So‘zga sig‘mas bo‘ldi sharafing, shoning...

Bahor... Boboquyoshning zarrin nurlari Pomir-Oloy tog‘larining kumush qorlarini eritmoqda. Cho‘qqilardan pastga qarab chopqilab tushayotgan katta-kichik jilg‘alar Zarafshon daryosiga qo‘shilib, o‘zining kuch-qudratini namoyon etishga oshiqqanidan bo‘lsa kerak, uning o‘rta oqimidagi ko‘rkam vodiy bo‘ylab hayot ulashmakni boshladi. Biroq ko‘klam havosi o‘zgaruvchan. Ba’zan birdan sovuq zabtiga olib, qor yog‘a boshlaydi. Zum o‘tmay yana quyosh chiqib, osmon lojuvard tus oladi.

Shunday kezlarda ko‘hna Samarqand o‘zgacha tarovat kasb etadi. Yengil esgan shabada allaqayerdan yomg‘irlarni yetaklab keladi. Bundan butun borliq yanada avjlanadi. Yam-yashil maysalar abri naysondan mastona-mastona chayqaladi. Shu topda beixtiyor otashqalb shoir G‘afur G‘ulomning dilbar misralari xayolda aylanadi:

Chuldiraydi bog‘u bo‘ston irmog‘i,
Quyosh tomon cho‘zilar gul yaprog‘i,
Qurt, qumursqa, sa’va, bulbul sayrog‘i,
Qo‘shiqlarga to‘lgan olam quchog‘i,
Bahor kuyi, mehnat kuyi boshlandi.

Ammo, insof bilan aytadigan bo‘lsak, Samarqandda bahoriy evrilishlar allaqachon boshlangan. Viloyatda kechayotgan bugungi hayotbaxsh o‘zgarishlar, hamma sohalardagi yangilanish va bunyodkorliklar, odamlar tafakkuridagi yuksalishlar shuning dalili emasmi?!

Samarqand deganda, avvalo, ko‘z oldimizda tarixning turli davrlaridan so‘ylaguvchi ko‘hna obidalar, sir-sinoatlarga to‘liq qadamjolar jonlanadi. Agar bu haqida yozaman desangiz, ko‘lami bir maqolaga sig‘mas, balki ming doston bo‘lajak. Darhaqiqat, bu o‘lkada azaldan hayot qaynagan. Balki boshlanishi 3-3,5 ming yilga borib tutashar. O‘sha davrlardayoq qadim ajdodlarimiz bu manzillarni makon tutgan.

Balki bunga uning jug‘rofiy qulayliklari sabab bo‘lgandir. Relefi, asosan, kenglik bo‘ylab cho‘zilgan va shimoldan Turkiston tog‘ tizmalarining tarmoqlari — Nurota, Oqtog‘, janubdan Zarafshon tog‘ tizmalari bilan o‘ralgan bu hudud fusunkor tabiati, unumdor tuprog‘i, xush havosi tufayli insonlar uchun yashashga juda qulay hisoblangan.

Hudud foydali qazilmalarga nihoyatda boy. Oltin, kumush, volfram rudasi (Ingichka), flyuorit, kvars, ohaktosh, granit, mergel, gips, bentonit gili, abraziv materiallar, mineral bo‘yoqlar, marmar (Omonqo‘ton, G‘ozg‘on, Jom), korund konlari (Nurotaning janubi-sharqida), mineral buloqlar necha ming yillardan buyon xalqimizning hayoti farovonligini ta’minlashga hissa qo‘shib kelmoqda.

