Soliq organlarida korrupsiyaga yo‘l yo‘q!

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasida “Soliq organlarida korrupsiyaga yo‘l yo‘q!” mavzusida tadbir o‘tkazildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda davlat soliq organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z bordi.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘layotganiga alohida to‘xtalib o‘tgandi. Chunonchi, yovuz baloning oldi olinmasa, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmasligi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmasligini qayd etgan edi.

Tadbirda aynan soliq tizimi xodimlarini “halollik vaksinasi“ bilan emlash borasida qanday ishlarni amalga oshirish zarurligi haqida atroflicha fikrlar bildirildi. Barcha sohalarda bo‘lgani kabi davlat soliq xizmati organlarida ham korrupsiyaga qarshi kurashish, ushbu illatga boshlovchi har qanday salbiy omillarning oldini olish borasida kompleks chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilayotgani haqida to‘xtalib o‘tildi.

– Davlat soliq xizmati organlarida korrupsiyaning oldini olish juda muhim masala hisoblanadi, – deydi Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi o‘z xavfsizligi bo‘limi xodimi Azizjon Tolliyev. – Chunki ushbu jinoyat soliqlardan qochish mexanizmiga keng yo‘l ochib, xodimlar o‘rtasida poraxo‘rlikka, xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlariga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida, iqtisodiyotga katta zarar yetkazib, turli ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqaradi. Viloyat davlat soliq boshqarmasi o‘z xavfsizligi bo‘limi xodimlar o‘rtasida korrupsiya, umuman, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning har qanday turiga qarshi kurashish borasida targ‘ibot tadbirlarini muntazam o‘tkazib kelmoqda. Shahar va tumanlar davlat soliq inspeksiyalarida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda profilaktik tadbirlar tashkil etilmoqda. Targ‘ibot tadbirlarida korrupsiyaning oldini olishga bag‘ishlangan videofilmlar namoyish qilinmoqda, poraxo‘rlikka sabab bo‘luvchi omillar atroflicha tahlil etilmoqda.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, taraqqiyotga tushov bo‘ladigan korrupsiyaga qarshi kurashishga barcha birdek mas’ul ekanini unutmasligi, ushbu jarayonda jamiyatning har bir qatlami faol bo‘lishi lozim. Zero, ogohlik va halollik, mas’uliyat va kasbga sadoqat ushbu jirkanch illatga qarshi kurashishda muhim mezon sanaladi.

Tadbirda korrupsiyaning naqadar jirkanch illat ekanligi, uning domiga tushganlarni qanday ayanchli oqibatlar kutayotgani aks ettirilgan “Jamiyat tanasidagi qurt” nomli videolavha namoyish etildi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.