Sinoptiklar O‘zbekistonda kuz qanday boshlanishini aytdi

"O‘zgidromet" O‘zbekistonda kuz qanday boshlanishi haqida ma’lum qildi.

Avgust oyining oxiriga kelib O‘zbekistonda yoz fasli uchun umuman xos bo‘lmagan jarayonlar kuzatildi.

26 avgustda respublika bo‘yicha harorat keskin pasayib, momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘ib o‘tdi. Ob-havoning bunday o‘zgarishi ayniqsa O‘zbekistonning markaziy tumanlarida avj oldi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik kuchli va davomli bo‘ldi. Toshkentda shu kuni 1 mm. oylik normada yoqqan yog‘inlar miqdori 17 mm.ni tashkil qildi.

Bu juda kamdan-kam kuzatiladigan hodisa bo‘lsa ham, biroq meteorologik kuzatuvlar tarixida yagona emas. 1954 yilda Toshkentda iyulda 41 mm., 1969 yil iyulida esa 39 mm. yomg‘ir yoqqan.

Sentyabr - kuzning birinchi oyi. O‘zbekistonda sentyabrda, ayniqsa, uning birinchi yarmida odatda ob-havo issiq va kam bulutli bo‘ladi. Qisqa muddatli yomg‘irlar faqat ayrim kunlarda ko‘proq tog‘li va tog‘oldi hududlarda kuzatilishi mumkin. Tungi harorat 15-20 daraja atrofida bo‘ladi, kunduzi 32-37 darajadan 25-30 daraja issiqqacha o‘zgarib turadi.

Bugun va ertaga O‘zbekistonda yog‘ingarchilik kutilmaydi.

31 avgustda Volgabo‘yi hududidan nisbatan nam va salqin havo oqimi kirishi natijasida ob-havo o‘zgaradi. Respublika bo‘yicha bulutlilikning ortishi, ob-havoning yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi kutilmoqda. Faqat Toshkent viloyatining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzgi harorat 1-2 darajaga pasayadi va 28-33 daraja atrofida bo‘ladi, bu me’yordan sal past haroratdir.

Sentyabrning ilk kunlari ob-havo asosan yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Harorat kechasi 15-20, kunduzi 30-35 daraja atrofida bo‘ladi.

Respublikaning tog‘li va tog‘oldi tumanlarida 30-31 avgust va 1-2 sentyabr kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.