Sirli g‘orga sayohat: Tarag‘ay qa’rida qanday xazina yashiringan?

Rivoyatlarga ko‘ra, Amir Tarag‘ay xizmatkorlariga 400 bosh qo‘yni Samarqandning Qir bozorida sotib, pulini olti yoshli Amir Temur orqali berib yuborishni buyuradi. Ammo yosh Temur bu pullarni bozorda tilanchilik qilib yurgan yetim-yesirlarga tarqatib yuborgan. Ortga qaytish fursati yetganida esa u otasining qahridan qo‘rqib, Hisor tog‘lari bag‘rida joylashgan, chiqish mushkul bo‘lgan Tarag‘ay tog‘iga qochib ketadi. Askar va qishloq ahlining bir necha kunlik qidiruvi samara bermagach, bir cho‘pon tog‘ cho‘qqisidagi faqat cho‘ponlar biladigan yashirin g‘orga borib, Temurni topadi va ortga qaytaradi. O‘shandan beri mahalliy aholi bu g‘orni Tarag‘ay yoki Amir Temur g‘ori deb ataydi.

Tariximiz turli rivoyat va afsonalarga boy. Ajdodlarimizning sarguzashtu qahramonliklari, pirlarning karomatlari, yashirilgan xazinalar - og‘izdan og‘izga, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan turli hikoyalar kim uchundir ertak, kimlar uchundir chindir. Xususan, yurtimizda nomi sohibqiron Amir Temur bilan bog‘lanadigan bir nechta g‘or borki, ular haqida ham bir-biridan qiziqarli afsonalar aytiladi. Biz ana shunday afsonalardan birini tekshirib ko‘rish maqsadida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumaniga, Tarag‘ay tog‘idagi o‘sha mashhur g‘orga qarab yo‘l oldik.

Tog‘ etagidagi qishloq

Erta tong, kun yorishishi bilan yo‘lga otlandik. Bizga O‘rta Osiyo bo‘yicha turizm mutaxassisi Oybek Ostanov hamda uning yordamchisi, hindistonlik do‘stimiz Vishnu  Vinagayam hamroxlik qildi. Uzoq yo‘l yurib, goh yo‘ldan adashib, soat 11:30 da Chiroqchi tumanidagi Govxona qishlog‘iga yetib keldik. Yo‘l boshlovchimiz shu qishloqdan, 67 yoshli Toji bobo Mo‘minov. Mezbonning qistovi bilan tog‘ga ko‘tarilishdan oldin uning uyiga kirib, nafas rostladik. Shu bahona govxonaliklar hayoti bilan tanishdik.

Biz uchun tog‘, ammo govxonaliklar uchun kichik tepalik hisoblanadigan qiyaliklarda, bir qarashda bir-biriga juda yaqin, lekin yetib borish uchun pastga tushib, yana ko‘tarilish kerak bo‘ladigan “olis”da dona-dona uylar joylashgan. Eng dilga yoqadigani, hududda atrofga salqinlik ulashib turuvchi daraxtlar ko‘p. Ayniqsa, shahar g‘ala-g‘ovuridan chiqib kelganlar uchun bu yerlarning havosi yanada yoqimli va totli tuyuladi.

Qishloq odamlari ham ularni o‘rab turgan tog‘lar singari vazmin va bag‘rikeng ekan. Mehmonlarni juda hurmat qilishadi. Ekspeditsiyamiz davomida kimga murojaat qilmaylik, barcha ochiq chehra bilan, ba’zan o‘z yumushini qoldirib bo‘lsa-da, bizga ko‘mak berishga harakat qildi. Bir so‘z bilan aytganda, oliyjanob insonlar yashaydigan qishloq.

Govxonaliklarning asosiy daromadi chorvachilikdan. Har bir xonadonning 10-15 tacha qo‘y-echkisi, qoramoli bor. Erkaklar podani navbati bilan toqqa, ikki-uch kunga haydab ketadi. Ba’zi qishloqlarning cho‘poni bor. Ular tog‘larni besh qo‘lidek yaxshi bilar ekan. 

Aytganimizdek, bu yerda daraxtlarga mehr bo‘lakcha. Aholi qiyaliklarga ishlov  berib, bog‘u rog‘lar yaratgan. 50-100 sotixlab yerni qamrab olgan bunday bog‘lar tog‘ tepasidagi buloqlardan suv ichadi. Terilgan hosil Qalqama bozorida sotiladi. Ko‘pchilik samarqandliklar sevib istemol qiladigan do‘lanalarning asosiy qismi shu yerlarda yetilar ekan. Lekin odamlarning aytishi bo‘yicha keyingi yillarda havo haroratining ko‘tarilib, buloqlarning suvi kamayganligi sababli tirikchilik qilish ham murakkab bo‘lib bormoqda.

