Sog‘lom turmush tarzi – farovon hayot asosi

Sog‘lom turmush tarzi keng ma’noli tushuncha bo‘lib, u unumli mehnat, faol dam olish, badantarbiya va sport bilan shug‘ullanish, organizmni chiniqtirish, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, oqilona ovqatlanish, zararli odatlardan o‘zini tiyish, har yili shifokor ko‘rigidan o‘tib turish va shu kabi boshqa ko‘plab tarkibiy qismlardan iboratdir.

Sog‘lom turmush tarzi barcha fiziologik va ruhiy jarayonlarni normal kechishi uchun eng qulay sharoit yaratib beradi, bu turli kasalliklarning oldini oladi va insonni uzoq umr ko‘rishiga sabab bo‘ladi.

Sog‘liq – har bir insonni va butun bir aholini bebaho boyligi hisoblanadi. Xo‘sh, o‘z sog‘lig‘imizni qanday mustahkamlashimiz mumkin? Javobi oddiy – sog‘lom turmush tarziga rioya qilish orqali.

Insonning butun umri vaqtni taqsimlash rejimida o‘tadi, qisman umumiy zarurat uchun kerak bo‘lgan majburiy faoliyat, qisman har bir inson uchun shaxsiy bo‘lgan reja asosida amalga oshiriladi. Demak, masalan, talabani kun tartibi o‘quv muassasasini o‘quv rejasiga qarab, harbiylarniki – harbiy qism komandirini tasdiqlab bergan rejasi bo‘yicha, ishchilarniki - ish kunining boshlanishi va tugashi bilan belgilanadi.

Shunday qilib, rejim – bu inson tomonidan yaratilgan tartib bo‘lib, u mehnat, dam olish, ovqatlanish va uyqudan iborat bo‘ladi.

Insonni turmush tarzini asosiy tarkibiy qismi bu uning iqtisodiy va ijtimoiy sharoit yaratishga qaratilgan mehnat faoliyati hisoblanadi.

Insonning turmush tarzi rejimi samarali bo‘lishi, eng avvalo, mehnat faoliyatiga bo‘ysunadi. Ishlaydigan odam ma’lum bir ritmda yashaydi: u ma’lum bir vaqtda turishi, o‘zining majburiyatlarini bajarishi, oziqlanishi, dam olishi va uxlashi kerak. Tabiiyki, bu hayratlanarli emas – tabiatda barcha bu jarayonlarga u yoki bu darajada qat’iy amal qiladi. Ritmik faoliyat – hayotning eng muhim qoidalaridan biri va har qanday mehnatni asosi hisoblanadi.

Hayot faoliyatidagi barcha bu tartiblarni birga kelishi inson faoliyatini samarali bo‘lishi va sog‘lig‘ini a’lo darajada bo‘lishini ta’minlaydi. Insonni mehnat faoliyati davomida uning organizmi bir butun bo‘lib ishtirok etadi. Mehnat faoliyati fiziologik ritm bo‘lib, ma’lum bir vaqtda organizm zo‘riqishni his qiladi, buning natijasida, moddalar almashinuvi yaxshilanadi, qon aylanishi tezlashadi, keyin esa horg‘inlik hissi paydo bo‘ladi; kunning boshqa paytida, zo‘riqish kamayganda, horg‘inlikdan keyingi dam olish rivojlanadi, kuch-quvvati va energiya tiklanadi. Zo‘riqish va dam olishning to‘g‘ri taqsimlanishi insonni mehnat faoliyatini samarali bo‘lishini asosi hisoblanadi.

Endi dam olish to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tamiz.

Dam olish – bu kuch-quvvatni va mehnat qobiliyatini tiklashga olib keluvchi holat hisoblanadi. Mehnat qobiliyatini tiklashda eng samaralisi bu yaxshi dam olish hisoblanadi, bu bo‘sh vaqtdan samarali foydalanish imkonini beradi. Mehnat turlarini almashtrib turish, aqliy va jismoniy mehnatni, jismoniy tarbiyani normal taqsimlanishi kuch va energiyani samarali tiklanishini ta’minlaydi. Inson har kuni, har hafta dam olish kunlarida, har yili mehnat ta’tili paytida dam kelishi kerak.