Nabotot va hayvonot olamining turfa naviyu har xil turi uchraydi bu go‘zal oshyonda. Bahor kelishi bilan tog‘ yon bag‘irlariga yaqin tekisliklarda qizg‘aldoqlar barq uradi, shuvog‘u qo‘ng‘irboshlar chayqalib, chor-atrofni ajib iforga burkaydi. Daryo sohillarini qoplagan jiyda, turang‘il, maymunjon, yulg‘un to‘qayzorlari, dashtlarga husn bergan turfa o‘simliklar, gullar, chechaklar tulki, chiyabo‘ri, jayron, tustovuq, tuvaloq, kaklik kabi turli-tuman jonzotlarga bag‘ridan joy berib, ularga rizq ulashadi.

«Ajab orasta shahredur…»

Shubhasiz, vohaning ko‘rku jamoli va dunyoni tutgan ovozasi Samarqand shahrining shon-shuhrati bilan bog‘liq. O‘tmishda bu kent qanchalik shuhrat qozongan bo‘lsa, bugungi dovrug‘i undan ziyoda bo‘lsa bor, ammo kam emas.

Bilasiz, dunyoda «Boqiy shahar» degan ulug‘ nomga sazovor bo‘lgan kentlar unchalik ko‘p emas. Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand qadim tarixi, insoniyat tamaddunida tutgan beqiyos o‘rni bois mana shu yuksak maqom bilan sharaflangan. Quvonarlisi, shu martabani bugun ham mahkam tutib turibdi.

Go‘zal tabiati, mo‘’tadil iqlimi, qulay jug‘rofiy joylashuvi, mehnatkash va mehridaryo xalqi bilan ne-ne saltanatlarga poytaxt bo‘lmadi bu go‘zal kent. Shu bois ham dovrug‘i yetti iqlimga ketgan bu shahar haqida turli afsonalar yaratilgan. Necha avlodlar shu asotirlarni eshitib ulg‘aydi. Siz bilan biz ham ularning anchasini eshitganmiz, albatta.

Hatto antik davr tarixchilari asarlarida ham ushbu shahar haqidagi ma’lumotlar uchraydi. Masalan, uning dastlabki nomlaridan biri sifatida «Marokanda» atamasi keltirilgan. Bu «Samarqand» istilohining yunoncha talqini ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Zotan, shahar hududida olib borilgan arxeologik qazishmalardan ma’lum bo‘lganidek, yuqori paleolit davrida ham bu yerda odamlar yashagan.

Asrlar davomida ushbu oshyonda qanchadan-qancha obidalar, qo‘rg‘onlar, ibodatxonalar barpo bo‘lmadi, deysiz? Afsuski, ularning ko‘pi dushmanlar tomonidan vayron etilib, tuproqqa qorishtirildi. Faqat ayrimlarigina ulug‘ ajdodlarimizning yuksak aql-zakovati, betimsol bunyodkorlik salohiyati mahsuli sifatida bugungi kungacha savlat to‘kib turibdi. Shuning uchun Samarqandning har qism tuprog‘iga ulug‘ ajdodlarimizning xoki, har qarich yerida muborak izlari, samoviy obidalar g‘ishtlarida, niliy gumbazlarida ko‘z nuri, qalb qo‘ri mujassam, desak, mubolag‘a emas.

Sohibqiron Amir Temur Samarqandni o‘zi barpo etgan markazlashgan davlatning poytaxti sifatida tanlaganida shu jihatlarni hisobga olgani aniq. Zotan, qadimdan madaniyat va ma’rifat markazi bo‘lib kelgan bu keng saltanatning qudratiga, obro‘-e’tiboriga g‘oyat mos edi. Temur va temuriylar bu go‘zal shahri azimni yanada jozibali ma’voga aylantirdi. Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida Samarqand ta’lim, ilm-fan, xususan, falakiyot kuchli taraqqiy etgan shahar o‘laroq olamga nom chiqardi.

O‘z davrida Alisher Navoiydek buyuk so‘z san’atkori, atoqli davlat arbobining Samarqandda ta’lim olgani uning naqadar yuksak mavqe kasb etganidan dalolat beradi.

