“Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?”

13-14 mart kunlari Samarqand shahrida maktab jamoalari o‘rtasida ana shu nomdagi ko‘rik-tanlovning respublika bosqichi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Tadbir ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura, maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, joriy yildan an’anaviy tarzda har yili o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu ko‘rik-tanlov respublika bosqichiga chiqquniga qadar to‘rt bosqichda bo‘lib, unda 80 mingga yaqin yoshlar qatnashgan.
Eng bilimli va faol jamoalardan tarkib topgan 140 nafar o‘quvchi tadbirning respublika bosqichida ishtirok etadi. Ishtirokchilar 5 shart, ya’ni “Bizning hudud”, “Intellektual ring”, “Ekologiya uchun barchamiz mas’ulmiz”, “Eng yaxshi ekologik loyiha” shartlari bo‘yicha bellashadi.
- Men o‘zimni ekofaol deb bilaman, - dedi matbuot anjumanida ishtirok etgan taniqli aktrisa Fotima Rejametova. – Kasbim boshqa bo‘lsa ham, bunday mas’uliyatli tadbirda hay’at a’zosi tariqasida qatnashayotganimdan xursandman. O‘ylaymanki, yoshlarimiz ushbu tadbir orqali tabiatni ko‘z qorachig‘idek asrashni yanada yaxshi bilib oladi.
Darhaqiqat, “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini qimmatbaho sovg‘alar kutmoqda. Shuningdek, ular shahrimizning tarixiy va diqqatga sazovor joylariga sayohat qiladi.
Xurshida ERNAZAROVA.