So‘zi va ishi bir saxiy inson

Chin ustoz, murabbiy, zukko olim, sadoqatli do‘st, yurtparvar inson nomiga umrbo‘yi ega bo‘lish  hamma ziyoliga ham nasib qilavermaydi. Taniqli olim Muslihiddin Muhiddinov ana shu nomga har jihatdan munosib, desak xato qilmaymiz.

Hayot yo‘limda ko‘plab mashhur o‘zbek ziyolilari bilan ishlaganman, muloqotlar qilganman. Bundoq solishtirib ko‘rsam, ular ichida yuksak insoniylik maqomiga erishgan zotlardan biri navoiyshunos olim Muslihiddin Muhiddinov ekan.

Domla bilan ular tug‘ilib o‘sgan Urgut tumanining Mergancha qishlog‘ida ilk marotaba tanishganman. Bu 1988 yilning so‘lim bahor oylari edi.  Nashriyotda birga ishlaydigan do‘stim Abduvali Qutbiddin (Alloh rahmatiga olsin) taklifiga binoan, ustozim professor Najmiddin Komilov (Alloh rahmatiga olsin), shoir Aziz Said va kamina Sayyid avlodlari yashaydigan qishloqqa mehmonga borgan edik.

Esimda, dilkash suhbat keng hovlining supasida tongotargacha davom etgan. Shaharning chang havolaridan siqilgan yuraklarning qulfi dili ochilib ketgan edi o‘shanda. Ko‘ngli va ruhi yaqin odamlarning mayin, mazmunli fikrlari poyoni yo‘qdek edi... Oppoq soqolli Quddus eshonboboning  o‘nlab g‘azallarni yoddan bilishi, ustozimizning tasavvuf sir-sinoatlaridan so‘ylashi, Abduvali va Azizning rumiyona she’rlari  davraga huzur bag‘ishlagan. Biz mumtoz va zamonaviy adabiyot, tarix, din, jamiyat hayoti xususida shirin suhbat qurdik.

Shu bilan birga, ushbu sulola maqomini ikki pog‘ona ko‘targan, qatag‘on yillari Stalinobod (hozirgi Dushanbe shahri) atroflarida jon saqlagan Shayx Qutbiddin eshon Muhiddinovning porloq xotirasini yodga oldik.  Shayx umrining oxirlarida Toshkentga qaytib, 72 yoshlarida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan va “Navoiy asarlari izohli lug‘ati”ning tuzuvchilaridan biri bo‘lgan edilar. Bul zotning xizmati shuki, o‘zbek eliga Najmiddin Komilovdek buyuk olimni yetishtirib, tasavvuf olamiga olib kirdi.

O‘sha oqshom bizni indamaygina kuzatib turgan kamtar siymo bilan tanishdik. Taxminan qirq besh yoshlardagi, yuzidan nur yog‘ilib turgan bu kishi urgutliklarning faxri bo‘lgan Quddus eshonboboning inisi,  Abduvali Qutbiddin esa muborak avlodning suyukli nevarasi edi.

Keyinchalik domla bilan yaqindan tanishib, muloqotlar qilib, insoniylik va olimlik fazilatlariga tan berdim, ham katta saboqlar oldim. Domla Samarqand dorilfununida dars berardi. Muslihiddin aka 1990 yillarda hazrat Alisher Navoiyning ijodlariga oid doktorlik ishini himoya qilganidan so‘ng, uzoq yillar prorektor lavozimida ishladi. So‘nggi yillarda filologiya sohasiga doir ixtisoslashgan ilmiy kengashni mohirona boshqardi.  Yuzlab iste’dodli shogirdlarni ilm, ma’rifat yo‘liga olib kirar ekan, to‘g‘rilik, adolatpeshalikdan chekinmadi.  Har gal yoshi ulug‘ligi, yetmishdan saksonga qarab ketayotganligini hisobga olib, ushbu jamoat ishini topshirishga chog‘lanar ekan, “Domla,  Siz  ketsangiz,  tarafkashlik va adolat tarozisi buzilishi mumkin”, deya rad javobini olardi.

Men domla siymosida bugungi zamonning komil shaxsini ko‘rganday bo‘laman. Kitoblarda yozilganidek, Komil inson dunyoviy va ilohiy bilimlarni egallagan, qalbi pokiza zotdir.  Navoiy bobomiz ta’kidicha:

Foniyvasheki, ham so‘zidur pok, ham o‘zi

Xush davlat ul kishigaki, tushgay aning ko‘zi.

Qariyb qirq yillik tanishligimiz davrida  domlaning fe’l-atvori, xarakteri, muomalasi o‘zgarganini ko‘rmadim: hamisha bosiq, sokin, xotirjam, odobli, o‘ta madaniyatli. Yuzlarida islomiy nur balqib turadi.

Men domlani Samarqand olim-u fuzalolarining peshqadami, xalqimizga ibrat qilib ko‘rsatishga loyiq inson, deb bilaman va hurmat qilaman. Shu bois, qadimgi poytaxtga ishlashga kelgan hokimlar birinchi navbatda Muslihiddin domlani huzuriga  chaqirib, el-ulusning xarakteriga xos bo‘lgan baland-past joylarini surishtirishadi. Bilishadiki, iymonli, farosatli, yurtiga sadoqatli bu zot aldamaydi va oqil maslahatlar beradi.

Ha, Muslihiddin Muhiddinov bosib o‘tilgan sharafli umr yo‘li davomida Samarqand viloyati ahli, xususan, Samarqand dorilfununi rivoji uchun katta xizmatlar qildi. Albatta, bu xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib baholanib, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” unvoni va “El-yurt hurmati” ordeni bilan siylandi.

Domla maqtovni unchalik yoqtirmaydilar. Aksi bo‘lganida, domlaning ancha-muncha xislatlari va xizmatlari haqida yana ko‘p fikrlar va dalillarni keltirishim mumkin edi. Hali ustozning shuncha tashkiliy ishlaridan ortib, 15 ta monografiya, 10 ta darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, 400 ga yaqin ilmiy-nazariy maqolalar muallifi, 20 dan ziyod fan doktori va nomzodlarining ilmiy rahbari  ekanligi hamda bunday natijaga uyqusiz tunlar evaziga erishilgani haqida gapirib o‘tirmadim. Eng muhim xulosamiz: farzand-u arjumandlari, hamkasblari, shogirdlari, hatto davrimizning davlat va jamoat arboblari nazdida domla so‘zi va ishi bir saxiy inson sifatida qadrli hisoblanadi.

Bunday maqomga yetishmoq osonmi? Menimcha, bu juda qiyin ish. Avvalo, buning uchun tasavvuf va hayotni, jamiyat, adabiyot, siyosat, falsafa ilmini, hazrat Navoiyning ijodini puxta bilish, so‘fiyona hayot kechirish talab etiladi. Istagimiz shulki, Muslihiddin domlaga o‘xshagan surati va siyrati pok siymolar jamiyatimizda ko‘paysin.

Baxtiyor OMONOV,

siyosiy fanlar doktori,  professor.