Bir necha ming yillar osha Samarqandning ta’rifu tavsifi dillardan-dillarga, tillardan-tillarga o‘tib, olamaro shon-shuhrat qozondi. Natijada unga «Yer yuzining sayqali», «Nur taralib turuvchi nuqta», «Dunyo tamaddunining gavhari», «Boqiy shahar», deya ulug‘ ta’riflar berildi. Ne-ne shoirlar uning ko‘rku jamoliga atab she’ru g‘azallar, dostonlar bitmadi, deysiz. Butun insoniyat tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan olimlar u haqda ilmiy asarlar yaratdi.

Shu tariqa shaharda qurilgan obidalar, orasta bog‘lar go‘zalligi, ko‘rku tarovati dovrug‘i butun olamga keng yoyildi. Zahiriddin Muhammad Bobur «Boburnoma»da «Rub’i maskunda Samarqandcha latif shahar kamroqdur. Samarqand shahri ajab orasta shahredur…» deya yozganida zarracha mubolag‘a qilmagani, shubhasiz.

Bugungi kunda ham bu dilbar ma’vo xususida ash’orlar va ilmiy asarlar yaratilmoqda. Gapning ochig‘i, mazkur betakror kent bunga har jihatdan munosibdir.

Tarix va kelajak tutashgan manzil

Buyuk o‘tmishdan kuch va ruh olgan Samarqand tarix va kelajak tutashgan manzil sifatida bugun yangi O‘zbekistonning gavhari sifatida o‘zini namoyon etmoqda. Shahar ham suratan, ham siyratan butunlay yangilanyapti. Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning hissasi beqiyos. Buni barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz.

Oxirgi yetti-sakkiz yilda Samarqand o‘z taraqqiyotining mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ydi. Timsollar tilida aytadigan bo‘lsak, u qayta tug‘ildi va dunyoga takror yuz ochdi, ya’nikim uzukka dur joylangan kabi bo‘ldi.

Viloyatda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar va ulkan bunyodkorliklar nafaqat hudud ravnaqini ta’minlash, balki ushbu afsonaviy ma’voning dunyo sahnasidagi tarixiy o‘rni va shuhratini qayta tiklash, aholi farovonligiga erishish, yurtdoshlarimiz va sayyohlar uchun barcha zamonaviy infratuzilmani yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Viloyatning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotidagi yuksalish odamlar turmush tarzida, osoyishtalik, to‘kinlikda namoyon bo‘lmoqda. Bugun viloyatning Kattaqo‘rg‘on, Urgut, Bulung‘ur, Jomboy, Ishtixon, Narpay, xullas, qaysi hududiga bormang, sanoat keng quloch yozayotganiga guvoh bo‘lasiz. Hatto viloyat markazidan eng olis qishloqlarda ham yangi korxonalar ochilyapti. Xususan, o‘tgan yili viloyatga 928,5 mln. dollar miqdorida xorijiy investitsiya mablag‘lari jalb etilib, 147 ta loyiha ishga tushirildi. Bundan tashqari, 166 ta qo‘shma korxona ochildi va ularning soni 926 taga yetdi. Endi bu zavod va fabrikalarda minglab samarqandliklar mehnat qilayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, qanchadan-qancha oilalarga quvonch kirib kelgani, insonlarning orzu-maqsadlari ro‘yobga chiqqanini, ertangi kunga ishonchi mustahkamlanganini tasavvur etishimiz qiyin emas.

Viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bugun dunyoni zabt etayotir. Aynan shu yerda tayyorlangan kiyim-kechaklar, mebel va texnikalar, hatto rivojlangan mamlakatlar aholisining xonadonlari to‘ridan joy olmoqda.

O‘tgan yili viloyatning tashqi savdo aylanmasi 2,8 mlrd. dollarni tashkil qilgani ham, aslida, shundan darak beradi. Bu ko‘rsatkich eksport hajmi 2023 yildagiga nisbatan 127 foizga oshganini ifodalaydi.