Amir Temur va g‘or afsonasi

Tog‘ning biz qidirayotgan g‘orga chiqish joyi Govxonadan ikki ovul naridagi Tarag‘ay qishlog‘idan boshlanadi. Vaqtni boy bermaslik uchun tezroq yo‘lga chiqdik. Yo‘l-yo‘lakay Toji boboni gapga solamiz, asosiy savol, anglaganingizdek, g‘ordagi xazina haqida.

— G‘or haqidagi afsonalarni biz bobolarimizdan eshitganmiz, ular esa o‘z bobolaridan, - deya gapni uzoqdan boshladi otaxon. – Qadimgilarga ko‘ra, Amir Temurning yoshligi va askarlik yillari shu yerlarda o‘tgan. U jangchilarini siz ko‘rib turgan tog‘u toshlar orasida tayyorlagan. Biz borayotgan g‘or qo‘nalg‘a sifatida ishlatilgan, degan gaplar bor. Demak qurol-yarog‘ va boshqa aslahalar shu yerda saqlangan, bugungacha qolgan bo‘lishi ham mumkin. Yana bir rivoyatga ko‘ra, Amir Temur tirikligi vaqtidayoq bu g‘or haqida turli mish-mishlar tarqaladi va sohibqiron shaxsan o‘zi uni ko‘rgani keladi. G‘or ichiga kirib ne ko‘z bilan ko‘rsinki, unda o‘z choparlari berkinib yotgan bo‘ladi. Nega bu yerdasiz, degan savolga ular “Navbatdagi jangda g‘alaba qozonib, bizni Shahrisabzga xushxabarni yetkazish uchun yuborgan eding. Biz esa yo‘lda to‘xtab, oilamiz bilan ko‘rishdik va kech qoldik. Qahringdan qo‘rqib, shu g‘orga berkindik”, deya javob berishgan ekan.

Otaxonning aytishicha, g‘or bilan bog‘liq rivoyatlar juda ko‘p bo‘lgan. Ammo ularning aksariyati avlodlar almashinuvi barobarida unut bo‘lib bormoqda. U g‘orning og‘zi ham ilgari gumbazsimon imoratga o‘xshash bo‘lganini aytdi. Kelib-ketuvchilar u yerdagi toshlarni olib ketishi oqibatida shakli o‘zgarib, hozirgi ko‘rimsiz holatiga kelgan. Ha, mahalliy aholining ta’kidlashicha, aytishlaricha, bu g‘orga ilgari xazina izlovchilar ham tez-tez kelib turgan. Lekin u yerdan biror nima topilgani yoki g‘orning oxirigacha borilgani haqida ma’lumot yo‘q. Ayrimlar g‘orning narigi tomoni Samarqanddagi Mironqul qishlog‘idan chiqadi deydi.

Go‘zallik va xavf-xatar yonma-yon

O‘nqir-cho‘nqir, toshli tor yo‘llar orqali Tarag‘ay qishlog‘iga yetib keldik. U yog‘iga transport o‘ta olmaydi. Toqqa ko‘tarilish joyigacha piyoda borishimizga to‘g‘ri keldi. Baxtimizga shu kuni uncha kuchli bo‘lmagan shamol esayotgan edi. Aks holda tepalikka ko‘tarilish issiq havo sababli yanada murakkab bo‘larkan.

Tepaga qarab harakatni boshladik. Pastdan qaraganda, biz chiqmoqchi bo‘lgan cho‘qqi u qadar uzoq emas edi. Biroq ko‘tarilishimiz barobarida u ham bizdan uzoqlashayotgandek tuyuldi. Agar yo‘l boshlovchi bo‘lmasa, g‘orga borish yo‘lini mustaqil topib bora olmas ekanmiz. Yo‘lovchilarni chag‘ituvchi turli so‘qmoqlar, aylanma yo‘llar bo‘ylab harakat davomida buni tushinib yetdik. Bizga hamroxlik qilganlarning aytishicha, g‘orni ko‘rish uchun ham mahalliy, ham xorijiy sayyohlar tez-tez kelib turadi. Ammo ularning barchasi ham manzilga yetib bora olmaydi. Ko‘pchilik g‘orga yo‘lboshchisiz chiqa olamiz deb o‘ylaydi. Boshqalari toqqa ko‘tarilish mashaqqatiga tayyor emas.

Vaqt tig‘iz, kech tushgincha g‘orga yetib borishimiz kerak. Harakatni tezlatamiz. Lekin har 50-100 metr ko‘tarilgach to‘xtab, tabiat go‘zalliklari, shundoqqina oyoqlarimiz ostida yastanib yotgan kengliklarni tomosha qilishdan o‘zimizni tiya olmaymiz. Shunday damlarda Amir Temur bobomiz ham shu yerlarda turib, hukmronligi ostidagi yerlarga nazar tashlagandir, shu vaqti ko‘nglidan nimalarni o‘tkazgan ekan degan o‘y-xayollar keladi. Katta xarsang toshlar soyasida dam olish maroqli. Onda-sonda yo‘limizdan hali mevasi pishib yetilmagan do‘lana daraxtlari, archalar chiqadi.

