Soat 17.00 qadar 1 million 408 mingdan ziyod saylovchi ovoz berdi

Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazi Samarqand viloyat bo‘limida saylov jarayonlarining borishiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda  Samarqand viloyat saylov komissiyasi raisi Salohiddin Nuriyev ommaviy axborot vositalari hamda blogerlarga viloyatdagi mavjud 1052 ta saylov uchastkasida davom etayotgan saylov jarayonlari haqida ma’lumot berdi.

- Hozirga qadar viloyat saylov komissiyasiga ovoz berish jarayonida saylov qonunchiligi buzilishiga oid holatlar haqida ma’lumotlar kelib tushmadi, - dedi S.Nuriyev. - Soat 17.00 ga qadar viloyatimizdagi saylovchilarning 1 million 408 ming 579 nafari yoki umumiy saylovchilarning 68,8 foizi ovoz berdi. 178 mingdan ortiq yoshlar saylovda birinchi marta ishtirok etdi.

Ta’kidlash lozimki, barcha saylov uchastkalarida jamoat tartibini saqlash, zarur holatda saylovchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash, xorijlik va siyosiy partiyalar kuzatuvchilariga shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha yuqori saviyada xizmatlar tashkil etilgan.

Husan Eltoyev.