Davlatimiz rahbari yaratib bergan imkoniyat va imtiyozlar tufayli viloyat aholisi kichik biznes va tadbirkorlik borasida ham salmoqli yutuq va natijalarga erishmoqda. Ayni paytda viloyatda xususiy sektorning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 73 foizdan oshgani va mehnat bilan band aholining 87 foizdan ziyodi shu tizimda mehnat qilayotgani fikrimizning yaqqol dalilidir.

Yana bir e’tiborli jihat: 2024 yilda viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 6,9 foiz o‘sgan. Bu esa hududning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyoti barqaror tus olganidan darak beradi.

Ko‘ngillarga ko‘chayotgan obodlik

Samarqand viloyati keyingi yillarda tom ma’noda ulkan bunyodkorlik maydoniga aylandi. Bir vaqtlar yozda kavush botar chang, qishda bir qarich loy jin ko‘chalar bugun nihoyatda orasta, tekis asfaltlangan, keng va ravon yo‘llarga evrilgan. Pana-pastqam uylar o‘rnida zamonaviy osmono‘par binolar qad rostlamoqda.

Samarqand shahrining bir qancha ko‘chalari kesishgan nuqtalarda yer osti yo‘llari barpo etildi. Aholini shinam va arzon uy-joy bilan ta’minlash alohida dastur asosida amalga oshirilmoqda. Xususan, «Qorasuv» massividagi 100 ming kishi yashashiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, «Yangi O‘zbekiston» massividagi 1294 kvartirali 36 ta ko‘p qavatli imorat allaqachon o‘z egalariga topshirildi. Vohada ko‘p qavatli uylar qurish izchil davom etmoqda.

Bu bunyodkorliklar qatoriga «Obod qishloq» dasturi doirasida olib borilayotgan ishlarni — qishloq va mahallalar yo‘llari tekislanib, asfalt qilinayotgani, xonadonlarga ichimlik suvi tarmoqlari tortilayotgani, tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha muammolar hal qilinayotganini ham qo‘shsak, bu ezgu ishlarning ko‘lami va ahamiyatining zalvari yanada oshadi.

Bugun samarqandliklar bilan suhbatlashsangiz, ularning kayfiyati ko‘tarinkiligini, ruhi balandligini darrov sezasiz. Turmush tarzidagi, yon-atrofidagi o‘zgarishlar ularning ongu tafakkuriga, hayotiy qarashlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini bot-bot tilga olishadi. Aholi bandligini ta’minlash, kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etish, jonajon Vatanimizning rivojiga hissa qo‘shaman, degan har bir yurtdoshimizga ko‘maklashish — qisqacha aytganda, el-yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashash mutasaddi rahbarlardan tortib oddiy odamlargacha hayot tamoyiliga aylanib borayotgani quvonarli, albatta.

Shu ma’noda, kelgusi marralar yanada baland olingan. Jumladan, joriy yilda viloyatda 320 mingta yangi ish o‘rni yaratish bo‘yicha tasdiqlangan rejaning ijrosini ta’minlash, har bir mahalla drayveridan kelib chiqib shakllantirilgan 45 mingdan ziyod loyihalarni ishga tushirish, «turizm mahallalari» va «turizm qishloqlari»ni ko‘paytirish, eksportni 850 mln. dollargacha oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Eng asosiysi, viloyatdagi 16 ta tuman (shahar) va 1126 ta mahallaning har birini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularni kambag‘allik, ishsizlik va jinoyatdan xoli hududga aylantirish, «Obod mahalla — obod ko‘cha — obod xonadon» mezonlarini hayotga tatbiq etish ishlari aniq dastur hamda mablag‘ bilan ta’minlangan holda amalga oshirilmoqdaki, bu ko‘zlangan natijaga erishishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Muhimi, barcha sohada Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar viloyatning rivojlanish strategiyasi o‘laroq samarqandliklarni bir maqsad yo‘lida jipslashtirib, ularni olg‘a harakatlantirmoqda. Bu viloyat yaqin istiqbolda yuksalishning yangi pog‘onasiga ko‘tarilishiga zamin yaratadi.

