Soatiga 20 kilometrgacha tezlikni oshirganlik uchun jarima oshgani yo‘q

Ijtimoiy tarmoqlarda YPX inspektorining videosi tarqalmoqda. Unda aytilishicha, 60 km/soat tezlik belgilangan joyda siz 66 tezlikda kelsangiz, avvalgidek 1 barobar (375 ming so‘m) jarima emas, balki endi 5 barobar jarima to‘lashingiz aytiladi.

Ushbu ma’lumot noto‘g‘ri.

Yangi qonun bilan tezlik uchun jarima miqdorlari oshirilgani yo‘q.

Belgilangan tezlikdan 20 km/soatgacha oshirilsa — 1 barobar

40 km/soatgacha oshirilsa — 5 barobar

40 km/soatdan oshirilsa — 9 barobar

Ilgari ham shunday edi, hozir ham shunday.

Faqat bitta o‘zgarish kiritildi. Ya’ni, endi belgilangan tezlikdan soatiga 60 kilometr oshirib yuborilsa, 15 barobar (5 mln 625 ming so‘m) jarima belgilanadi.

Ya’ni, 60 tezlik belgilangan joyda 125 km/soatdan tezroq yurganlarga (5 zaxirasi bilan) 15 barobar jarima qo‘llaniladi. Ilgari 40 km/soatdan oshirilganda har doim jarima bir xil edi.

Shuningdek, tezlik bilan bog‘liq holatlarda bir yil ichida takroran sodir etilsa, balandroq jarima to‘lash ham bekor qilindi.

Tezlik bilan bog‘liq jarimalar miqdorida boshqa hech qanday o‘zgarish yo‘q.