Keyingi yillarda odamlarning asosiy e’tibori sog‘lom turmush tarzining asosi bo‘lgan ratsional ovqatlanishga qaratilgan. To‘g‘ri, ilmiy asoslangan tartibda ovqatlanish - bu sog‘liq, mehnatga layoqatlilik va insonni uzoq umr ko‘rishini asosiy komponenti hisoblanadi. Odam ovqat bilan birga organizmni energiya bilan ta’minlaydigan, uning o‘sishi uchun zarur bo‘lgan va to‘qimalarni faoliyatini saqlab qoladigan barcha kerakli elementlarni qabul qiladi.

Sog‘lom turmush tarzining yana bir omili, bu chiniqishdir. Chiniqishni eng keng tarqalgan shakli - toza sovuqroq suvdan foydalanish hisoblanadi. Bunga esa iliq havoda uzoq muddat sayr qilish, sayyohlik yurishlari, derazasi ochiq binoda uxlash ham kiradi.

Uyda yerda yalangoyoq yurish foydali bo‘lib, u birinchi marta 1 minut davomida bajariladi, keyinchalik har haftada 1 daqiqadan oshirib boriladi. Yilning sovuq kunlarida yayov sayr qilishga lijada, konkilarda yurishni, yengilroq kiyimlarda yengil yugurishlarni qo‘shish kerak. Past haroratga chidamlilikni yana toza havoda gimnastika bilan shug‘ullanish yoki xonani uzoq vaqt shamollatib turish ham oshiradi.

Eng kuchli chiniqtiruvchi omil – bu suv hisoblanadi. Haroratdan tashqari suv teriga mexanik ham ta’sir ko‘rsatadi, ular o‘ziga xos massaj vazifasini bajarib, organizmda qon aylanishini yaxshilaydi.

Chiniqishni suv bilan artinish yoki suv quyish yo‘li bilan amalga oshirish mumkin. Chiniqtirish dastlab harorati 33-35 gradusli suv bilan boshlanadi, keyinchalik esa har 6-7 kunda suv harorati 1 gradusga tushirib boriladi. Agar organizm tomonidan hech qanday o‘zgarish sodir bo‘lmasa, suv harorati vodoprovod suvi haroratigacha (10-12 gradus) tushiriladi.

Chiniqish uchun yana kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi omil, bu - ochiq suv havzalarida cho‘milishni bilish hisoblanadi. Bunda suvning ta’siri havo ta’siri bilan birga kechadi. Cho‘milish paytida mushaklarni kuchli ishlashi natijasida tana isiydi. Dastlab cho‘milish 4-5 daqiqa, keyinchalik asta-sekinlik bilan 15-20 daqiqagacha oshiriladi. Uzoq vaqt davomida cho‘milish paytida yoki sovuq suvda cho‘milganda kuchayib ketgan moddalar almashinuvi yo‘qotilgan issiqlikni qoplay olmaydi va organizm soviydi. Natijada inson chiniqishi o‘rniga o‘zini sog‘lig‘iga zarar yetkazib qo‘yadi.

Chiniqtiruvchi omillardan yana biri, bu quyosh nurlari hisoblanadi. U tomirlarni kengaytiradi, qon hosil qiluvchi a’zolar faoliyatini oshiradi, organizmda vitamin D hosil bo‘lishiga olib keladi. Bu, ayniqsa, bolalarda raxitni oldini olish uchun muhim hisoblanadi.

Quyosh nurlarida chiniqish davomiyligi dastlab 5 daqiqadan oshmasligi kerak. U muntazam ravishda 40-50 daqiqagacha oshirib boriladi lekin, undan oshmasligi kerak. Bunda shuni yodda tutish kerakki, quyoshda ko‘p turib qolish terini isib ketishiga, quyosh urishiga, kuyishlarga olib keladi.

Demak, sog‘liqni asosiy tarkibi shunday bo‘ladi. Esda tuting: sog‘lom turmush tarzi zamonaviy rivojlanish bosqichi uchun zarur bo‘lgan, shaxsni qimmatli xususiyatlarini ma’lum darajada oshirib beradi. Bu, eng avvalo, yuqori darajadagi aqliy va jismoniy mehnat qobiliyati, ijtimoiy faollik, ijodiy barkamollikdir. Jamiyat manfaati sifatida o‘z sog‘lig‘iga nisbatan ongli va mas’uliyatli ravishda yondashish barcha insonlar hayoti va xatti-harakatlari uchun normal holatga aylanishi kerak.

Lilya Garifulina,

 SamDTU davolash fakulteti pediatriya kafedrasi mudiri,

 Dilafruz To‘rayeva,

 kafedra assistenti.