Ziyoratchilar talpinadigan maskan

Bugun butun dunyo bu go‘zal va betakror manzilga talpinmoqda, desak, sira mubolag‘a bo‘lmaydi. Haqli savol tug‘iladi: nima uchun jahonning turli burchagidan odamlar Samarqandga kelishga, oldin kelganlar uni yana ko‘rmoqlikka orzumand?

Buning qator omillari bor. Avvalo, sal ilgariroq aytib o‘tilganidek, bu yerdagidek tarixiy obidalar olamdagi kamdan-kam davlatlardagina bor. Ammo hozirgi zamonaviy dunyoda buning o‘zi kamlik qiladi.

Unda, sabab nimada?

Nazarimizda, oxirgi yillarda Samarqandda ro‘yobga chiqarilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorliklar, ya’ni sayyohlarga yaratib berilayotgan shart-sharoit va qulayliklar muhim omillardan biri, desak, ayni haqiqat.

Bilasiz, hozirgi zamonaviy dunyoda aeroport va temir yo‘l vokzali har bir hududning o‘ziga xos «darvozasi» sanaladi. Bu «darvoza» qanchalik orasta va ohanraboli bo‘lsa, sayyohlar oqimi shunga mos bo‘ladi.

Samarqand aeroportini ko‘z oldimizga keltirib ko‘raylik. Yuqoridan qarasangiz, u ochiq turgan kitobni yodga soladi. Bunyodkorlar bu bilan nimani ko‘zladi ekan?

To‘g‘ri topdingiz, bu, avvalo, Samarqand dunyodagi barcha insonlarga ochiqligini, unga tashrif buyurganlar bir olam ma’lumot va taassurotlarga ega bo‘lishini, agar ko‘rgan-kechirganlarini bitishni niyat qilishsa, u katta kitobga aylanishini bildiradi. Biz shunga qo‘shimcha sifatida O‘zbekistonda olib borilayotgan ochiqlik siyosatining o‘ziga xos ifodasi, degan bo‘lardik.

Samarqand temir yo‘l vokzali va unga olib keluvchi «uchar tulporlar» haqida ham shu singari fikrlarni bildirish mumkin.

Tasavvur qiling: Toshkentdan qadim kentga qarab yo‘lga tushdingiz. O‘sha «uchar tulporlar» sizni yoki xorijlik sayyohni qisqa fursatda tarixiy go‘shaga eltadi. Davomi ma’lum: har qanday chet ellik o‘zini betakror ertaklar olamida ko‘radi.

Xorijiy sayyohlarni yanada kengroq jalb etish maqsadida Samarqandda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilayotganini yana bir bor aytib o‘tish joiz. Keyingi yillarda qadim obidalar, madrasayu masjidlar, xonaqohu maqbaralar va boshqa noyob me’morchilik yodgorliklari qayta ta’mirlandi. Jumladan, Registon maydoni, Shohi Zinda, Hazrati Xizr, Ruhobod, Dahbed, Nodir devonbegi ziyoratgohlari, Bibixonim jome masjidi, Ulug‘bek rasadxonasi, Xoja Doniyol, Xo‘ja Ahror Valiy, Moturidiy, Amir Temur maqbaralari tarixiy qiyofasiga uyg‘un ravishda qayta ta’mirdan chiqarildi.

Islom olamining tabarruk ziyoratgohlaridan biri bo‘lgan mo‘’tabar qadamjo — Imom Buxoriy majmuasi butunlay yangi qiyofa kasb etayotir.

