Sovuq havo tufayli Samarqandda 46 foiz davlat bog‘chalari ishlamayapti

Bugun viloyatda 733 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bo‘lsa, ulardan 400 tasi, ya’ni 54 foizi anomal sovuqdan keyin 23 yanvardan ishga tushgan. 220 tasi sariq hududdagi bog‘chalar deb topilib, elektr energiyasi, tabiiy gaz bosimi yaxshilanishi bilan ishga tushadi, qolgan 113 tasi qizil hududdagi bog‘chalar bo‘lib, ularda isitish tizimidagi muammolar sabab hozircha isitishning imkoni bo‘lmayapti. Bu haqda viloyat matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

2022 yilda viloyatda 435 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilib, qo‘shimcha 47179 nafar bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi, - dedi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Mamirov. – Shuningdek, 274 ta bir yillik bepul majburiy maktabga tayyorlov guruhlari tashkil etilib, 8433 nafar 6 yoshli bolalar qamrab olindi. Natijada 6 yoshli bolalar qamrovi 91 foizga yetkazildi. O‘tgan yili maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar qamrovi 69,7 foizga yetdi.

Shuningdek, viloyatning olis va chekka hududlarida 20 ta, ya’ni Urgut tumanida 6 ta, Nurobod tumanida 6 ta, Qo‘shrabot tumanida 8 ta zamonaviy davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurib, foydalanishga topshirildi. Qurilishga viloyat mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 26,9 mlrd so‘m ajratildi.
Investitsiya dasturiga ko‘ra, viloyatda 20 ta 920 o‘rinli (rekonstruksiya) va “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha 14 ta 810 o‘rinli (10 yangi, 5 ta rekonstruksiya) davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining binolari foydalanishga topshirildi.
Bundan tashqari, 10 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarining moddiy texnik bazasini yaxshilash maqsadida mahalliy byudjetdan 7,1 mlrd. so‘m ajratildi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, o‘tgan yili yangi tashkil etilgan bog‘chalar hisobidan 2917 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.