“Smart mahalla” mobil axborot tizimi orqali 20 yo‘nalishda ariza yuborish mumkin. Ilovada boshqa qulayliklar ham bor

Bugun qo‘l telefonidan foydalanmaydigan odam deyarli yo‘q. Ammo mazkur qurilma aksariyat hollarda aloqa vositasi sifatida xizmat qiladi. Biroq endi milliy ilovalar yaratish orqali uning funksiyalari kengayib, fuqarolarimizga yangi qulaylik yaratmoqda.

Jumladan, davlatimiz rahbarining joriy yil 26 martdagi farmoniga asosan Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Smart mahalla” mobil axborot tizimi yaratildi.

- Fuqarolarga masofadan turib elektron xizmatlar ko‘rsatishga qaratilgan tizimda Samarqand va Toshkent viloyatlarining sektor shtablari, mahalla idoralari, huquq-tartibot maskanlari va aholi demografiyasi haqidagi ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan, - deydi viloyat 3-sektor kotibi Nurnazar Tilavov. – 

U Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Davlat kadastrlari palatasining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinganligi bilan ham alohida ahamiyatga ega.

Shu bois, qayd etilgan mobil ilovadan foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng “Mening mahallam” menyusida mahalla raisi, mahalla demografik ma’lumotlari va biriktirilgan sektor rahbari, shuningdek mahalla idorasi va sektor shtabining geojoylashuvi haqida ma’lumot olsa, sektor faoliyatiga baho bersa bo‘ladi.

Joriy yil 1 iyundan sinov rejimida ishlayotgan mobil axborot tizimida fuqarolarga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirishga qaratilgan 20 yo‘nalishda arizalar bilan murojaat qilishga imkon yaratilgan.

Masalan, “Smart mahalla” mobil ilovasi aholiga sektorlarga masofadan turib murojaat yuborish va uni ko‘rib chiqish jarayonini kuzatib borish, mahalla raislari, sektor rahbarlari va profilaktika inspektorlari bilan tezkor muloqotni yo‘lga qo‘yish, sektor rahbarlari va profilaktika inspektorlari faoliyatiga baho berish kabi imkoniyatlar bilan bir qatorda, davlat idoralarining ochiq ma’lumotlar resurslaridan tezkorlik bilan foydalanishda qulayliklar yaratadi.

Ilovadan foydalanuvchi “Hudud geo-xaritasi” menyusida esa sodir e’tilgan yo‘l-transport hodisalari, ma’muriy huquqbuzarliklar va jinoyatlar haqidagi ma’lumotlarni hududlar kesimida, davr oralig‘ida kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. Tizimning “Qidiruvdagi va bedarak yo‘qolgan shaxslar” menyusida huquq-tartibot organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qidiruv e’lon qilingan va bedarak yo‘qolgan deb topilgan shaxslar haqidagi so‘nggi ma’lumotlar aks etadi.

“SOS” menyusida “101”, “102”, “103”, “104”, “1050” va “1173” qisqa raqamlariga shoshilinch xabar yo‘llash, shuningdek “102” tizimi orqali murojaat ijrosi doirasida jalb etilgan kuch-vositalarni joylashuvi va hodisa joyiga qarab harakatlanishini real vaqt davomida kuzatib borsa bo‘ladi.

Mobil ilovada ota-onalar uchun ham yangi, o‘ziga xos xizmat taklif qilinmoqda. Jumladan, “Bolani masofadan nazorat qilish” menyusi orqali ta’lim muassasalarining turniket, GPS-treker va kuzatuv kameralari tizimlariga ulanib, farzandlarini nazorat qilishi mumkin.

Darvoqe, Samarqand va Toshkent viloyatlarida sinov tariqasida joriy etilgan “Smart mahalla” axborot dasturining boshlang‘ich versiyasi joriy yil yakuniga qadar respublikaning barcha hududlarida tatbiq etiladi.