Hadis ilmining sultoni sifatida dunyoda nom qozongan Imom Buxoriy bobomiz musulmon olamining faxri hisoblanadi. Buyuk muhaddisning Samarqanddagi tabarruk qabrini ziyorat qilish uchun har yili yurtimizga dunyoning turli burchaklaridan minglab musulmonlar keladi.

Shu bois bu yerda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019 yilda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Undan keyin ushbu ziyoratgohda Imom Buxoriy majmuasini qaytadan barpo qilish maqsadida yangi loyiha bo‘yicha rekonstruksiya ishlari boshlandi. Bu yerda qariyb 10 ming namozxonga mo‘ljallangan masjid, to‘rtta minora, ayvonlar barpo etildi.

Davlatimiz rahbari bir necha bor Imom Buxoriy majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Inshootlarni bezash, hududni obodonlashtirish, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar hozirlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Endilikda bu yerga kelgan mehmonlar yer osti galereyasi orqali Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish imkoniga ega bo‘ladi. Obida devorlari milliy naqshlar, pardozbop toshlar bilan sayqallab chiqildi. Majmuadagi olti asrlik qadimiy chinorlar, qaynab chiqayotgan buloq va hovuz avvalgi holicha saqlab qolindi. Ikki gektardan ziyod maydon ko‘kalamzorlashtirildi, uning atrofida xiyobon, mehmonxonalar, ikki yonida madaniy-maishiy inshootlar barpo etildi.

Hozirgi paytda majmuaga ziyoratga kelgan mehmonlar uning mahobati va salobatidan hayratga tushadi. Qalbida faxr-iftixor tuyg‘usini his qiladi.

Yangi surat va siyrat kasb etgan Imom Buxoriy majmuasining joriy yilda qayta foydalanishga topshirilishi Samarqandda ziyorat turizmi imkoniyatlari yanada kengayishiga hissa qo‘shadi.

Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi

Samarqand Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi»ga aylantirilmoqda. Ana shu ezgu maqsad yo‘lida amalga oshirilgan megaloyihalardan biri — davlatimiz rahbari Qoyasi va tashabbusi asosida bunyod etilgan «Buyuk Ipak yo‘li» xalqaro turizm markazidir.

Bu muhtasham majmua nafaqat Samarqandning yangi qiyofasini belgilab, turizm imkoniyatlarini yangi bosqichga ko‘tardi, balki xalqimizning yuksak aql-zakovati, ulkan bunyodkorlik salohiyati va fidokorona mehnati mahsuli sifatida Vatanimiz tarixidan joy oldi.

«Buyuk Ipak yo‘li» xalqaro turizm markazi yiliga 2 million sayyohga xizmat qiladigan ko‘p tarmoqli majmuadir. Markaz tarkibida «Boqiy shahar» majmuasi, Kongress-xoll, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va ko‘plab boshqa ob’yektlar mavjud.

Ulug‘vor va zamonaviy me’moriy ansambl qadimiy hamda navqiron kentning shonli o‘tmishdagi asl o‘rnini qayta tiklashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qisqa fursatda majmua dunyo siyosatchilari maslahatlashadigan, oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkaziladigan oshyonga aylandi. Masalan, keyingi ikki yilda bu yerda yigirmadan ortiq xalqaro maqomdagi tadbirlar tashkil etildi. Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari uchrashuvi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruv kengashining yillik yig‘ilishi hamda Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi o‘tkazildi. Ushbu nufuzli tadbirlarga kelgan minglab mehmonlar O‘zbekistonning qadamjolari, bugungi hayoti bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Xususan, ular Samarqandning diqqatga sazovor joylarini ko‘zdan kechirib, Yer yuzida shunday jannatmonand o‘lka borligini yakdillik bilan e’tirof etishdi.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 29 noyabrdagi «Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida hududda turizmni rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan. Jumladan, joriy yilda Urgut, Toyloq, Samarqand, Pastdarg‘om tumanlari va Samarqand shahri hududidan o‘tgan Darg‘om kanali bo‘yida 35,7 kilometr masofada ko‘ngil-ochar savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlaridan iborat turistik marshrut tashkil etiladi.

