Siz donor bo‘la olasizmi?
Viloyat qon quyish markazida markaz shifokorlari, faxriy donorlar hamda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti talabalari, Samarqand shahridagi bir qator maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.
- Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasi bo‘yicha aholiga qon yetarli bo‘lishi uchun ming nafar aholiga o‘nta donor bo‘lishi kerak, - deydi viloyat qon quyish markazi bosh vrachi R.Aliyev. - Biroq 2021 yilda mamlakatimizda mingta odamga 7 ta donor to‘g‘ri kelgan. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida Prezidentimiz 2022 yil 9 avgustda “Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi qarorini imzoladi. Unga ko‘ra, faxriy donorlarga imtiyozlar berildi, donorlik harakatini keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirish, qon donorlariga sifatli xizmat ko‘rsatish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish belgilandi.
Tadbirda ishtirokchilarga ushbu qaror mazmun-mohiyati, qon topshirish salomatlik uchun foydali ekani, turli kasalliklar yoki baxtsiz hodisalar tufayli qon almashtirishga muhtoj bemorlarning hayotga qaytishlariga katta yordam ekani tushuntirildi.
Zarifa Qayumova,
Samarqand viloyati qon quyish markazi shifokori.