Siyosiy partiyalardan deputatlikka ko‘rsatilgan ayollar soni 40 foizga ko‘payadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar guruhi tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqiga asoslangan holda ishlab chiqilgan "O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi.
Qonun loyihasida Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan ayollar sonini deputatlikka nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan 40 foizigacha oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritish taklif etiladi.
Hujjatning qabul qilinishi xotin-qizlarning jamiyat va davlat ishlarini, saylov jarayonlarini boshqarishdagi o‘rni, siyosiy faolligini kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 30 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar, Senat a’zolari va mahalliy Kengashlar deputatlari – 25 foizini tashkil etadi.