Shuningdek, viloyat miqyosida turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan o‘nlab loyihalar, tadbirlar hayotga tatbiq qilinadi. Masalan, Konigil va Tersak mahallalari tajribasi asosida tumanlardagi 14 ta hududga «turizm qishlog‘i» maqomi berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shunga mos holda tashkil etiladigan mehmon uylari, xostel, kemping, o‘tovlar, havo sharlari, paraplan, osma dor yo‘li singari zamonaviy turistik xizmatlar, gastronomik maskanlar, savdo nuqtalari hisobiga ikki mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Shu asosda Samarqand shahri va qator tumanlarda hudud sharoiti hamda geografik joylashuvidan kelib chiqilgan holda turli yo‘nalishlardagi xalqaro festivallar o‘tkaziladi.

Narpay kanalining Kattaqo‘rg‘on shahri hududidan o‘tgan qismida investorlar tomonidan yengil konstruksiyali savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini o‘zida jamlagan gastronomik ko‘prik majmuasi quriladi. Shuningdek, 2026 yilga borib Urgut tumanining Chorchinor tog‘li hududida qiymati 25 mln. dollar bo‘lgan zamonaviy dor yo‘li va turizm majmuasi qurilib, ishga tushiriladi.

Joriy yil kuzda Samarqandda YuNESKO Bosh assambleyasining 43-sessiyasi o‘tkaziladi. Ushbu oliy darajadagi anjumanga dunyoning yuzdan ortiq davlatlaridan 6 mingdan ko‘proq ishtirokchilar kelishi kutilmoqda.

E’tiborli tomoni shundaki, ushbu nufuzli tadbir shu vaqtga qadar Parijdan boshqa shaharda o‘tkazilmagan. Shu nuqtai nazardan, YuNESKO Bosh assambleyasi sessiyasining Samarqandda tashkil etilishi tarixiy voqelik bo‘lib, ko‘hna va navqiron kent sayyohlik salohiyatining yana bir xalqaro e’tirofidir.

Uyg‘oning va uyg‘oting

Qadimdan ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, ma’rifat beshigi bo‘lib kelgan Samarqand bugun mamlakatimizda ushbu sohalarga qaratilayotgan e’tibordan kelib chiqqan holda azaliy o‘rnini, tarixiy mavqeini qayta tiklashi kerak.

Viloyatda hozirgi kunda zamonaviy ta’lim maskanlari, yangi oliygohlar faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani rost. Endigi masala — jahon talablariga mos kadrlar tayyorlash, zamonamizning ilg‘or fikrli avlodini kamolga yetkazish, madaniy-ma’naviy, badiiy saviya jihatidan viloyatni chinakam lokomotivga aylantirishdir.

Taassufki, viloyatda kitobxonlik, gazetxonlik, adabiyotni yanada rivojlantirish bo‘yicha hali qilinadigan ishlar ko‘p. Ularni bekamu ko‘st amalga oshirish uchun, birinchi navbatda, ayni sohalarga turli darajadagi rahbarlarning munosabatini o‘zgartirish zarur. Badiiy asarlar, gazeta, jurnallar o‘qishda, avvalo, rahbarlar o‘zlari faollik ko‘rsatishi, boshqalarga o‘rnak bo‘lishi hamda ularning targ‘ibotini yanada kuchaytirishi lozim. Mutolaa madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha Samarqand tajribasi yaratilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.

Zotan, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lish, ularning o‘zak mag‘zini chuqur tushunish va ijrosiga sidqidildan hissa qo‘shish, qalblarda el-yurt taqdiriga daxldorlik, kuyunchaklik, azmu shijoat, muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini tarbiyalash, shubhasiz, kitobxonlik, gazetxonlik bilan birgalikda kechadi. Mutolaa insonni komillik sari eltuvchi eng to‘g‘ri va samarali yo‘ldir.

