SSV: 2023 yilda “Tez yordam”ga Samarqanddan 19 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan
Tez tibbiy yordam xizmati faoliyatiga salbiy ta’sir etuvchi omillar ko‘p. Ayniqsa, yolg‘on chaqiriqlar sababli aksariyat hollarda tibbiyot brigadalari chaqiriq manziliga o‘z vaqtida yetib bora olmaydi.
Raqamlarni tahliliga ko‘ra, 2023 yilda “103” xizmatiga jami 3505 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan. Mazkur ko‘rsatkichni 2022 yil bilan taqqoslaganda, asossiz murojaatlar soni sezilarli darajada kamayganini ko‘rish mumkin.
Ammo shunga qaramay, ayrim hududlarda yolg‘on murojaatlar soni hamon yuqoriligicha qolmoqda. Masalan, 2023 yil davomida eng ko‘p bunday chaqiriq Toshkent viloyatida qayd etilib, bu raqam 630 tani tashkil etdi. Keyingi o‘rinda 518 ta chaqiriq bilan Farg‘ona viloyati joylashdi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidan 502 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.
Eng kam yolg‘on chaqiriq esa Samarqand viloyatida ro‘yxatga olindi — 19 ta.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.