SIUT: Talabalar yirik xalqaro kompaniyalarda amaliyot o‘tamoqda
Har qanday nazariya amaliyot bilan mustahkamlanishi kerak, ayniqsa muhandislik sohasida. Chunki malakaviy amaliyot bo‘lajak muhandislar uchun kadrlar tayyorlash tizimining ajralmas qismi bo‘lib, u bo‘lgusi muhandislarda kasbiy mahoratni shakllantirish va uni yanada rivojlantirishda asosiy omil vazifasini o‘taydi. Shu boisdan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT)da talabalar xorijlik professorlar, mutaxassislar, yuqori darajadagi trenerlar jamoasidan ta’lim olish bilan bir qatorda jahon andozalari darajasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarda o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash imkoniyatiga ham ega bo‘lishmoqda.
SIUTning butun o‘quv dasturi u tog‘-kon, geologiya va neft-gaz muhandisligi bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri “Colorado School of Mines” – AQShning Kolorado konchilik maktabi Davlat ilmiy-tadqiqot universiteti bilan hamkorlikda tayyorlangan. SIUTning o‘quv jarayonlari dual ta’lim tizimiga asoslangan bo‘lib, talabalar birinchi kursdanoq O‘zbekistondagi yirik neft-gaz kompaniyalari (Eriell guruhi, Enter Engineering, Sanoat energetika guruhi) ob’yektlarida ishlab chiqarish amaliyotlariga jalb etilgan.
Joriy yilning 21 mayidan 20 iyunigacha SIUTda tahsil olayotgan 1-bosqich talabalari uchun ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etildi. Amaldagi o‘quv rejaga asosan, dars jarayonidan ajralgan holda, muhandislik va energetika (School of Engineering, CIEP, KITCdagi “Qayta tiklanadigan energetika”) yo‘nalishlari talabalari malakaviy amaliyotni o‘tash uchun Qarshi shahrida joylashgan “Eriell Prof Education” o‘quv markazi, «Samarkandkimyo» zavodi, “Xishrav GES 2-B” gidroelektr stansiyasi, Cho‘ponota quyosh elektr stansiyasida; “Xalqaro logistika” yo‘nalishi talabalari – “Prime Samarkand” logistik kompaniyasida; “Tadbirkorlik va menejment” yo‘nalishi talabalari – universitet qoshidagi WIN markazida tashkil qilinadigan MAP treyning kurslari, “EasyBooking” kompaniyasi, “Orient-Star” va “Grand Samarkand Superior” mehmonxonalari, “Silk Roads Destinations – C.A.T.I.A.” turistik agentligi; “Axborot texnologiyalari” talabalari – «Uztelesom» AJ, “SamIT Global” kompaniyasida; «Dizayn» ta’lim yo‘nalishi talabalari esa universitet qoshidagi Media Markazida amaliyot o‘tadilar.