Sirli hodisalar: Tutanxamonning qo‘rqinchli burg‘usi

Londonning Saatchi galereyasida Tutanxamon dafnasidan olingan 150 bebaho ashyo qo‘yilmoqda, deb yozadi «Mir novostey» (2019 yil, 40-son) haftanomasi. Biroq misrlik arxeolog ekspert Tariq el-Avadi britaniyaliklarga ekspozitsiya jismlariga ehtiyotkor bo‘lishni tavsiya qiladi.

U fravnlar la’natlagan sirli jumboqni voqeylik sifatida yoddan chiqarmaslikni maslahat berdi. Bu haqda birinchi marta 1922 yilda Tutanxamon dafnasini ochgan Govard Karter ekspeditsiyasining 12 olimidan bir necha oy o‘tib, olti nafari vafot etganida gapira boshlangan edi.

Bu tavqi la’nat ehtimol qadimiy misr ashyoviy dalillari ekspozitsiyasida yashiringan, eng avvalo, odamlarni Tutanxamonning mungli burg‘usi haqidagi afsona hayajonga soladi.

El-Avadi «Deyli ekspress»dagi intervyusida jahondagi eng qadimiy bu musiqa asbobi o‘tmish qa’ridan kelganini ta’kidlaydi. 1939 yili britaniyalik hujjatli kinochi qadimgi Misr musiqa asbobi - burg‘u chiqaradigan ohangni nihoyat eshitadigan payt keldi, deb hisobladi. Ammo cholg‘o‘chi burg‘uga hozirgi zamon mundshtugini qo‘yganda burg‘u yorilib ketdi.

Musiqiy asbobni tuzatib mahkamlashdi va ikkinchi urinishda odamlar dunyo bo‘ylab radio eshittirishlarda tarqalgan tashvishli tovushni eshitdi. Qohira muzeyidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib berilgan radioeshittirishda burg‘uni taniqli musiqachi Jeyms Tappen chaldi. Oradan bir necha oy o‘tib, Ikkinchi jahon urushi boshlandi. Shunday qilib, Tutanxamon burg‘usining urush va kulfat chaqirishi haqidagi qadimgi afsona o‘zini eslatdi.

Yana burg‘uni chalishganda, uning mungli ovozi 1967 yilda butun Yaqin Sharqning uzoq vaqt tinchligini buzgan Misr va Isroil o‘rtasida olti kunlik urushni keltirib chiqardi.

1990 yilda burg‘u uchinchi marta tovush berganida Fors ko‘rfazida hozirgi zamondagi birinchi urush boshlandi. Ayrim misrshunoslar, yaxshisi bu xavfli burg‘uga teginmaslik kerak, u Qohira muzeyida tinchgina yotaversin, deya gapira boshladi. Biroq uning tashvishli ovozini eshitish istagi qo‘rqinchli afsonadagi ogohlantirishdan ustun keldi. 2011 yilda Qohirada Tutanxamon burg‘usi tovushini eshitishga jur’at etishdi. Deyarli shu zahotiyoq Yaqin Sharqda bir necha marta insoniyatni o‘z-o‘zini qirishga sabab bo‘lgan va hozirgacha davom etayotgan Misr inqilobi boshlandi.

Tog‘aymurod ShOMURODOV tayyorladi.