Soha fidoyilari “Axborot-kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi
Jizzax shahrida “Central Asia – 2024”: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XVII Xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va boshqa davlatdan soha vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda axborot-kutubxona xizmati samaradorligini oshirish uchun jahon axborot resurslari bo‘yicha chiqishlar qilindi, mahorat darsi hamda sohaga doir keng qamrovli mavzularda shu’ba yig‘ilishlari o‘tkazildi. Xususan, raqamli O‘zbekiston muhitida zamonaviy bibliografiya: an’anaviy yondashuvlar va bibliografiyaning yangi formatlari, arxivlar faoliyatini samarali tashkil etish va rivojlantirishning ilg‘or usullari, mahalla va xususiy kutubxonalar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi mavzusida hududiy axborot-kutubxona markazlari rahbariyati, mutaxassislari tajriba-ko‘nikmalarini taqdim qildi.
- Anjumanda kutubxonalarda kitob yodgorliklarini saqlash va ulardan foydalanish shartlari, ularning asl qiyofasini saqlash mavzusida chiqish qildim, - deydi Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi rahbari o‘rinbosari Nargiza Saidmurodova. – Aytish lozimki, kitob yodgorliklaridan foydalanishda, jahon amaliyotida bo‘lgani kabi foydalanish imkoniyatidan ko‘ra xavfsizlikka ustuvor ahamiyat beriladi. Bu nashr etilgan asar matniga, uning moddiy o‘ziga xosligidan qat’i nazar, murojaat qiluvchi tadqiqotchilarga xizmat ko‘rsatishda asl nusxalarga bo‘lgan talablarni bajarish, ularni nusxalar bilan almashtirishga o‘ta nozik yondashuvni talab qiladi.
Respublikamizda yirik kutubxonalar, muzeylar va arxivlardan tashqari bizning kutubxonamizda ham kitob yodgorliklari saqlanadi hamda foydalanish uchun kitobxonlarga taqdim etiladi. Jumladan, bizda - Axborot-kutubxona fondini saqlash xizmati negizida nodir va alohida qimmatga ega adabiyotlar fondi 10 ming nusxani tashkil qiladi. Shundan 7456 nusxa kitob, 1963 nusxa jurnal, 16 gazeta taxlamlari (ikki nomda “Turkistanskiye vedomosti” va “Okraina”), 345 nusxa xorijiy tillardagi adabiyotlar, 49 nusxa arab tilidagi adabiyotlar, ulardan 5 tasi qo‘lyozma sanaladi.
Xalqaro konferensiya doirasidagi shu’ba yig‘ilishlarida eng faol ma’ruzachilarga Milliy kutubxona tomonidan sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, bir guruh faol xodimlarni “Axborot-kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. E’tiborlisi, ular orasida samarqandlik soha fidoyilari - Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi rahbari o‘rinbosari Nargiza Saidmurodova, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi viloyat bolalar kutubxonasi rahbari Yusuf Muhammadiyev, Nurobod tumani axborot-kutubxona markazi xodimi Dilshoda O‘tamovalar ham bor.
Mohira QAHHOROVA,
Nurobod tumani axborot-kutubxona markazi xizmat rahbari.