Smartfon samarali vositami yoki chalg‘ituvchi omil?

Smartfonlar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Chunki ular yordamida do‘stlarimiz bilan muloqot qilyapmiz, ijtimoiy tarmoqlar vositachiligida dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalar, yangiliklardan boxabar bo‘lyapmiz, ko‘ngilochar kontentlarni tomosha qilyapmiz. Shuning barobarida smartfonlar ta’lim sohasida ham katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Onlayn kurslar, ta’lim ilovalari, audio va video darslar, elektron kitoblar bizga bilim beryapti, ongimiz, dunyoqarashimizni shakllantirmoqda.

Masalan, onlayn darslar orqali matematika yoki fizika fanlaridan mashg‘ulot o‘tkazish, elektron testlar yechish, mutaxassislarning ma’ruzalarini tinglash mumkin. Xususan, chet tillarini o‘rganishda smartfonlar ayniqsa samarali vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Mobil ilovalar orqali lug‘at boyligimiz, tinglash ko‘nikmamiz oshyapti.

Biroq ta’lim jarayonlarida smartfonlardan noto‘g‘ri foydalanish holatlari ham kuzatilyapti. Masalan, dars paytida diqqatni chalg‘ituvchi ilovalardan foydalanish, o‘yinlarga berilib ketish yoki ijtimoiy tarmoqlarda vaqtni behuda o‘tkazish o‘qish samaradorligini pasaytirmoqda. Bundan tashqari, xato ma’lumotlarga duch kelish, virtual dunyoga haddan ziyod berilgan holda real hayotdan uzilish xavflari ham mavjud.

Shuning uchun, smartfonlardan foydalanishda maqsadni aniq belgilab olish, vaqti-vaqti bilan nazorat qilish va faqat ishonchli manbalardan ma’lumot olish muhim ahamiyatga ega. O‘quvchilar va ota-onalar ushbu masalaga jiddiy yondashishi, ta’limda smartfondan unumli foydalanish yo‘llarini qidirishi lozim.

Malika ABRUYeVA,
SamDChTI o‘qituvchisi.