Sport maktablarida qachon tartib o‘rnatiladi?

Yoshlar siyosati va sport vazirligi yoshlar siyosatini amalga oshirish va muvofiqlashtirish departamenti direktori Azim Xolmahmatov rahbarligidagi ishchi guruhi Samarqanddagi sport inshootlarining holati, yotoqxonalar, kutubxona, o‘quv xonalari, tibbiyot xonalari, para-sportchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Ishchi guruh sport inshootlaridagi oshxona, ovqatlanish ratsionlari, dori-darmon ta’minotlari hamda yoshlar yetakchilarining faoliyatini o‘rganib, muammo va kamchiliklarni mutaxassis va mas’ullar ishtirokida batafsil o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, viloyatda faoliyat yuritayotgan barcha sport maktablarida “ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimiga tegishli ma’lumotlar (sport guruhlari, razryadlar, toifalar, faoliyat yuritayotgan xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar) o‘z vaqtida sifatli va to‘liq joylashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilmagan. Urgut, Past Darg‘om va Jomboy tumanlaridagi sport maktablarida sport inventarlaridan foydalanish uchun tegishli choralar ko‘rilmagan va tibbiyot bo‘limlarida ayrim dori-darmon vositalarining muddati o‘tib ketgan va yaroqsiz holda saqlanib kelinmoqda.

Shuningdek, Urgut tumanidagi 1-son sport maktabi suzish basseyni, yuvinish va hojatxonalardan samarali foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmagan. Past Darg‘omdagi 1-son sport maktabining suzish basseyni, yuvinish va hojatxonalari esa ta’mirtalab holatga kelib qolgan. Buning ustiga sport maktabining tuman gaz ta’minoti bo‘limidan 315 million so‘m qarzi bor.

Jomboy tumani sport maktabida noolimpiya sport turlarini rivojlantirishga e’tibor qaratilgan, biroq olimpiya sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish uchun yetarli ishlar amalga oshirilmagan.

Toyloq tumanidagi sport maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bilan suhbatlashilganda, u yetarli bilim va ko‘nikmaga ega emasligi, vazifasidan kelib chiqib, bajarilishi zarur bo‘lgan haftalik va boshqa ish rejalari tuzmasdan ishlab kelayotganligi aniqlandi. Bulung‘urda trener-o‘qituvchilarning ishga olish qoniqarsiz. Yoshlar siyosati va sport vazirining buyrug‘iga asosan sport maktabining asosiy bazasida 25 foiz trener-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatishi kerak, ammo tumanda bu ko‘rsatkich 17 foizdan oshmaydi.

Viloyatdagi mahalla yoshlar yetakchilari faoliyati o‘rganilganda yoshlar “yashil”, “sariq” “qizil” toifalarga ajratilgani, og‘ir toifadagi yoshlar bilan ishlash maqsadida tuman va shahar mas’ul rahbarlari biriktirilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, yoshlarning muammolari aniqlanib, ularga amaliy yordam ko‘rsatilgan, o‘rta toifadagi ishsiz yoshlar bilan ishlash maqsadida bandlik dasturlari ham ishlab chiqilgan.

- Markazlarga o‘quvchi-sportchilar qabul jarayonlarini shaffof o‘tkazish uchun elektron platforma mexanizmini ishlab chiqish va imtihon jarayonlariga viloyatlardan mutaxassislar jalb qilish zarur, - dedi A.Xolmahmatov. – Shuningdek, yoshlar siyosati va sport vazirligi qoshida sport muassasalarini xalqaro standartlarga javob beradigan yagona sport inventarlari va jihozlari bilan ta’minlaydigan alohida ta’minotchi tashkilotni tashkil etish, sport ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiy bo‘lim faoliyatini soddalashtirish va jonlantirish zarur.

Yig‘ilishda yoshlar siyosati va sport vazirligining viloyat yoshlar siyosati va sport hamda yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmalari mas’ullariga tuman (shahar), mahalla tizimidagi mas’ul xodimlarni kasbiy malakasini doimiy oshirib turuvchi o‘quv-uslubiy markaz faoliyatini tashkil qilish, “og‘ir” toifadagi yoshlar bilan ishlash, yoshlarni rasmiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha tavsiya va takliflar ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.