So‘rovnoma yakuni: viloyat aholisi vakillari jamoat transporti xizmatidan rozi emas
Tugayotgan oyda Samarqand viloyatida jamoat transporti holatini o‘rganish maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi tomonidan ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi.
Xususan, "Siz ko‘pincha qaysi transport vositalaridan foydalanasiz?", degan savolga ishtirokchilarning aksariyat qismi jamoat transportidan, jumladan avtobuslar xizmatidan foydalanishini bildirgan. Keyingi javoblarda esa ishtirokchilar yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilar hamda shaxsiy transportdan foydalanishlarini bildirgan.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, viloyatda avtobus va taksilar boshqalariga qaraganda ommabop va talab yuqori transport vositasi hisoblanadi.
"Yashash hududingizdagi jamoat transporti faoliyatini qanday baholaysiz?", deb berilgan savolga respondentlarning 45,6 foizi - mutlaqo qoniqarsiz deb baholagan.
Shuningdek ishtirokchilarning 34,5 foizi "Keyingi yillarda Samarqand shahrida jamoat transporti holati qisman yaxshilanmoqda", degan fikrda. Qolgan ishtirokchilar fikricha esa holat o‘zgarmagan.
Respondentlar bugungi kundagi jamoat transporti faoliyatida kuzatilayotgan, yo‘lovchilarga noqulaylik keltiradigan holatlar bo‘yicha ham fikrlarini bildirishgan.
Xususan ijtimoiy so‘rovda ishtirok etgan fuqarolarning 54,4 foizi ertalabki vaqtlarda avtobuslarning kam bo‘lishini bildirgan. Qolgan ishtirokchilar esa avtobuslar yo‘nalish bo‘yicha qatnovni erta tugatishi, transport vositasining yomon holati (eski, chang, o‘rindiqlari olib tashlangani kabi), narx va sifat o‘rtasidagi nomutanosiblik, haydovchi va konduktorning yo‘lovchilarga qo‘pol munosabati kabilarni sanab o‘tgan.
Eng ko‘p respondentlar o‘zlarining quyidagicha fikrlarini qoldirgan:
1. “Jamoat transporti grafigi degan tushunchaning o‘zi yo‘q”.
2. “Avtobus sig‘imidan 2-3 baravar ko‘p yo‘lovchi olinadi”.
3. “Puli to‘langach, chipta berilmaydi”.
4. “O‘rindiqlar olib tashlangan”.
5. “Yo‘llar tirband”.
6. “Keksalar va homilador ayollar uchun o‘tirishga joy yo‘q”.
7. “Soat 19:00 dan keyin harakat kam”.
8. “Avtobus bekatlarda haddan ziyod qolib ketadi”.
9. “Avtobuslar notoza va yoqimsiz hid anqiydi".
10. Haydovchilar bir-biri bilan “poyga” o‘ynaydi.
11. “Yo‘lni o‘rtasida to‘xtab yo‘lovchi olishadi”.
12. “Haydovchilar avtobus boshqarishda yo‘lovchilar tik turganini hisobga olmaydi. Keskin haydaydi”.
13. “Ko‘p hollarda qaytim berilmaydi”.
Umuman, yuqoridagi javoblardan ko‘rinib turibdiki, viloyatida yashovchi aholi vakillari jamoat transporti holatini yaxshi deb baholamaydi, deya xulosa bermoqda “Yuksalish” umummilliy harakati.