Siz bergan qarmoqda baliq ushlasa bo‘ladimi?..

Keyingi yillarda yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish masalasi kun tartibidan tushgani yo‘q. Joriy yilgi Davlat dasturida ham bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilib, aholining ijtimoiy farovonligini oshirish bo‘yicha manzilli vazifalar belgilangan.
Xo‘sh, ayni vazifalar joylarda qanday amalga oshirilmoqda? Xususan, aholini kambag‘allikdan chiqarish chora-tadbirlari samara beryaptimi? Qo‘shrabot tumani misolida buni o‘rganishga harakat qildik.
Tumanda 45 ta mahalla bo‘lib, ulardagi 29 ming 644 oilada 141 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bugungi kunda 1583 ta oila kambag‘allik reyestriga kiritilgan. Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan 530 ta oilaga viloyat va tuman darajasidagi davlat idoralari 147 nafar rahbarlari, tadbirkorlar biriktirilgan. Tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida bu oila a’zolarining 280 nafari ish bilan ta’minlanib, 105 nafari tadbirkorlikka jalb qilingan. Yana 129 oilaga “Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratilib, o‘zini o‘zi band qilishiga erishilgan.
— “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi doilasida tumanimizdan og‘ir toifadagi 10 ta mahalla tanlab olinib, ularning infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha manzilli dastur ham ishlab chiqildi, - deydi bo‘limning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha bosh mutaxassisi O‘tkir Abdusamatov. – Ayni maqsadga byudjetdan 3 milliard 422 million so‘m mablag‘ ajratildi. Xususan, Pichot mahallasida aholi tomorqasidan samarali foydalanishni tashkil etish uchun 3 kilometr ariqni betonlash rejalashtirilgan. Qolgan mahallalar oqar suv manbasidan yiroqda joylashganligi uchun hududida artezian quduqlar kovlanadi. Shuningdek, 33 ta transformator, 65 kilometrdan ortiq elektr tarmog‘ini ta’mirlash, 23 kilometr ichki yo‘llarni asfalt qilish, 5 kilometr piyodalar yo‘lagini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar boshlangan.
Infratuzilma yaxshilansa, sharoit bo‘lsa, albatta odamlar ko‘proq daromad qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Lekin hamma ham bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalana olyaptimi? Aytaylik, kredit berish orqali kambag‘allarni yanada og‘ir vaziyatga tushirib qo‘ymayapmizmi? Tumanning og‘ir toifasidagi hududi hisoblangan Pichot mahallasida bo‘lib, masalaning ayni jihatlarini o‘rgandik.
— O‘tgan yili mahallamizning 122 ta oilasi reyestrda turgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 62 tani tashkil qilmoqda, - deydi mahalladagi hokim yordamchisi Akmal Mamatov. - Reyestrdan chiqqanlarning asosiy qismi kredit olish hisobiga doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi. Kimdir tadbirkor bo‘ldi, boshqalari o‘zini o‘zi band qildi. To‘g‘ri, kredit olib, uni qaytara olmayotganlar ham yo‘q emas. Lekin o‘rganishlar ularning o‘zi mehnat qilishni istamasligi, boqimandalik kayfiyatiga berilganini ko‘rsatmoqda. Tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, aniq reja bilan kredit olganlar qiyin vaziyatda qolmaydi.
Mahalla tuman markazidan olisda emas, 3 kilometr masofada joylashgan. Aholining asosiy daromadi chorvachilik va dehqonchilikdan. Hokim yordamchisining aytishicha, o‘tgan yillarni ham qo‘shib hisoblaganda mahallaning kredit olmagan fuqarolari deyarli qolmagan. Kimdir dehqonchilik qilish uchun artezian qazdirish uchun, boshqasi issiqxona qurish, yana kimdir qoramol yoki qo‘y olish maqsadida 5 milliondan 33 million so‘mgacha kredit olgan. Shu bilan har bir oila daromad yoki qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lib, asta-sekin yashash sharoitini yaxshilab bormoqda.
— Asosiy daromadim dehqonchilik va chorvachilikdan edi, - deydi Rustam Xolbekov. – Hokim yordamchisining maslahati bilan 33 million so‘m kredit olib, limonarimga sarfladim. Natijada bo‘sh turgan bir sotix yerdan yiliga 15-20 million so‘m qo‘shimcha daromad paydo bo‘ldi. Bu yil yana 33 million so‘m kredit olib, yangi, kattaroq issiqxona qurishga sarfladim. Limonchilikni yanada kengaytirishni rejalashtiryapman.
Shu mahalladagi Iroda Omonova esa bor-yo‘g‘i 5 million so‘m kredit olib, turli pishiriqlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan. Yaqingacha ishsiz va daromadsiz bo‘lgan oddiy uy bekasi shu mablag‘ bilan tadbirkorga aylandi. Hozir u o‘z mahallasi va qo‘shni mahallalardagi do‘konlarga pishiriqlar yetkazib berib, yaxshigina daromad qiladi. U ham faoliyatini kengaytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari ochishni maqsad qilgani va yana kredit olish niyatida ekanini ma’lum qildi.
— Fuqaroga kredit berishdan oldin uning kredit tarixi o‘rganiladi, olinadigan mablag‘ni maqsadli yo‘naltirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqiladi, - deydi mahalladagi bank xodimi Mirsharof Toirov. – Biz o‘z navbatida bu loyihalarning to‘g‘ri ishlashini nazorat qilib, fuqarolarga nazariy va amaliy ko‘mak beramiz. Ular mahsulot ishlab chiqarsa, xaridor topishda ham yordam beramiz. Aytmoqchimanki, kredit barchaga ajratilavermaydi va uni olganlar foyda qilishi va kambag‘allikdan chiqishi ta’minlanadi. Agar teskarisi bo‘lsa, ya’ni kredit olgan oila uni to‘lay olmasa, bu mahallaning reytingida va albatta, bizning ish samaradorligi ko‘rsatkichimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
To‘g‘ri, keyingi vaqtda aholining bank kreditlariga ehtiyoji ko‘paydi. Bu vosita kambag‘allikni qisqartirishda ham keng qo‘llanilmoqda. Lekin odamning o‘zida harakat bo‘lmasa, kredit vaziyatni yanada yomonlashtirishi turgan gap. Teskarisi bo‘lsa, bu yaxshi hayot uchun imkoniyat. Shu ma’noda kambag‘allikdan chiqish masalasi ham ko‘proq fuqaroning o‘ziga bog‘liq bo‘lmoqda. Nazarimizda imkoniyatlar yetarli, odamlardan esa faqat intilish va harakat kerak.
Asqar Barotov.