“Sog‘lom hayot uchun – besh ming qadam” yetarlimi?

– Albatta, yo‘q. Lekin buni har kunlik odatimizga, turmush tarzimizning ajralmas bo‘lagiga aylantirsak, sog‘lom va baxtli hayot kechirishimizga yordam beradi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori Nargiza Kenjayeva.
Samarqand viloyati turizm va sport boshqarmasi tashabbusi bilan bugun ertalab “Sog‘lom hayot uchun – o‘n ming qadam. Biz giyohvandlikka qarshimiz!” shiori ostida ommaviy yurish marafoni o‘tkazildi.
Marafonda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 2 ming nafardan ortiq aholi ishtirok etib, Samarqand shahar Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab 5 ming qadam yurdi.
– Fevral – giyohvandlikka qarshi kurash oyligi doirasida qator sport tadbirlari belgilangan, - deydi viloyat turizm va sport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Ro‘ziyev. - Bugungi marafondan tashqari, sportning taekvondo, kurash, dzyudo, kamondan otish turlari bo‘yicha musobaqalar belgilangan. Maqsadimiz xalqimizni sportga keng jalb qilib, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish orqali turli illatlarni oldini olishdan iborat.
Yurish marafoni yakunida ishtirokchilar Registon maydonida ertalabki badantarbiya mashqlarini o‘tkazishdi.