Hozirgi kunda davlatimiz rahbari kitob o‘qish va uning targ‘ibotida hammaga namuna bo‘lib kelyapti. Prezidentimiz xorijiy davlatlar rahbarlariga kitob sovg‘a qilishni an’anaga aylantirgan. Ta’lim, ilm-fan, madaniyat, adabiyot masalalari yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishlarida, yurtimiz ziyolilari, yoshlar bilan uchrashuvlarida kitob va matbuot nashrlari mutolaasi muhimligini, ular targ‘ibotini yanada kuchaytirish lozimligini bot-bot ta’kidlaydi.

Bundan har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, mutasaddilar zarur xulosalar chiqarishi, faoliyatiga ana shu mezon asosida baho berishi, gapning sirasini aytganda, qalban, ruhan uyg‘onishi va boshqalarni ham uyg‘otishga intilishi shart. Sohani yanada rivojlantirish borasida qabul qilingan qaror va farmoyishlar, berilgan topshiriq va ko‘rsatmalar ijrosini ta’minlash butun mamlakatimiz hududlari qatori Samarqand viloyatida ham bugungi kunning dolzarb masalasi bo‘lishi kerak. Binobarin, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, kitob o‘qigan, o‘zining ustida ishlagan odamda qanot bo‘ladi. U befarq bo‘lmaydi. Uning kuchi bilimida bo‘ladi.

Samarqandda kitobxonlar, gazetxonlar, bilimli, ilmli insonlar yanada ko‘paysa, viloyat yanada taraqqiy etadi, gullab-yashnaydi.

Bugun O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish, bahoriy yangilanishlar nafasi kezmoqda. Yuqorida aytganimizdek, Samarqandda ham bahor allaqachon o‘z sepini yoyib, mo‘’jizaviy qudratini namoyon etmoqda. Ishonchimiz komilki, bu yerdagi o‘sish, o‘zgarish boshqa hududlarnikidan butunlay boshqacha, o‘ziga xos va azaliy mavqeiga mos bo‘ladi. Samarqand bahori hali husnu malohatini, latofatini, sehru jozibasini yanada to‘liqroq, yanada ravshanroq, yanada mukammalroq ko‘rsatib, barchani ortidan ergashtiradi.

Holbuki, kelajak poydevoriga tamal toshini qo‘ygan uchinchi Renessans bizni bir maqsad yo‘lida jipslashtirishdan tashqari, kelajakka ishonchimizni yanada mustahkamladi, yangi kunni umid bilan kutib olishga ruhlantirdi. Ishonch bo‘lgan joyda muvaffaqiyatlar, yutuqlar bardavom bo‘ladi. O‘rta asrlarda dunyo hamjamiyati tomonidan Amir Temur bobomiz va uning saltanati poytaxti — Samarqand Yevropaning xaloskori sifatida nom qozongan bo‘lsa, bugungi kunda Prezidentimiz sa’y-harakati bilan dunyo madaniy poytaxti, oliy darajadagi masalalar muhokama etiladigan xalqaro minbarga aylanmoqda.

Temurbek boshlagan boqiy mashvarat,
So‘nmas ezgulikning baxti, shukuhi.
Hilpirar totuvlik bayrog‘i abad,
Tamal toshi erur Samarqand ruhi.
Bu zamin ruhidan kuch olib yana
Kundan-kunga sayqal topmoqda jahon.
Ezgulik har yerda qilar tantana,
Har kimning iqboli bo‘lar nurafshon.
So‘zga sig‘mas bo‘ldi sharafing, shoning,
Go‘zalsan, ko‘rkamsan ta’rifga monand.
Sen, axir, ulug‘ yurt — O‘zbekistonning
Boshiga tojdirsan, mangu Samarqand!

O‘tkir RAHMAT.