Asosiy qiyinchiliklar dengiz sathidan 1400 metr balandlikka ko‘tarilganimizdan keyin boshlandi. Shu yerdan yo‘l yanada qiyalashdi. Oyog‘ingiz toysa, yaxshilik bilan tugamaydi. Bunday joylardan sekinroq, yo‘l boshlovchilarning ko‘rsatmalariga amal qilgan holda o‘tdik. Jarliklar tepasida turish xavfli, ammo u yerdan nigohingizga ochiladigan tabiat manzalarini tariflash qiyin.

Soat 16:47 da cho‘qqiga yetib keldik. Bu yerda bizni yana bir sinov kutib turgan ekan. Gap shundaki, g‘orning og‘zi jarlik bo‘yida joylashgan. Unga kirish uchun endi tepadan pastga, jarlikka tushish kerak edi. Belga arqonni bog‘ladik. Vahimali jarayon. Ammo maqsadga erishishning boshqa yo‘li yo‘q. Eng oxirgi nuqtada taslim bo‘lsak, ekspeditsiya muvoffaqiyatsiz tugagan hisoblanadi.

Zimistonda, noma’lumlik sari

Mustahkam toshlarga tirmashib, bir amallab pastga, g‘or og‘ziga tushdik. Bu yerda nafas rostlab, atrofni tomosha qilish, keyingi harakatlar rejasini tuzish uchun yetarlicha joy bor edi.

G‘orning kirish qismi torroq. Aytmoqchi bo‘lganimiz, jussasi kattaroq odam unga kira olmaydi. Umuman, boshqalar uchun ham bu oson yumush emas. Amallab tor yo‘lakdan o‘tdik. Shu yerda quyosh nurlari chekinadi, yorug‘lik ko‘rmagan yangi bir olam boshlanadi. Birinchi bosqichdan keyin yo‘lak ancha kengaydi. U yerda qazilma ishlari olib borilganligi, kimlardir rostdan ham xazina qidirganligidan dalolat beruvchi dalil va izlar bor. Qancha chuqurroq kirib borsangiz g‘or havosi shuncha nam va salqin bo‘lib boradi. Tepadan tomayotgan suv tomchilari yillar davomida toshlarda antiqa naqsh va sumalaklarni shakllantirgan.

G‘orning yana bir tor qismidan o‘tganimizdan keyin yo‘lak ikkiga bo‘lindi. Yo‘l boshlovchimiz o‘ng tomonga yurishimiz kerakligini, chapdagisining oxiri berk ekanligini aytdi. Chapga yurib, yana bir kishi zo‘rg‘a zig‘adigan yo‘lakka duch keldik. Undan o‘tib olsangiz, yana kenglik. Bu yerda ko‘rshapalaklar ko‘p ekan. G‘orning zimistoni va salqin havosi shu kabi mavjudodlar uchun ayni muddao.

Biz yana bir necha bosqichli qiyin o‘tiladigan joylardan o‘tib, 300 metrcha g‘or ichiga kirishga muvoffaq bo‘ldik. Ammo yana oldinga yurish uchun qiyalikdan pastga tushish kerak edi. Yonimizda arqonimiz qolmaganligi, qolaversa, jamoa ham toliqqanligi uchun shu yerdan qaytishga qaror qildik.

Mahalliy aholi ham hali g‘orning oxirigacha bormagan ekan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, unda qanday sir-sinoatlar yashiringani hamon jumboq...

Ba’zi rivoyatlarga ko‘ra, qadimda yovdan chekingan bir nechta askar g‘orning u boshigacha borgan va Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi Mironqul qishlog‘idan chiqqan. Ammo hozirgi zamonda hech kim g‘orning oxirigacha bora olmaganligi sababli buni tasdiqlashning imkoni yo‘q. Faqat qiziq bir fakt bor: Mironqulda ham qarama-qarshi tomonga ketgan, oxiri yo‘q g‘or bor deyishadi. Bugungi kunda har ikki g‘orga sayyohlar borib turadi.

Darhaqiqat, yurtimiz noyob maskanlarga boy va ularning ko‘pi hali to‘liq o‘rganilmagan. Bu esa ularning jozibadorligini yanada oshiradi.

Qashqadaryodan ana shunday ajoyib taassurotlar bilan qaytarkanmiz, bu kabi sayohatlarni yana davom ettirish, diyorimizning turli go‘shalariga qiziqarli ekspeditsiyalar tashkil etishni niyat qildik.

Anvar MUSTAFOQULOV,

Asqar BAROTOV.