Soliqlar iqtisodiyot tayanchi
Qarorda rejaga nisbatan soliqning ortiqcha bajarilgan daromadlar qismini mahalliy byudjetda qoldirish va bu mablag‘ni hududning birlamchi zaruriy xarajatlari uchun ishlatish mumkinligi belgilangan. Demak, soliq tushumlarini ko‘paytirish borasida ishga solinmagan imkoniyatlarni topib, amalda qo‘llay olsak, mahalliy byudjet tushumlarini bir muncha oshirish mumkin bo‘ladi.
Viloyatimiz salohiyatidan kelib chiqib, boshqarmamiz viloyat moliya bosh boshqarmasi bilan birgalikda joriy yil uchun bir necha yo‘nalishlarda mahalliy byudjetga qo‘shimcha mablag‘lar zaxirasi va ularni undirish mexanizmlarini belgilab oldi. Ushbu qo‘shimcha zaxiralarni undirish uchun bir nechta aniq yo‘nalishlar har bir tuman va shahar kesimida taqsimlab chiqildi. Jumladan, jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha davlat soliq xizmati organlari va "Yergeodezkadastr" hududiy bo‘linmalari ma’lumotlar bazasini taqqoslash, mol-mulkni qayta baholash hamda yer maydonlari va mol-mulk ob’yektlarini xatlovdan o‘tkazish hisobiga qo‘shimcha mablag‘ tushirish imkoni bor. Aniqlangan qo‘shimcha yer maydonlarini davlat soliq xizmati organlari bazasiga kiritish orqali mahalliy tushumlar sezilarli oshadi. Namunaviy loyihalar asosida qurilgan uy-joylar egalarini soliq organlarida hisobga qo‘yish, tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanmayotgan jismoniy shaxslardan yer solig‘ini undirish hisobiga byudjetga qo‘shimcha mablag‘ tushirish mumkin. Bunda dastlab, tomorqasini qarovsiz qoldirganlar ogohlantiriladi. Agar fuqaro ogohlantirishdan so‘ng ham tegishli xulosa chiqarmasa, soliqni 3 barobar ko‘p to‘laydi.
Tegishlicha davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan va ijara shartnomasi tuzmasdan noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan savdo, umumiy ovqatlanish va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’yektlarining qonuniy faoliyatini ta’minlash evaziga qo‘shimcha daromadga erishiladi. Bozorlar va savdo komplekslariga tutash hududda joylashgan avtomobillarni vaqtincha saqlash joylarini bozorlar tasarrufiga o‘tkazish orqali avtoturargohlardan qat’iy belgilangan soliq va bir martalik patta yig‘imlaridan ham qo‘shimcha daromad olish mumkin.
O‘rindoshlik asosida ishlayotgan va bir necha manbalardan daromad topayotgan, transport vositalari va binolarni ijaraga berish hisobiga daromad olayotgan jismoniy shaxslardan deklaratsiya asosida qo‘shimcha soliq undirish mumkin. Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotilgan siqilgan gaz, benzin, dizel yoqilg‘isi hajmlaridan kelib chiqib, byudjetga iste’mol solig‘ini to‘liq undirish ham soliqlarni ko‘paytiradi. Tabiiy resurslar – qum, shag‘al, gips, ohak va boshqa yer qa’ri topilmalaridan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini kameral nazoratdan o‘tkazish va monitoring olib borish, fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari va ularning me’yoriy qiymatidan kelib chiqqan holda, byudjetga qo‘shimcha manba jalb qilish mumkin.
Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda hisobotlarni va ishchi-xodimlarni monitoring qilish orqali ishsizlar soni va tadbirkorlar faoliyati real baholanadi. Yagona soliq to‘lovchi mikrofirma va kichik korxonalarning egallagan yer maydonlarini qayta o‘rganish, bo‘sh turgan binolarni xatlovdan o‘tkazish ham yangi imkoniyat yaratadi. Shu bilan birga, mol-mulk va yer solig‘idan mavjud qarzdorlikni bartaraf etish, sud qaroriga ko‘ra, soliq qarzdorligini undirish bo‘yicha majburiy ijro byurosiga yuborilgan, musodara qilingan mol-mulk va tovarlarni realizatsiya qilish hisobiga ham viloyat taraqqiyoti uchun kattagina summa to‘planadi. Yo‘l harakati xavfsizligi idoralari bilan hamkorlikda aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar va joylardagi yuk tashish xizmatlari faoliyatini qonuniy asosda tashkil etish orqali tadbirkorlik sub’yektlari sonini ko‘paytirishga erishiladi.
Mazkur harakatlar natijasida qo‘shimcha soliq majburiyatlari to‘liq bajarilsa, avvalo, viloyatimizdagi kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni uy-joy bilan ta’minlash uchun boshlang‘ich badal to‘lab beriladi. Har bir tumanda namunaviy mahalla guzari tashkil qilinadi. Shuningdek, aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash, irrigatsiya tarmog‘i, ta’lim muassasalari, inshootlari qurish imkoniyatlari oshadi.
Yurtimizda aholining farovon yashashi, tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishlari uchun zarur choralar ko‘rilmoqda. Bunga soliq to‘lovchilar ham munosib javob qaytarsa, mamlakatimiz taraqqiyoti yanada tezlashishi shubhasiz.
Zafar NORQO‘ZIYeV,
viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i.