Sog‘liqni saqlash vazirligi ovqatdan zaharlanish holati bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi
Sog‘liqni saqlash vazirligi joriy yil 4 iyun kuni Toshkent shahrining ayrim hududlaridagi “Oqtepa lavash” umumiy ovqatlanish shoxobchalarida qayd etilgan ovqatdan zaharlanish holati bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Joriy yil 7 iyun soat 14:00 ga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligining Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga 29 nafar, shahar 5-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 8 nafar, shahar 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 2 nafar va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 2 nafar bemor ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida og‘riq, tana harorati ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilgan. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, “Ovqat toksikoinfeksiyasi”, “O‘tkir ichak kasalligi” va “O‘tkir diareya” birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizildi.
Ayni paytda shifoxonada bemorlardan laboratoriya tahlillari uchun tegishli barcha namunalar olinib, ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etildi. Mazkur shifoxonalar va uning bo‘limlari zarur dori-darmonlar, infuzion eritmalar, bir marotaba ishlatiladigan shprits va sistemalar bilan yetarli miqdorda ta’minlangan.
Mazkur holat bo‘yicha o‘tkazilgan birlamchi epidemiologik tekshiruv natijasiga ko‘ra,bemorlarning 16 nafari o‘z kasalliklarini Mirobod tumani “Qo‘yliq-5” massivida joylashgan, 19 nafari Sergeli tumani Sergeli-8 mavzesida, 3 nafari Uchtepa tumanida, 1 nafari Shayxontohur tumanidagi Chorsu bozori hududida, 1 nafari Olmazor tumanida joylashgan «Oqtepa lavash» umumiy ovqatlanish shoxobchalarida tayyorlangan tovuqli sendvichni va yana bir nafar fuqaro buyurtma asosida keltirilgan mahsulotni o‘z xonadonida iste’mol qilganliklari bilan bog‘lashmoqda.
Poytaxtimizda yuz bergan ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etilgan. Vazirlik tomonidan yuzaga kelgan epidemik vaziyat joyiga chiqib o‘rganilib, bemorlarga va mutaxassislarga o‘z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Hozirda shifoxonada davolanayotgan bemorlarning ahvoli qoniqarli, og‘ir bemorlarning yo‘qligi sabab bugun kunning ikkinchi yarmida ularning bir guruhiga uylariga ketish uchun ruhsat beriladi va bemorlar o‘zlari ro‘yxatda turgan hududdagi oilaviy poliklinikalar nazoratiga olinib, patronaj xizmati bilan qamrab olinadi.
Eslatib o‘tamiz, 6 iyun kuni vazirlik Toshkentda 15 kishi ovqatdan zaharlangani, ulardan 3 nafarining ahvoli og‘irligi haqida xabar bergan edik.