“Siz o‘qishga qabul qilindingiz” degan SMS keldimi?

“Minglab insonlar ichidan sizning raqamingiz omadli raqam sifatida tanlandi va Toshkentdagi nufuzli universitet talabasi bo‘lish imkoniyati berildi! Telefon raqamlarimiz:...”

Gazetamiz o‘quvchilaridan biri yaqinda uning telefoniga shu mazmunda xabar kelganini, xabarda berilgan raqamga qo‘ng‘iroq qilganida u rostdan ham omadlilar safidan o‘rin olib, o‘qishga qabul qilinganini ma’lum qilishgan. Shundan so‘ng “omadli” raqam egasining telegramiga u qabul qilingan universitet haqida ma’lumotlar, uning litsenziyasi, bo‘lg‘usi talaba yuborishi kerak bo‘lgan hujjatlar hamda to‘lanishi zarur shartnoma puli ham yozilgan xabar kelgan.

- Shaxsimni tasdiqlovchi, o‘rta ta’limni tugatganligimga doir hujjat, sog‘ligim bilan bog‘liq hujjatlarni onlayn jo‘natishim mumkinligini aytishdi, - deydi G.Melikova. – Keyin ular shartnoma yuborishlari va shu orqali to‘lovni amalga oshirishim kerakligini bildirdi. O‘qish sirtqi bo‘lib, Toshkentga faqat ikki bor, yanvar hamda iyun oylarida o‘qib kelishim mumkin ekan. To‘g‘risi, telegramdan kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, juda nufuzli xususiy oliy ta’lim muassasasi ekan. Hozircha 4,5 million so‘m pul to‘lasam, yetarli ekanligini aytishdi. Men rostdan ham shu yil oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga topshirgandim, ammo imtihonlarda qatnasha olmadim. Ushbu universitet haqida ilk bor eshityapman. Shunga biroz shubham bor, sizlardan maslahat so‘ramoqchi edim.

G.Melikova telegram tarmog‘i orqali tashlab bergan ma’lumotlarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, rostdan ham xuddi shu nomdagi xususiy universitet mavjud ekani aniqlashtirildi. Universitet ochilgani haqida respublikadagi nufuzli ommaviy axborot vositalarida ko‘plab e’lonlar berilgan. Bir qaraganda juda ishonchliday tuyuladi. Keyin universitetning rasmiy kanallari bo‘yicha internetdan qidiruvga berdim. Telefon raqamlari ham topilgach, ushbu oliy ta’lim muassasasi ma’muriyati bilan aloqaga chiqdik. Ularga vaziyatni tushuntirgandik, bu firibgarlik ekanini aytishdi, universitet nomidan odamlarni chuv tushirishga urinish ekanini aniqladik.

Hamkasblar bilan suhbat davomida ularga ham shu kabi murojaatlar tushgani, hatto Samarqandda mavjud bo‘lmagan xususiy universitetlar nomidan xatlar tashkil etilib, shartnoma pulini to‘lasangiz, oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lish mumkinligi haqida gap-so‘zlar borligini aytishdi. Bunga ishonib, hujjat to‘g‘rilab yurgan abituriyentlar bor ekan.

Yoshlar uchun oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lish asosiy maqsadlardan biriga aylanib qolgan, ayniqsa, ota-onalar farzandi bu darajani qo‘lga kiritishi uchun borini berishga ham tayyorligi ko‘pchilikka ma’lum. Shunday vaziyatda ularga yuqoridagi kabi xabarlarning kelishi kutilmagan mo‘’jizaday tuyulishi va har qanday shubha-gumonlarga qaramay, mazkur aldovlarga uchib qolishi hech gapmas.

Firibgarlardan ehtiyot bo‘ling, har qanday xushxabar ham rost bo‘lmasligi va eng yomoni, sizni chuv tushirishi mumkin.

Gulruh MO‘MINOVA.