Soliq qo‘mitasi raisi Bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga ma’qullandi

Ma’lumki, amaldagi qonun hujjatlariga binoan, Vazirlar Mahkamasi a’zolari, vazirlar lavozimga tayinlanishidan avval ularning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Behzod Musayev nomzodini ko‘rib chiqdilar.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga nomzodi ko‘rsatilgan Behzod Musayev deputatlar tomondan ko‘tarilgan savollarga atroflicha javob qaytardi. Nomzod mazkur lavozimga kirishganidan so‘ng ijtimoiy rivojlantirish masalalariga oid barcha muammolar parlament bilan yaqin hamkorlikda faol va samarali hal etiladi, degan qat’iy ishonch bildirdi.

Muhokamalar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga nomzodi ko‘rsatilgan Behzod Musayev nomzodi deputatlar tomonidan ma’qullandi, deb xabar berdi "Xalq so‘zi" nashri.