Sobiq turmush o‘rtog‘iga tazyiq o‘tkazib kelayotgan “er” qamoqqa olindi

1981 yil Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti o‘rta-maxsus, ajrashgan – 1 nafar farzandi bor, ayni paytda tumandagi Zarmetan MFYda istiqomat qiluvchi X.U. sobiq turmush o‘rtog‘ining xonadoniga borib, spirtli ichimlik ta’sirida ko‘chada hammani o‘ziga jalb etgan holda, haqoratli so‘zlar ishlatib, janjal ko‘targan.

Shuningdek, oilasi bilan 2 yil oldin rasman ajrashganligiga qaramasdan, hozirgi kunga qadar sobiq turmush o‘rtog‘i hamda qaynonasiga nisbatan tazyiq o‘tkazishga harakat qilib kelgan. Qiziltepa tumani ma’muriy sudi tomonidan X.U.ning xatti-harakatlariga qonuniy baho berildi.

Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga asosan aybdor deb topilib, unga uzil-kesil 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.