Singapur fuqarosi uy karantini qoidalarini buzganligi uchun fuqarolikdan mahrum qilindi

Karantin qoidalari buzilishi bilan bog‘liq bunday jazo dunyo tajribasida hali qo‘llanilmagan edi, deb xabar bermoqda mamlakatning migratsiya va nazorat boshqarmasi.

“19 mart kuni 53 yoshli Go Ilya Viktor Indoneziyadan Singapurga qaytib kelgan. Hukumat topshirig‘iga binoan, unga 14 kun uy karantinida o‘tirishi tushuntirilgan. Ko‘p o‘tmay u yana mamlakat hududini tark etgan, Singapurdan chiqib ketishida unga jazo qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish berilgan. Biroq u 24 mart kuni yana mamlakat hududiga kirishga harakat qilgan”, deyilgan boshqarma bayonotida.

Fuqaro tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklarni hisobga olib, mamlakat hukumati mazkur fuqaroni fuqarolikdan mahrum qilish chorasini qo‘llash qarorini qabul qildi.

Singapur hukumati 23 mart sanasidan boshlab, doimiy yashash huquqiga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolar uchun mamlakatga kirishni va tranzitni to‘xtatdi. 29 mart holatiga ko‘ra, mamlakatda koronavirus yuqtirganlar soni 800 kishidan iborat bo‘lib, ulardan 200 nafari butunlay sog‘ayib ketgan. Mamlakatda dastlabki kasallanish holati 23 yanvar kuni qayd etilgan. O‘shandan buyon bor-yo‘g‘i ikki nafar bemor koronavirus oqibatida vafot etgan.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida karantin qoidalarini buzilishiga qarshi qat’iy choralar qo‘llanilmoqda.

Avstraliyada koronavirus yuqtirgan fuqarolar, uy karantini qoidalariga amal qilmagan hollarda bir yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi yoki 50 ming AQSh dollari qiymatidagi jarimaga tortilishi mumkin. 

Argentinada karantin qoidalariga amal qilmagan fuqarolar 3 yildan 15 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum etiladi va 100 ming Argentina pesosi (1.6 ming dollar) qiymatida jarimaga tortiladi.

Italiyada maxsus ruxsatnomasiz ko‘chaga chiqqan fuqaro uch oygacha ozodlikdan mahrum etiladi yoki 206 yevro qiymatidagi jarimaga tortiladi. 

Ispaniyadan e’lon qilingan favqulodda vaziyat qoidalariga amal qilmagan shaxslar 1.5 ming yevrodan 6000 yevrogacha bo‘lgan jarima to‘laydi.

Xitoyda karantin qoidalariga amal qilmagan shaxslarga nisbatan uch yilgacha bo‘lgan qamoq jazosi yoki jarima qo‘llaniladi.