Smartfondan ehtiyot bo‘ling! Ota-onalarning o‘qishini tavsiya etamiz

Kompyuter texnologiyalari asrida bolalarning gadjetlarga bog‘lanib qolayotgani katta muammolardan biriga aylandi. Ko‘pchilik ota-onalar farzandlaridan vaqtincha “qutulish” uchun ularning qo‘llariga smartfon tutqazib quyayotgani guvohi bo‘lyapmiz.

Bolalar qiziqarli o‘yinlarga boy, turli multfilmlar ko‘rishning imkoni bo‘lgan smartfonni qo‘llariga olishgach, ortiqcha ovoz chiqarmasdan, jimgina telefon bilan ovunib qolishadi. Biroq ularning qo‘llaridan bu “ovunchoq”ni olib qo‘yishingiz bilan janjal boshlanadi. Keyin ota-onalar nima sababdan farzandlari jizzaki bo‘lib ulg‘ayishayotganiga hayron ham bo‘ladi.

Bola uch yoshgacha bo‘lgan davrda smartfonlar bilan emas, ota-onasi, bobo-buvisi va boshqa oila a’zolari bilan iloji boricha, ko‘proq muloqotga kirishishi zarur. Chunki bu davrda bolaning dastlabki tushunchalari, miya faoliyati, so‘z boyligi va boshqa ruhiy va jismoniy xislatlari shakllanadi.

Zararli radioto‘lqinlar

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Saraton xastaligini o‘rganish xalqaro agentligi 2011 yilda mobil telefonlar va boshqa simsiz uskunalar tarqatayotgan radioto‘lqinlarni yashirin kanserogenlar (saratonga olib keladigan atrof-muhit omili) qatoriga kiritishdi. Shuni inobatga olish kerakki, yosh bolalarda atrof-muhitning turli zararli ta’siriga sezuvchanlik yuqori, miya faoliyati va immun tizimi to‘liq rivojlanmagan bo‘ladi.

Miya rivojlanishiga ta’siri

Yangi tug‘ilgan chaqaloqning miyasi ikki yoshgacha 3 barobar kattaradi va bola 21 yoshga kirgunicha rivojlanishda davom etadi. Bolaning dastlabki yillardagi miya rivojlanishi atrof-muhitning yomon ta’sir qiluvchi omillari yoki ularning yo‘qligi bilan belgilanadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, gadjetlar ta’sirida miya faoliyatini zo‘riqtirish, fikrlash va o‘rganishdagi kechikishlarga, jahldorlikka, o‘z-o‘zini boshqarish qobiliyatining pasayishiga olib keladi.

Jismoniy va ruhiy rivojlanishda ortda qolish

Qo‘lda planshet yoki smartfon bilan qimirlamay o‘tirish kam harakatchanlikka sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida, jismoniy va ruhiy rivojlanishdan ortda qolishga olib kelishi mumkin. Mazkur muammo AQShda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. U yerda har uchinchi bola ruhiy yoki jismoniy rivojlanishda ortda qolgan holda birinchi sinfga boryapti. Bu holat uning bilim olishiga yaqqol ta’sir o‘tkazmoqda.

Jismoniy faollik jismoniy kuch bilan birga aqliy faoliyatni ham yaxshilaydi va bolaga diqqatini jamlashga, o‘rganishga va o‘rganganlarini hayotga tatbiq etishga yordam beradi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yosh bolalar tomonidan elektron texnikalarning qo‘llanilishi ularning rivojlanishiga va bilim olishiga salbiy ta’sir qiladi.

Semizlik

Kompyuter o‘yinlari va videolarga mukkasidan ketgan bolalarda ortiqcha vaznlik holati 30 foiz ko‘p uchraydi. Bugun har to‘rtinchi yosh kanadalik va har uchinchi o‘smir amerikalik ortiqcha vazndan aziyat chekmoqda. Bundan tashqari, ularning 30 foiziga qandli diabet tashxisi qo‘yilgan.

Semizlikdan aziyat chekayotgan bolalarga ularning hayotini keskin qisqartirib yuborishga sabab bo‘ladigan erta insult va yurak xuruji kabi oqibatlar doimiy ravishda xavf soladi. Mutaxassislar, ota-onalarni farzandlari vaznlarini kuzatishga va bolalarga kompyuter va smartfonlardan kamroq foydalanishlarini nazorat qilishga chaqirib bong urmoqda. XXI asrning dastlabki avlod vakillari o‘z ota-onalaridan oldinroq vafot etishlari xavfi juda yuqori.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 60 foiz amerikalik ota-onalar farzandlari turli gadjetlar bilan qancha vaqtlarini o‘tkazishayotganlarini umuman nazorat qilmas ekan. Bundan tashqari, Amerikadagi har 4 ta oilaning 3 tasida ota-onalar farzandlariga elektron uskunalarni yotoqlariga olib ketishiga ruxsat berishadi. Telefon, planshet va noutbuklar taratayotgan yorug‘lik me’yorida orom olishga to‘sqinlik qiladi va bu holat uyqusizlikka olib keladi. Mutaxassislar uyqusizlikni to‘yib ovqatlanmaslik bilan bir turdagi zararli omillar qatoriga qo‘yishadi. Ikkala holat ham organizmning kuchsizlanishiga olib keladi. O‘z navbatida, kuchsiz organizmning turli kasalliklarga sezuvchanligi yuqori bo‘ladi.

