Skrining qanday o‘tkaziladi?

Prezidentning 2022 yil 26 yanvardagi “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan yurtimizda 40 yoshdan oshgan aholi har yili kamida bir marta qandli diabet va diabetoldi holatlari uchun maqsadli skriningdan o‘tkazilishi belgilangan.

Mazkur tekshiruv tuman, shahar endokrinologlari tomonidan birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini mutaxassislari bilan birgalikda o‘tkaziladi. Buning uchun hududiy poliklinikalar zarur tibbiy uskunalar, glyukometr, maxsus test yaproqchalari hamda ignalar bilan ta’minlangan. Lekin skrining tekshiruvlarini o‘tkazadigan shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlarining bu boradagi bilim va makalasini oshirib borish ham muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Shundan kelib chiqib, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filialida qandli diabet ikkinchi tur bemorlarni terapevtik o‘qitish milliy ta’lim maktabida shifokor va hamshiralar malakasini oshirish yo‘lga qo‘yilgan.

Maktabning navbatdagi o‘quv seminari Payariq tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida o‘tkazildi.

Tumandagi QVP va oilaviy shifokor punktlari oilaviy shifokorlari, patronaj va amaliyotchi hamshiralar ishtirok etgan tadbirda markaz viloyat filiali vrach-endokrinologi A’zam Hamzayev skrining o‘tkazishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar, qandli diabet 2-turi bo‘yicha tushuncha berdi.

– Qandli diabet yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ortiqcha vaznli va boshqa turli omillar ta’siridagi kishilarni vaqti-vaqti bilan ko‘rikdan o‘tkazib turish, kasallik va uni keltirib chiqaruvchi sabablardan ularni xabardor qilish birlamchi bo‘g‘indagi tibbiyot muassasalarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi, – deydi A.Hamzayev. – Shu bois 40 yoshdan oshgan aholi yiliga kamida bir marta qandli diabet va diabetoldi holatlari uchun maqsadli skriningdan o‘tkazilmoqda. Bu, avvalo, kasallikning oldini olish va erta aniqlashga yordam beradi. O‘quvlarimiz davomida shifokor va hamshiralarga tekshiruvlar bilan birga aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, to‘g‘ri ovqatlanish, faol jismoniy harakatda bo‘lish to‘g‘risida tushuncha berish zarurligini uqtiryapmiz.

Bu kabi o‘quvlar boshqa tuman va shaharlarda ham o‘tkazilmoqda.