So‘limda odamlar uyni isitish uchun oyoq kiyimlarini yoqmoqda

Bu ko‘cha So‘lim shaharchasidagi Chil­quduq mahallasida joylashgan bo‘lib, 241 xonadon mavjud. Bir necha yildan beri tabiiy gaz yo‘q. Maishiy gaz balloni goh bir oy, gohida ikki oyda bir keladi. Ko‘mir ham berilmagan. Aksiga olib, hududdagi transformator ta’mirlanaverib, bir ahvolga kelgan. Xo‘sh, ayting-chi, shunday bo‘lgach, aholi uyni nima bilan isitishi kerak?

Fuqarolardan biri Zokir Qurbonov shu savolimizni eshitgach, uyiga taklif qildi: "Keling, ko‘rasiz". Bordik, uyni pechkada yoqilgan rezina hidi tutib ketgan, zaxirada esa oyoq kiyimlar!

Yana bir fuqaro Xosiyat Esanova uzoq yildan beri yolg‘iz o‘zi nogiron farzandini parvarishlaydi. Moddiy ahvoli og‘ir. Farzandini, chaqaloqlarni sovuqdan asrash uchun yashab turgan uyini bir chekkadan buzib, yog‘ochlarni yoqa boshlagan.

Gaz yo‘q, svetga ishonch yo‘q, istagan vaqtda o‘chishi mumkin, ko‘mir faqat og‘izda. Nogiron farzandimdan tash­qari yana bir o‘g‘lim va uning oilasi, chaqaloqlari bilan hammamiz bir uyda yashaymiz. Ammo shuni isitish ham muammo. Uyda faqat men ishlayman, farrosh bo‘lib. O‘tin narxini esa bilasiz

Darvoqe, o‘tgan oyda o‘zimiz ham tahririyat orqali 1 dekabrgacha aholiga ko‘mir yetkaziladi, deb xabar bergandik. Chunki viloyat hokimining joriy yil 15 oktyabrdagi farmoyishida viloyat "Temiryo‘lyonilg‘ita’min" birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligiga bu haqda aniq topshiriq berilgandi. O‘z navbatida, biz bilan suhbatda mazkur xo‘jalik ombor mas’ul xodimi bu borada muammo bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. Ammo haqiqiy holat shuki, birgina Shodiobod ko‘chasidagi 241 ta xonadondan birortasi shu vaqtgacha ko‘mir olgan emas. Aholi bilan suhbatlashganimizda stansiyalarga bir-ikki marta borib ko‘rgani, ammo ko‘mir bo‘lmagani uchun ayrimlar sotuvchilardan 800 so‘mdan sotib olganini ma’lum qildi.

Mahallaning qolgan hududlariga tabiiy gaz yetib boradi, – deydi Chil­quduq mahallasi raisi Ubaydulla Elboyev. – Bu ko‘chada ham bir necha yil oldin tabiiy gaz bor edi. Ammo ta’mirlash uchun quvurlar uzildi-yu, shu bilan qolib ketdi. Mahalla tabiiy gaz yetkazib berilgan hudud sifatida qayd etilgan. Shu sababdan ko‘mir olganimiz yo‘q.

To‘g‘ri, aholiga bir oy, ikki oy deganda maishiy gaz ballonlarda suyultirilgan gaz yetib keladi. Ammo suyultirilgan gaz ovqat pishirish uchun   beriladi.

Tabiiy gaz ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha biz, mahalla faollari "O‘ztransgaz" aksiyadorlik jamiyatining viloyat, shahar hamda tuman bo‘limlariga murojaat qilganmiz, – deydi shu ko‘chada istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Abdug‘affor Latipov. – Jamiyatning viloyat filiali bosh muhandisi va’da berdi, Samarqand tuman bo‘limiga ko‘chamizni tabiiy gazga ulash bo‘yicha topshiriq ham berdi. Ammo tuman gaz idorasi mutasaddilari Shodiobod shaharga qarashli, gazni ham o‘sha yerdan olsin, deb turib olishdi. Ko‘chamizdagi o‘zimiz ta’mirlagan gaz quvurlari shundoqqina Samarqand tumanidan kelgan katta gaz quvuri oldida. Ammo ulanishga ruxsat yo‘q. Samarqand shahridan ulanish uchun esa ancha masofaga o‘z hisobimizdan quvur tortishimiz kerak. Xullas, bu ko‘chada "O‘zing uchun o‘l yetim!"

Shunday qilib, Shodiobod ko‘chasidagi aholi qishdan eson-omon chiqish uchun nima topsa, shuni yoqayapti. Afsuski, So‘limning muammolari shu bilan tugab qolmaydi. Samarqandning eng xarob yo‘llari ham, avariya holatidagi eski ko‘prik ham, nazoratsiz sang‘ib yurgan daydi itlar ham aynan shu yerda. Bu holat umid qilamizki, shahar hokimligi mutasaddilarining qiziqishiga sabab bo‘la oladi.

Anvar MUSTAFOQULOV,

«Zarafshon» muxbiri.