Ruhiy kasalliklar

Internetga bog‘lanib qolish bolaning “yovvoyi” bo‘lishiga va unda turli fobiyalarning (biron narsadan qo‘rqish holati - masalan, masxarabozdan, dengizdan, qorong‘ulikdan, balandlikdan) rivojlanishiga olib keladi. Ushbu ro‘yxatni ruhiy kasalliklarning ko‘plab turlari bilan to‘ldirish mumkin: autizm, muloqot qilish, fikrlash qobiliyati, jaxldorlik, omma orasida o‘zini tutish faoliyatining buzilishi, real hayotdan uzilish.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, kanadalik bolalarning oltitadan bittasida ruhiy xastalik mavjud. Mazkur xastaliklar kuchli psixotrop dori vositalari bilan davolanadi.

Tajovuzkorlik

Televizordagi va kompyuter o‘yinlaridagi vahshiyliklar real hayotda o‘z ifodasini topadi. Bola miyasi tarbiya va axloqning tayyor namunasini o‘yinlar va videolavhalar orqali qabul qilib, uni atrofidagi real hayotda qo‘llay boshlaydi.

Bu borada ko‘plab mutaxassislar deyarli bir xil to‘xtamga kelishdi: ekrandagi zo‘ravonliklar qisqa muddatli va uzoq muddatli taassurot qoldiradi. Bola ongiga singdirilgan tajovuzkorlik uzoq muddatdan keyin ham faollashishi mumkin.

Fikrni jamlash

1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga gadjetlar ta’siri ular yetti yoshga yetganda ham fikrini jamlash muammosini keltirib chiqarishi mumkin. Fikrlarini bir joyga jamlay olmaydigan bolalar shunchaki, biron narsani eslab qolish va tanib olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

Real hayotdan uzoqlashish

Elektron texnologiyalar ularga bog‘lanib qolgan bolalarning nafaqat ruhiyatiga, hissiyotiga ta’sir qiladi, balki ularni real hayot haqiqatlari oldida kuchsiz qilib qo‘yadi.

Odatda virtual olamda o‘tgan vaqt bolani foydali ko‘nikmaga o‘rgatmaydi. Bola hayotda virtual o‘yindagidek omadli va zabardast qahramon bo‘la olmaydi va real hayot oldida ojiz qoladi.

Bizning maslahatimiz

Bu holatda ota-onalar nima qilishi zarur? Balki, bola qo‘lidan barcha gadjetlarni olib quyib, unga internetga kirishni taqiqlab qo‘yish kerakdir?

Bunday qilib bo‘lmaydi. Bolaning ota-onasidan jahli chiqadi va ular bola uchun “dushman”ga aylanadi. Zamonaviy texnologiyalar – zamonaviy hayotning bir qismi. Bolaga smartfonlar (noutbuk, planshet va hokazo) bilan muomala qilishni o‘rgatish kerak. Biroq judayam kichkinaligidan emas. Bir yoshli go‘dakning qo‘liga smartfon tutqazib qo‘yish yaramaydi. Bir yoshli go‘dakni ko‘proq sayrga olib chiqish kerak.

Bolaning qo‘liga smartfon tutqazish vaqtini chegaralash zarur. Pediatrlar butun oila uchun smartfonlardan foydalanish vaqtini belgilashni maslahat beradi.

Masalan, kechki ovqatdan so‘ng ikki soat davomida gadjetlardan foydalanish mumkin emas. Yoki uyning biron bir hududida gadjetlardan foydalanishni taqiqlash – masalan, mehmonxonada, oshxonada yoki yotoqxonada.

Uyqudan bir soat oldin bolalarga smartfonlardan foydalanishni taqiqlash maqsadga muvofiq. Buning uchun ota-onalar o‘zlariga ham mazkur taqiqni joriy etishi zarur. Bu taqiq ota-onalarga ham foyda berishiga ishonchimiz komil.

Texnologiyalar asrida ota-onalar o‘zlari va farzandlari uchun qiladigan eng ma’qul ish – “gadjetlarsiz vaqt”ni joriy etishidir. Ma’lum vaqtga smartfon, planshet va noutbuklarni bir chetga qo‘yib, o‘zaro samimiy suhbat qurish, farzandlar bilan turli jismoniy o‘yinlar o‘ynash, haqiqiy oila bo‘lib yashash kerak.

Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.