nalishning oldiga yo‘naltiradi. Xulosa, shoshilmang, lekin shoshilmay choping. Vaqt kutib turmaydi. Har yili 10 mingdan ortiq maktablarimizni yarim milliondan ortiq o‘quvchilar bitirib, bizning “ta’sir” doiramizdan chiqishmoqda.

Milliy zehniyat xohlasak-xohlamasak o‘z ta’sirini qilmasdan iloji yo‘q. Behuda talashib-tortishib emas, qalovini izlashda kuchlarni birlashtirishimiz kerak.

Bizdan ayrim, maktabning kundalik hayotiga bog‘liq vazifalarga e’tiborliroq bo‘lish talab qilinayapti, mening nazdimda.

O‘quvchilarimiz ko‘rinmas, ipsiz ilm dargohlariga bog‘lanib, o‘zlarini tom ma’noda baxtiyor his qilishlariga erishish, xavotir va tushkunlikni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlab, tomiri bi­lan sug‘urib tashlash asosiy maqsadimizga aylanishi shart.

Bitiruvchilarimizda OTMda o‘qish davrida tayanish mumkin bo‘lgan, hayotiy hodisalar bilan mustahkamlangan bilimlar zaxirasi keragidan ortiq darajada bo‘lishini istab qolaman. Bunday o‘quvchilar o‘zlarini ishonchli his qilishadi, hech narsadan hadiksirashmaydi.

Keyingi istagim o‘quvchilar va mak­tab ustidan rasmiy nazoratdan voz kechilishidir. Agar o‘qituvchilarimiz baholash, davlatni nazorat qilishda o‘zlariga va o‘quvchilariga mos o‘z dasturlarini ishlab chiqish tizimiga o‘tsa, bu istak o‘z-o‘zidan amalga oshadi.

Kezi kelganda eslatib o‘tmoqchiman, ta’tillar masalasi qayta ko‘rib chiqilishi shart bo‘lgan galdagi masala. U bo‘yicha sizlardan ham takliflar kutib qolamiz. Negaki, ta’lim va tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi degan hikmatli ibora asrlar davomida sinovdan o‘tgan xulosalar yig‘indisidir.

Jamoatchilik kengashining, qolaver­sa, vazirligimizning jarayondagi eng muhim masalasi, o‘quvchilarimizda bilim olishga ehtiyojni yaratish orqali ustoz va shogird o‘rtasidagi rishtani mahkam bog‘lab, bilim berish va chanqoqlik bilan olish ishtiyoqini shakllantirish bo‘lib qoladi. Tan olish kerak, aynan shu jarayon atroflicha tahlilni, soha darg‘alarining anchagina bosh qotirishini talab qiladi. Mazkur jarayonda jamiyatni, dav­latni, ota-onani, ko‘plab hamkor tashkilotlar bilan maktab o‘rtasida aniqlikni ta­lab qiluvchi, o‘z holicha shakllanmagan vazifa taqsimotini ishlab chiqish zaruratini vujudga keltiradi. Izlagan tayanch nuqtamiz shu yerda, unda barcha savollarimizga javob bor!

- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Husan Nishonov suhbatlashdi.

 

“Ma’rifat” gazetasining 2022 yil 30 noyabrdagi, 48-sonidan olindi.